Kontent qismiga oʻtish

Clara Lemlich

Vikiiqtibosdan olingan
Clara Lemlich (1910-yil)

Clara Lemlich Shavelson (1886-yil 28-mart — 1982-yil 12-iyul) — 1909-yilda Nyu-York tikuvchilik sanoatida yuz bergan va „20 000 larning qo‘zg‘oloni“ nomi bilan tanilgan ommaviy ish tashlash yetakchisi bo‘lgan. U ushbu harakatda idish tilida nutq so‘zlab, ishchilarni faollikka chaqirgan. Keyinchalik kasaba uyushmasidagi faoliyati uchun qora ro‘yxatga kiritilgan. Lemlich AQSh Kommunistik partiyasi a’zosi va iste’molchilar huquqlari himoyachisi bo‘lgan. Umrining so‘nggi yillarida qariyalar uyida yashab, u yerdagi xodimlarni kasaba uyushmasiga birlashtirishga yordam bergan.

Iqtiboslar

[tahrirlash]

Gazetadagi maqoladan (1909-yil 26-noyabr)

[tahrirlash]

New York Evening Journal, 3-bet.

  • Sexlar haqida gapiradigan bo‘lsak, u yerda faqat bir qator mashinalargacha quyosh nuri yetib boradi. Bu derazaga eng yaqin bo‘lgan old qatordir. Boshqa qatorlardagi barcha qizlar ham kunduzi, ham kechasi gaz chirog‘i yorug‘ida ishlashga majbur. Ha, sexlarda ish kechasi ham to‘xtamaydi.
  • Sexlardagi boshliqlarni o‘qimishli odamlar deb bo‘lmaydi. Ular uchun qizlar o‘zlari boshqarayotgan mashinalarning bir bo‘lagidir.
  • Har bir mavsum boshida maoshimizdan 2 dollar ushlab qolinadi. Buning nima uchun ekanligini hech qachon bilolmaganmiz.

"Senatorlar, biz bu yerda qolamiz" (1912-yil)

[tahrirlash]

1912-yil 22-aprel — New York, Cooper Union.

  • Ayollar ulg‘aygan sari ularga qanday munosabatda bo‘lishadi? Qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham yoshi yetishi bilan fabrikaga ishlashga boradilar.
  • Keling, fabrikalarga boradigan yosh qizlarni ko‘rib chiqaylik. Dastlab ular umid va jasoratga to‘la bo‘lishadi. Ularning deyarli barchasi qachondir fabrikadan chiqib, yuqori darajaga ko‘tarilishni orzu qiladi. Biroq og‘ir sharoitlarda uzoq soat ishlash natijasida ular jasoratini va umidlarini yo‘qotadilar. Fabrikadan chiqishning yagona yo‘li — nikoh. Bunday nikoh sizga yoqadimi? Qiz bola taklif bilan chiqqan har qanday erkakka o‘zini bag‘ishlashga tayyor bo‘lib qoladi! Afsuski, ishchi qizlarimizning ko‘pchiligi tezda umidsizlikka tushadi. Chunki nikohdan keyin ham ular yana fabrikaga qaytishga majbur. Sababi — erlarining topgan puli ro‘zg‘or tebratishga yetmaydi.
  • Yarim tunda istalgan jamoat binosiga boring. U yerda erkaklar kun bo‘yi qoldirgan kirlarni tiz cho‘kib tozalayotgan keksa va o‘rta yoshli ayollarni ko‘rasiz. Bu erkaklar ayollar zimmasidagi yukni qanchalik yaxshi ko‘tarishining isbotidir.
  • Qonunlarni ishlab chiquvchi erkaklar va ularni qo‘llab-quvvatlovchi boylar 30 000 qizni ko‘chaga haydayotgan ushbu tizim uchun javobgardirlar.
  • Bu qizlar sudga olib kelinganida, ularni erkaklar sudi qanday jazolashini bilasizmi? Ular erkaklar qilgan ishlar uchun jarimaga tortiladi va jazolanadi.
  • Senatorlar, biz bu yerda qolamiz. Faqat Nyu-York shtatining o‘zida 800 000 ayol bor. Biz ko‘p narsani o‘rgandik. Sanoat sohasida tashkilot bo‘lishni o‘rgandik. Bizga imkon bering. Ishchi ayollar va erkaklar aqlli ovoz berish orqali siyosiy sohada ham o‘zgarishlar qila oladilar.

Clara Lemlich haqida iqtiboslar

[tahrirlash]
  • XX asrning birinchi yigirma yilligida saylov huquqi uchun harakat muhojir ishchi ayollar bilan to‘ldi. Ular orasida yahudiy ayollari juda ko‘p edi. Ularning soni o‘n minglab kishini tashkil etardi. Eng taniqli ikki yetakchi — Rose Schneiderman va Clara Lemlich edi. Ularning ikkalasi ham Triangle Shirtwaist fabrikasidagi ish tashlash va yong‘in voqealarining qahramonlari edi. Lemlich kommunistga aylandi, Schneiderman esa Ruzvelt demokratlariga qo‘shildi. Ikkalasi ham saylov huquqini ishchi ayollarning iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘ladi.
    • Ellen DuBois, Intervyudan.
  • Ukrainadan kelgan muhojir va umrbod radikal bo‘lgan Lemlich 1903-yilda Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan. U 1906-yildan 1909-yilgacha turli fabrikalardagi hamkasblarini ish tashlashlarga boshlagan. U Rose Schneiderman kabi o‘z davrining olovli yahudiy qizlaridan biri edi. Ular AQSh mehnat harakati tarixida chuqur iz qoldirdilar.
    • Kim Kelly (journalist), Fight Like Hell (2022)
  • An’anaviy marksistik nazariyaga ko‘ra, uy bekalari sinfiy ong nuqtayi nazaridan muammoli hisoblangan. Ularni ko‘pincha konservativ qatlam deb bilishgan. Ayollar tengligi barcha marksistik harakatlarning maqsadi bo‘lsa-da, aslida ayollarning qilgan ishlari kurashning chekkasidagi narsa deb qaralgan. Mashhur qahramonlar — La Pasionaria, Mother Bloor, Elizabeth Gurley Flynn, Clara Lemlich uy bekalarini emas, balki fabrikadagi ishchi ayollarni tashkil qilganlar.
    • Gerda Lerner, Fireweed: A Political Autobiography (2002)
  • Mehnat faoli Clara Lemlich nikohni yosh ayolning fabrikadan qutulish uchun yagona umidi deb ta’riflagan: „Dastlab ular umidga to‘la bo‘lishadi. Deyarli barchasi qachondir fabrikadan ketishni o‘ylaydi. Ammo og‘ir sharoitlardagi ish ularning umidini so‘ndiradi. Ularning ketish uchun yagona yo‘li — nikoh bo‘lib qoladi“.
    • Sydney Weinberg, The World of Our Mothers (1988)

Havolalar

[tahrirlash]
Wikipedia
Wikipedia
Vikipediyada tegishli maqola bor: