Kontent qismiga oʻtish

Dunyo (islom)

Vikiiqtibosdan olingan
(Islomda dunyodan yoʻnaltirildi)
Dunyo

Qardosh loyihalar

Dunyo (arabcha: دُنْيا‎‎) – islomda insonni oʻlimigacha qurshab turgan butun moddiy olam.

Alifbo tartibi boʻyicha:
A · B · D · E · F · G · H · I · J · K · L · M · N · O · P · Q · R · S · T · U · V · X · Y · Z · Oʻ · Gʻ · Sh · Ch · ng · Yana qarang · Havolalar

Agar dunyo halol boʻlsa ham va oxiratda hisob soʻralmasa ham, bordi-yu menga berilsaydi, siz najasotdan qanday jirkansangiz, men ham dunyodan shunday jirkanardim[1].

Alloh bandasi uchun biron yaxshilikni niyat qilganda, unga bir dunyolik beradi, u tugagach, yana beradi. Agar bandasining nazarida bu dunyolik haqir koʻrinsa, unga ahamiyat bermasa, Alloh yanada moʻlroq beradi[2].

Allohdan qoʻrqqan kimsa jahl qilmaydi va xohlagan har ishini bajaravermaydi. Agar oxirat boʻlmasa edi, dunyoni bu tarzda koʻrmas edingiz[3].

Alloh xohlasa, bu dunyoda beradi, xohlasa, oxiratga qoldiradi. Alloh dargohidagi ajr-mukofotlar tavakkul qilganlar uchun dunyo manfaatlaridan yanada ustun va bitmas-tuganmasdir[3].

Arzimagan bir dunyolik kishini buyuk uxroviy masaladan qoldirib yuboradi[4].

Badaning uchun dunyoni, koʻngling uchun oxiratni lozim tut. Dunyo tanni semirtiradi, oxirat fikri koʻngilni oʻstiradi[5].

Bas! Dunyo va dunyo hayotidan bahslashib, uni yomonlamang! Agar qalbingizda dunyo sevgisi boʻlmasaydi, uni yodga olmasdingiz. Zero, kim bir narsani sevsa, oʻshani koʻp zikr etadi[1].

Bilib qoʻyki, sen oʻz dunyongda amaling urugʻlarini ekmoqdasan. Dunyong – sening dalang. Oʻlim oni – yigʻim-terim zamoning, oxirat esa xirmoningdir. Nima ekkan boʻlsang, oʻsha narsani yigʻib-terib olasan, xolos[6].

Bir bandaga dunyomolidan nima yetsa, saxiy boʻlsa ham, Alloh nazdidagi darajasi pasayadi[7].

Biz dunyoga manmanlik uchun kelmadik. Biz sevgi uchun, boshqalarning mehrini qozonish, maxluqotni yaxshi koʻrish, yaratilgan narsalarga shafqat, muhabbat koʻrsatish uchun keldik[6].

Bu dunyoda moli omonat, oʻzi mehmon boʻlmagan biron kimsa yoʻq. Mehmon degan doimo keladi va ketadi, omonat esa egasiga berilishi kerak[1].

Bu dunyoning adolatsizligi shundaki, u insonni mehnatiga yarasha taqdirlamaydi: yo xizmatini oshirib baholaydi, yo kamsitib[7].

Bu dunyoning neʼmatlari bamisoli ilohiy gʻazabga uchraganday nopok kishilarga nasib boʻladi[4].

Bu dunyo va uning mol-mulkiga koʻngil qoʻymagin. Chunki hech bir kishi undan vafo koʻrmagan[8].

Dunyo – Allohning ekinzori, odamlar – shu ekinzorning ekini, oʻlim – oʻroq, jonni oluvchi farishta alayhissalom – shu ekinni oʻruvchi, qabriston – uni yanchuvi, jannat va doʻzax – havoyi xohishlarning uyidir. Bir guruhi jannatda, bir guruhi doʻzaxda boʻladi[9].

Dunyo bir matokim, uning ketidan hirs qoʻyib yurmagil, oʻtgil yuzidan[10].

