Kibriyo Qahhorova
| Kibriyo Qahhorova | |
|---|---|
| Umumiy maʼlumotlar | |
| Qardosh loyihalar | |
Kibriyo Qahhorova – taniqli oʻzbek tarjimoni va adabiyotshunosi[1]. Koʻplab nodir asarlarni tarjima qilgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhorning turmush oʻrtogʻi. Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1987). SSSR Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Iqtiboslari
[tahrirlash]Bugungi kunda biz matbuot tilini ko‘zdan kechirsak, tepa sochimiz tikka bo‘ladi. Qaysi bir no‘noq jurnalistning aybi bilan tilimizga „noqoratuproq“ degan so‘z kirib ketgan edi, endilikda qayerda do‘ppi tor kelsa „no“ni ishlatamiz-qo‘yamiz. Qaysi bir dehqon „bizning yerlar noqoratuproq“ deb gapiradi. Men aminmanki, hammasi „bizning yerlar bo‘z yer“ deydi. | |
| — Ortiqboy Abdullayev (1989). „Men dardimni kimga aytaman“. Sharq yulduzi. № 12-son. |
- „Ichkilikbozlik“ degan atamani ishlatyapmiz, bu ham mantiqsiz. „Qartaboz“, „qimorboz“, „kaftarboz“ degan soʻzlar bor, ammo „ichkilikbozlik“ degan soʻz yoʻq. „Boz“ soʻzi „bozingar“, yaʼni oʻynovchi degan soʻzdan kelib chiqqan. Qarta oʻynash mumkin, qimor oʻynash mumkin, lekin ichkilik oʻynab boʻlmaydi. Shuning uchun ham „ichkilikbozlik“ mutlaqo notoʻgʻri, bu soʻz quyma emas, yasama.
- Yaqinda gazetalarimizdan biri „Siam egizaklari“ni „basharadoshlar“ deb yozibdi. Oʻzimizning oʻzbek tilida „egizaklar“, „Fotima-Zuhra“, „Hasan-Husan“ degan soʻzlar bor-ku!
- Tojik xalqi bilan oʻzbek xalqi yon qoʻshni boʻlgani uchun ham juda koʻp soʻzlar mushtarak boʻlib qolgan. Masalan, „kapkir“, aslida kafkgir, yaʼni koʻpik olinadigan, „otashkurak“ – bu soʻzning kurakka sira aloqasi yoʻq, „otashgirak“, yaʼni oʻt olinadigan, „dazmol“ asli „darzmol“, darz – chok, chokni bosadigan, „chuchvara“, yaʼni „toʻshbarra“, barraning toʻshidan qilingan taom. Toshkentliklarning „mahorasi“ni oling. Bu ham asli tojikcha „nahoriy“ soʻzidan olingan, yaʼni nahorda tanovul qilinadigan taom. Bular faqat kundalik hayotimizda uchraydigan soʻzlar. Klassik adabiyotimizning tilini yuqorida koʻrsatgan edik. Bugungi kunda endi „hamshahar“, „hamqishloq“, „hammaktab“ ishlatsak, tilimizning boyligiga futur yetkazar ekanmi? Tasavvur qiling, hozirgi kunda yuqorida qayd etilgan soʻzlarni tilimizdan chiqarib tashlasak, uning oʻrniga nimani ishlatamiz? Til, umuman, xalq tili hisobidan boyiydi.
- „Tamojniy“ degan soʻz ham „tamgʻachi“ soʻzidan kelib chiqqan. Yoki admiral degan soʻzni oling. Bu ham arabcha. Aslida „amir ul bahr“, yaʼni dengizning amiri. Yoxud „Urra!“ni oling, bu ham oʻzbekcha „ur“dan kelib chiqqan.
