Alloh (arabcha: الله) — Islom dinida Xudoning nomi. Qurʼonda99 nom bilan sifatlangan. Arabshunoslikda Alloh soʻzi al-ilah deb tushuniladi. Al birlik aniq artikli (الـ) va ilah (إلٰهٌ) — xudo maʼnosini bildiruvchi soʻzning qoʻshilishi natijasida hosil boʻladi, deb ishoniladi. Injildagi yahudiycha „Elohim“, oromiycha „Elah“, suriyacha „Alah“ va akkadcha „El“ deyiluvchi nomlari bor.
Agar Allohga doʻst boʻlishni xohlasangiz, nafsingizdan qoʻrqing! Agar Allohga doʻstlikning mazasini biroz tatib koʻrganingizda edi, Undan uzilib qolishning naqadar achchiqligini bilgan boʻlardingiz[1].
Allohdan qoʻrqib yigʻlashim va koʻz yoshlarimning yuzimga oqishi tanam ogʻirligicha tilloni sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir. Qaysi banda Alloh taolodan qoʻrqib yigʻlasa-yu, koʻz yoshidan bir tomchi yerga tushsa, toki tomchi osmonga chiqib ketmagunicha unga doʻzax oʻti tegmaydi. Holbuki, osmondan tushgan tomchi qaytmagani singari u ham hech qachon samoga qaytmaydi. Dunyoda Allohdan qoʻrqib yigʻlagan kishiga hech qachon doʻzax oʻti yetmaydi[5].
Allohdan qoʻrqishning alomati yetti narsada ayon boʻladi: tilida – yaʼni, tilini yolgʻondan, gʻiybatdan, ortiqcha soʻzlardan tiyadi, Allohning zikri, Qurʼon tilovati, ilmiy muzokaralar bilan mashgʻul qiladi; qornida – yaʼni, faqat halol narsani va hojati miqdoricha yeydi; koʻzida – yaʼni, haromga boqmaydi, dunyoga ragʻbat nazari bilan emas, ibrat nazari ila qaraydi; qoʻlida – yaʼni, uni haromga choʻzmaydi, Alloh toatidagi ishlarga uzatadi; oyogʻida – yaʼni, Alloh gunoh, degan ishlarga yurmaydi; qalbida – yaʼni, undan birodariga dushmanlik, gʻazab, hasad kabi illatlarni chiqarib tashlaydi va musulmonlarga nisbatan mehr-shafqat uygʻotadi; toatda —yaʼni, toati Alloh yoʻlida xolis boʻladi, riyo va nifoqdan saqlanadi[6].
Allohni eslatuvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin oʻzlari Allohni unutgan. Allohdan qoʻrqituvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin oʻzlari Allohga gunoh qilishga jur’atli. Allohga yaqinlashtiruvchi qanchadan-qancha kishilar bor, lekin oʻzlari Allohdan uzoq. Alloh yoʻliga chaqiruvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin oʻzlari Allohdan qochuvchi. Allohning oyatlarini oʻqiydigan qancha-qancha kishilar bor, lekin oʻzlari Allohning oyatidan tashqaridadirlar[9].
Allohning eng qudratli zot ekanligini bilib yetmagan Uni hech qachon tanimaydi. Uning qudratli ekanini qanday biladi? Uning qudrati shundaki, istaganidan olib, istaganiga beradi. Hech nimasi yoʻgʻiga oʻzidan beradi[7].
Kim Allohdan qoʻrqsa, Alloh uni saqlaydi. Kim Allohga tavakkal qilsa, Alloh unga kifoyadir. Kim Allohga shukr etsa, U unga ziyoda qiladi. Kim Allohga qarz bersa, unga ajrini ato etadi[8].