Dunyoda ekinlar ekib-oʻrgan, baland koshonalar qurgan, uzoq vaqt zavq-u safo surgan dunyoning oʻgʻillari, doʻstlari bugun qayerda? Dunyo ularni yutib yubormadimi? Jalil Alloh dunyoga naqadar ahamiyat bermaganidek, siz ham unga shunday berilmang. Oxirat uchun harakat qiling[3].

Dunyodan adolatliroq narsani koʻrmadim: unga xizmat qilsang, senga xizmat qiladi, uni tark etsang, u ham seni tark etadi[11].

Dunyoda sevintiruvchi biron narsa yoʻqki, ketidan xafa qiluvchi bir narsa kelmasa[4].

Dunyoda yaxshilik va yomonlikdan koʻra uzoqroq yashaydigan narsa yoʻq.

Dunyoga muhabbat qoʻyish – oʻgʻrilik, zulm, haqsizlik, adolatsizliklarning qilinishiga, jamiyatning qonun va nizomlari buzilishiga sabab boʻladi[6].

Dunyo havasi Allohdan gʻofil qolishdir[5].

Dunyo hayoti bilan oxirat hayoti bir erkakning ayni vaqtda nikohida boʻlgan ikki xotiniga oʻxshaydi. Biri mamnun boʻlsa, ikkinchisi kuyaveradi[10].

Dunyo hayotida qoʻlga kiritolmagan narsalaring uchun qanchalik achinsang, oxirat tushunchasi qalbingdan shunchalik oʻchiriladi[10].

Dunyo hayotida sogʻlom odam xastadir. Zavqu safo surgan odam oxiri pushaymon boʻlgusidir. Faqir odam hazindir. Boy odam baloga giriftordir. Molining halolining hisobi, haromining azobi bor, shubhali foydalardan ozor topilgusidir[1].

Dunyo hayotining masʼuliyatsiz, iflos va gʻayriaxloqiy yoʻrigʻiga kirish oson, lekin chiqish qiyin[4].

Dunyo ila oxirat ikki oilasi bor kishiga oʻxshar. Inson birini rozi qilarkan, ikkinchisini ranjitadi[13].

Dunyo — ilon, ilonbozdir dunyo qidirgan, ilonbozdan qasdin olur ilon oqibat[2].

Dunyo kengdir, olomonga boydir, birov senga jafo ham qilmas, birov seni istamas ham[14].

Dunyo molining sarmoyasi havoyi nafsdir. Topgani esa jahannam otashidir[4].

Dunyo — moʻminlarning bozori, kecha va kunduz – sarmoyalari, goʻzal amallar – tijorat mollari, jannat – foydalari, jahannam esa zararlaridir[15].

Dunyo nashʼali, ammo asl joyimiz emas. Oxirat uchun ham harakat qilishimiz kerak[6].

Dunyoni yamadik yirtib olib dinimizdan,
Din ham ketdi, dunyo ham ketdi qoʻlimizdan[2].

Dunyoning ichiga kir, sayr qil, ammo ehtiyot boʻl – dunyo sening ichingga kirmasin![2]

Dunyoning musaffoligi ketgan, oqavasi qolgan. Oʻlim musulmon uchun sovgʻadir[7].

Dunyosini tark etib, faqat oxirati uchun amal qilgan odam ham yoki oxiratini tark etib faqat dunyosi uchun amal qilgan odam ham sizlarning yaxshilaringiz emas. Balki unisiniyam, bunisiniyam ushlagan odam yaxshilaringizdir[2]

Dunyo shaytonning doʻkonidir, undan biron narsa oʻgʻirlamaki, shayton uni olishga kelib, sening dodingni bermasin[16].

Eh, bizlar bu dunyoda faqir va bechorahol boʻlishdan qoʻrqamiz. Ammo oxiratda faqir, nochor va rasvoyi jahon boʻlishdan qoʻrqaymiz. Holbuki, biz – bandalarning yaxshi amallarga faqir-u kambagʻal boʻlishimiz bu dunyodagi kambagʻalligimiz va nochorligimizdan qoʻrqinchliroq va uyatliroqdir[17][7].

Ey inson, bu olamdagi junbush va dabdabaga aldanma! Uyquda koʻrgan tushingda vujuding qiyma-qiyma boʻlsa ham, qoʻrqma! Zero, bu dunyo bir uyqudan iboratdir[15].