- Ayni zamonda, tojik tiliga ham juda koʻp oʻzbekcha soʻzlar oʻzlashib ketgan va unumli ishlatiladi. Masalan, av (ov), qosh, arslon, aqcha (tilla pul), aqtochi, baytal, ilgʻor, injiq, inju, koʻkaldosh, lochin, otun (otin), ogʻo (ogʻa), oqsa(q)ol (oqsoqol), toʻgʻri, oʻlka va hokazo. Hatto ayrim oʻzbekcha soʻzlarga fors-tojik tiliga xos qoʻshimchalar qoʻshilib, yangi maʼno kasb etgan holatlar ham koʻzga tashlanadi: bayroq (bayroq) soʻziga qoʻshimcha qoʻshish orqali tojik tilida bayroqbar, bayroqdor, bayroqkash, bayroqnamo kabi soʻzlar yasalgan. Uloq soʻzi tojik tilida ham oʻzbekchadagi kabi barcha maʼno tovlanishlari bilan ishlatiladi: ot-ulov, payvand qilish, oʻyin turi (koʻpkari), echkining bolasi singari maʼnolarda… Buni tabiiy hol deb qarash kerak. Mashhur olim E.Bertels aytganidek, oʻzbek va tojik xalqlari kam deganda ikki ming yildan ortiq vaqtdan beri yonma-yon yashab, yaxshi qoʻni-qoʻshnichilik, quda-andachilik qilib kelmoqda. Bu ikki tilning bir-biriga samarali taʼsir koʻrsatib, bir-birini boyitish hodisasini chuqur tadqiq etish kerak. Shunday qilsak, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar mustahkamlanishiga amaliy hissa qoʻshgan boʻlamiz.
- Hozir har ikki tilda yunoncha yoki xitoycha soʻzlar uchrasa, bunga ham ajablanmaslik kerak. Masalan, xalq orasiga juda singib ketgan piyola, pul, simiyo, usturlob, falsafa, qandil, qaqnus, qoʻtos kabi soʻzlar aslida yunon tilidan oʻzlashgan. Bu hodisa tilimizning qadimiyligi, olis asrlarda jahondagi juda koʻp xalqlar bilan yaqin aloqada yashaganidan dalolat beradi.
- Tilda baʼzan juda gʻalati hodisalar ham uchraydi. „Utyug“ (dazmol) soʻzi rus tiliga oʻzbekcha oʻt-luq soʻzidan oʻtgan. Qadimgi turkiy xalqlar uni shu tarzda ishlatganlar. Tasodifni qarangki, hozir rus tilidan „utyug“ juda mustahkam oʻrin egalladi, oʻzbek tiliga esa forscha-tojikcha dazmol soʻzi singib ketdi. Yoki „ayva“, „qayva“ soʻzi turkiy tilda behini anglatadi. U shu shaklda rus tiliga oʻtdi. Oʻzbek tiliga esa aksincha forscha-tojikcha „behi“ soʻzi qattiq oʻzlashib qoldi.
- Juda koʻp soʻzlarni maʼnosiga tushunmasdan ishlatamiz. Deyarli hamma taklifnomalarda: „Lutfan sizni taklif qilamiz“ deb yozamiz. Axir, bu taklif qilinayotgan odamga nisbatan haqorat-ku! „Lutfan“ degan soʻz „aslida siz taklifga loyiq emassiz-u, ammo men lutf qilib sizni chaqiryapman“ degan maʼnoni anglatadi. „Lutfan bizning toʻyimizga tashrif buyuring“ deyish kerak. Aksar yozuvchilarimiz: „Biz bir guruh yozuvchilar falon kolxozga tashrif buyurdik yoki qadam ranjida qildik“ deb yozishadi. Bu ham oʻrinsiz. Kolxozchilar „falon yozuvchilar bizning kolxozga tashrif buyurdilar yoki qadam ranjida qildilar“ deyishlari kerak. „Tashrif buyuring“, yaʼni „kelib mening obroʻ-eʼtiborimni oshiring“ degan maʼnoni anglatadi. Qadam ranjida qilish – „oyoqlarimizga ozor berib keldik“ degan gap.
- Deyarli hamma shoirlarimiz „ohanrabo“ soʻzini „ohangrabo“ deb yozishadi va ashulachilarimiz ham buni huzur qilib aytadi. „Ohanrabo“ oʻziga tortadigan magnit, bu soʻzning „ohangrabo“ga sira aloqasi yoʻq. Aslida „ohangrabo“ degan soʻzning oʻzi yoʻq.
- Yozuvchilarimizdan biri xotniga yozgan xatiga „zavjangiz“ deb imzo qoʻyibdi. „Zavja“ xotin, yaʼni sizning jufti halolingiz demakdir. Bu soʻzning muannasi (yaʼni jenskiy rodi) „zavja“, muzakkari (mujskoy rodi) esa „zavj“ boʻladi. Mana, soʻzning maʼnosiga tushunmasdan ishlatish qanday kulgili holatga olib keladi.
- Siz mohir tarjimon sifatida soʻz mas’uliyatini yaxshi his qilasiz, teran idrok etasiz. Birgina soʻz butun boshli jumlani oʻzgartirib, „ostin-ustun“ qilib yuborishga qodir. U maʼnoni yarqiratib ochib, unga yangi jilo bagʻishlashi ham, aksincha uni aʼnchli koʻyga solib, harob holga keltirishi ham mumkin. Soʻz ustida ishlash, olimlarimizdan biri nihoyatda oʻrinli aytganidek, „soʻz terish“ juda mashaqqatli ish. Shu maʼnoda hozirgi tarjimonlarimizning saviyasi haqida fikrlaringizni eshitish hammamizga, ayniqsa yoshlar uchun nihoyatda foydali boʻladi.
- Duppa durust yozuvchilarimiz minbarga chiqib: „noformal tashkilot“ deb gapirishyapti. „Gʻayri rasmiy“ desak boʻlmas ekanmi?
- Gazetalarimizning birida yoʻqolgan bola haqida eʼlon bosilgan ekan. Ehtimol bu material rus tilida kelgandir. Unda bolaning tashqi qiyofasini tasvirlab „cherti litsa pravilnie“ deyilgan boʻlsa kerak, „bolaning yuz chiziqlari toʻgʻri edi“ deb yozishipti. Bu qanday bedodlik deydigan odam yoʻq. Asli, „yuzi bejirimgina“ boʻlishi kerak. Xullas, aytaman desak, gap koʻp.
- Matnshunoslik sohasida ham anchagina nuqsonlarimiz bor. Agar ish shu yoʻsinda davom etsa biror 20 yildan keyin mutlaqo chalasavod boʻlib qolamiz. Menimcha, sheʼriyatga havasni ibtidoiy maktabdan boshlash kerak. Eski maktabda hatto alifbo ham sheʼr bilan yodlanar edi. Bobo Mashrabning „Alifbo“si deyarli hamma maktab bolalariga oʻrgatilar edi.
- Mana, matnshunoslik daʼvosini qilayotgan ikki olimimizning ishlaridan ayrim misollarni oʻqib koʻraylik:
Icharman jon-i husnidin sharob-i sof-i roʻhoniy
Sheʼriyatdan uncha-muncha xabardor odam biladiki, bu „Icharman jomi husnidin sharobi sofi roʻhoniy“ boʻlishi kerak. Xusnning joni boʻlmaydi, faqat jomi husn boʻlishi mumkin. (Hofiz Xorazmiy devoni, 40-bet).
- Mening nazarimda, hozirgi kunda yoshlarimiz orasida maʼnaviy qashshoqlik hukm surmoqda. Juda koʻp shoirlarimiz hatto oʻz sheʼrlarini qogʻozsiz oʻqimaydi. Ilgari shoir boʻlish uchun kamida ikki ming satr sheʼrni yoddan bilish kerak boʻlgan. Hozirgi kunda bizda sheʼrxonlik umuman yoʻq. Nima boʻlar ekan, agar Yozuvchilar uyushmasi hech boʻlmasa oyda bir marotaba sheʼrxonlik – baytbarak kechalarini uyushtirsa. Sheʼriyat ahli kelib bir kechani Navoiyga, bir kechani Boburga, bir kechani Muqimiyga bagʻishlab, sheʼriyat oqshomi oʻtkazsa…
Toʻgʻri tarjima qilish borasida
[tahrirlash]- „Gʻirt ahmoq va xotirjam, dazmolday bir kimsa…“
Bu satrlarni oʻqiganingizda koʻz oldingizga qanaqa odam keladi? Qaysi oʻzbek shu xilda gapiradi?
Asli shunday boʻlishi kerak: „Gʻirt ahmoq, tepsa tebranmas otbashara bir kishi unga…“
- „— Ichkilikboz odamlarni yoqtirmayman, ammo shunday odamlarni bilamanki, ular ichib olganida qiziq boʻlib ketishadi, ularda hushyorligida boʻlmagan soʻzga chechanlik, chiroyli fikrlash, oson va rang-barang soʻz topish kabi xislatlar paydo boʻladi“.
Bu soʻz boʻtqasidan kitobxon nimani tushunadi?
Asli quyidagicha boʻlishi kerak:
„— Ichkilikka ruju qoʻygan odamlarni xush koʻrmayman, ammo shunday odamlar ham borki, ozgina ichib olganidan keyin qulfi dillari nihoyat daraja ochilib, shunchalik bulbuligoʻyo boʻlib ketishadiki, yoqangni ushlab qolasan“.
- „Bu odam boy, yirik fabrikant boʻlib, katta qorni, goʻshtning rangidagi semiz yuzi bor edi“.
Qaysi oʻzbek shu tilda gapiradi?
Durusti quyidagicha boʻlishi kerak:
„Bu odam yirik fabrikaning egasi boʻlib, katta qorin qoʻygan, barkashday yuzi qipqizil goʻshtga oʻxshar edi“.
- Quyidagi tarjimalarni ham durust deb boʻlmaydi:
„Salkam gʻazab bilan dedi“.
Gʻazabning salkami boʻlmaydi, „jahli chiqqanday boʻlib“ yoki „gʻazablanganday“ boʻlishi kerak.
„Ustuxondan sizda moʻl, goʻshtdan boʻlsa kam“.
„Qoq suyak boʻlib qolibsiz“ yoki „faqat suyagingizgina qolibdi-ku“, yoinki „choʻp ustixon boʻlib qolibsiz“ desa boʻlmas ekanmi?
„Ish yoʻqligidan bir necha hikoya yozdim“. Bu ham notoʻgʻri; „Bekorchilikdan bir necha hikoya yozdim“ deyishi kerak.
Mana bu tarjimalarda ham soʻzlar oʻz oʻrnida ishlatilmagan:
„U aqldan forigʻ boʻlishga intilgan holda…“
Aqldan forigʻ boʻldim, deb boʻlmaydi. Gʻamdan, tashvishdan forigʻ boʻlish mumkin.
„Bu hayoti qarib nooqilona qurilgan mamlakat“.
„Bu hayoti pala-partish qurilgan dunyo“ boʻlishi kerak.
„Agar biz kamida oʻn yilgina oʻylashni mutlaqo tark eta olsak…“
Tarki dunyo qilish, tarki odat qilish mumkin, ammo oʻylashni tark etdim, deb boʻlmaydi. Tarki dunyo etish, yaʼni dunyodan koʻz yumish, goʻshanishinlik ixtiyor qilish demakdir. Baʼzi bir yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizga bu soʻz shu qadar yoqib qolganki, „uydan chiqib ketdi“ deyish oʻrniga „uyni tark etdi“ deb yozishadi. Axir mashoyixlar „Har suxan joyeu har nuqta makone dorad“, yaʼni har soʻzning oʻz oʻrni, har nuqtaning oʻz makoni bor, deganlar-ku!
Manbalar
[tahrirlash]- ↑ https://centrasia.org/person2.php?st=1230481136 „KAXXAROVA Kibrie“. centrasia.org