Ey insonlar! Dunyo bizdan ayrilmoqchi ekanini xabar bermoqda va bizdan yuzini burib tezlik bilan uzoqlashmoqda. Bizga bu dunyomizdan bir kosa suv ichilgach, idishning tagida qoladigan bor-yoʻgʻi bir tomchi kabi narsa qolgan, xolos. Siz bu dunyodan soʻngsiz bir hayotga oʻtish arafasidasiz. Shunday ekan, qoʻlingizda eng xayrli narsa nima boʻlsa, oʻshani oʻzingiz bilan olib ketishga gʻayrat qiling[18].

Ham dunyo, ham oxirat uchun harakat qilmagan odamni xushlamayman[3].

Har bir narsaning toʻlovi (mahri) bor. Jannat mahri dunyo lazzatlaridan voz kechishlikdir[14].

Ikki narsa meni dunyo zavqi va oʻyin-kulgudan uzdi: oʻlimni xotirlamoq va hisob-kitob chogʻida Alloh huzuriga chiqmoq[19].

Kim Allohdan dunyolik istasa, u hisob-kitob kuni Allohning huzurida koʻproq turishni xohlaydi, deganidir[5].

— Bishri Hofiy, (yaʼni, boyligini kerakli joyga ishlatmasa, uzundan-uzoq hisob berishga majbur boʻladi)

Kim dunyolikni qattiq istasa-yu, unga bu berilsa, bunga hech qachon qanoat qilmaydi, yana istaydi. Kim oxiratlikni qattiq istasa-yu, unga bu berilsa, u ham bunga qanoatqilmaydi, yana istaydi. Na dunyolik orzularining, na-da oxiratlik orzularining soʻnggi bordir[16].

Koʻrdimki, Alloh dunyo qulligidan ozod qilgan kishigina haqiqiy hur ekan[10].

Senki dunyoga tolibdursan, dunyo sening sultoningdir, halok boʻlmogʻing uning qoʻlidadir. Vaqtiki dunyodan yuz oʻgirsang, dunyoning sultoni boʻlursan[15].

Sizlarga ajablanaman. Dunyo uchun amal qilasizlar, vaholanki, unda amalsiz ham rizqlanasizlar. Oxirat uchun amal qilmaysizlar, vaholanki, unda amalsiz rizqlanmaysizlar[20].

Siz oʻtkinchi bir hayot uyidasiz va umringizning qolgan qismi ham oʻtishini kutmoqdasiz... Unutmangki, bu dunyo yolgʻon va aldov ustiga bino boʻlgan[3].

Yana qarang

[tahrirlash]

Manbalar

[tahrirlash]
  1. ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Tursun 2006, s. 74.
  2. ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Tursun 2006, s. 70.
  3. ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Tursun 2006, s. 81.
  4. ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Tursun 2006, s. 72.
  5. ↑ 5,0 5,1 5,2 Tursun 2006, s. 76.
  6. ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 Tursun 2006, s. 80.
  7. ↑ 7,0 7,1 7,2 7,3 Tursun 2006, s. 71.
  8. ↑ Tursun 2006, s. 69.
  9. ↑ Tursun 2006, ss. 90–91.
  10. ↑ 10,0 10,1 10,2 10,3 Tursun 2006, s. 75.
  11. ↑ Tursun 2006, s. 113.
  12. ↑ Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 108.
  13. ↑ Tursun 2006, s. 82.
  14. ↑ 14,0 14,1 Tursun 2006, s. 83.
  15. ↑ 15,0 15,1 15,2 Tursun 2006, s. 79.
  16. ↑ 16,0 16,1 Tursun 2006, s. 73.
  17. ↑ Tursun 2006, s. 41.
  18. ↑ Tursun 2006, ss. 119–120.
  19. ↑ Tursun 2006, s. 115.
  20. ↑ Tursun 2006, s. 91.

Adabiyotlar

[tahrirlash]
  • Xomidiy, Hamidjon; Hasaniy, Mahmud. Mashriqzamin hikmat boʻstoni (PDF PDF), Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997 — 251-bet. ISBN 978-9943-00-130-5. 
  • Tursun, Ahmad. Sharq donishmandlari hikmatlari. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2006 — 208-bet. 

Havolalar

[tahrirlash]
Wikipedia
Wikipedia
Vikipediyada tegishli maqola bor: