Kontent qismiga oʻtish

Mehrobdan chayon

Vikiiqtibosdan olingan
Mehrobdan chayon
Qardosh loyihalar

„Mehrobdan chayon“ — oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning ikkinchi yirik asari. 1928-yil fevralda yozib tugatilgan. Roman birinchi marta 1929-yil Samarqandda bosilib chiqqan. Roman mavzusi 19 asr-hodisalari – „xon zamonlari“ davridagi oʻzboshimchaliklarni koʻrsatishga qaratilgan boʻlsa-da, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli singdirilgan.

Alifbo tartibi boʻyicha:
A · B · D · E · F · G · H · I · J · K · L · M · N · O · P · Q · R · S · T · U · V · X · Y · Z · · · Sh · Ch · ng · Yana qarang · Havolalar

  • Bizning o‘zbeklarda, ayniqsa Qo‘qong‘a maxsus bir tus, sariqqa moyil bir tus bor. Lekin bu tusni kesdirib sariq deb bo‘lmaydir. Chunki biz og‘riq kishining tusini sariq deymiz.
  • Boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib pusulmonchiliqdan chiqqach, men pusulmonliq bilan o‘lishni o‘bdan bildim.
  • Haq hamisha g‘olibdir, haqsizlik ersa mag‘lub.
  • Haqning haqsizliqqa g‘olib kelganini og‘izda eshitsam ham, shu choqqacha amalda ko‘ralmadim.
  • Kulishka haqqingiz bor, domla, chunki o‘ch olasiz, – dedi Anvar. Birdan hammaning ko‘zi Abdurahmonga tushdi. – Faqat siz iflosliq natijasida kulasiz, men… Men to‘g‘riliq samarasini o‘laman, siz iflos vijdon bilan g‘olibsiz, men sof vijdon bilan mag‘lubman… Meni dor ostig‘a kim keltirdi? Vijdon emasmi, taqsir?! Sizni bu yerda kim tomoshabin qildi. Iflosliq emasmi, taqsir?!
  • Men bek pochcha bo‘lolmayman, Ra’no. O‘rdadag‘i to‘kulib turg‘an gunohsiz qonlar, doim tevarakdan eshitilib turg‘an oh-u zorlar manim yuragimni ezadir, tinchlig‘imni oladir. Yana men mirzoboshi bo‘lib qolsam, bu oh-u zorlarning, to‘kilgan ma’sum qonlarning ichida bilfe’l suzarman. Bu vaqt manim azobim bevosita bo‘lur. Balki, bunda ishtirok ham qilarman. Chunki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun ko‘b ishlami uning istagicha ko‘rsatish, zulm pichog‘ini qayrab berish, shu mansabda uzoq yashamog‘imning asos shartidir. Lekin men bunday vijdonsizlik uchun yaratilmag‘an o‘xshayman. Madh-u sano, olqish va duo zamiriga yashiring‘an zulmdan faryod, haqsizlikdan dod ma’nolarig‘a malham bo‘lish, albatta, manim qo‘limdan kelmas. Chunki “soyaboni marhamat” vijdon kengashiga quloq sog‘uchi “ahmoq”lardan emasdir.
  • – Menim holimni ko‘ringiz, domla, – dedi Anvar kulgan yuzda, – qo‘lim bog‘lang‘an, ustimda xanjar yaltiraydi. Lekin men kulaman… Nima uchun bunday, taqsir? Chunki vijdon rohatda, jon tinch, yurakda ishq… Durust, men ko‘milgach, qabrim ustida ko‘ksi dog‘liq qizil lolalar ko‘karar… Nimadan bu? Bu – sizning kabi tubanlar solg‘an iz…
  • Sallalik eshaklarning diringlashi og‘ilxonag‘acha.
  • Visol – muhabbatni o‘ldirguchi, hajr esa – kamolatka erishdirguchidir.
  • Xon – hazmi har bir iflosliqni ham ko‘taradirgan katta bir hayvon. Uning tevaragida mayda hasharotlar ko‘b, bular ham o‘zlariga yarasha hayvonliq istaydilar.
  • Yaxshiliq qil, daryog‘a tashla, baliq bilmasa, xoliq bilur, deganlar.
  • Zulm neqadar kuchaysa, uning umri shuncha qisqa bo‘lishi tajribalar bilan sobitdir.
  • Shayxi Sa’diy aytkancha, dunyoda hayotidan qo‘l yuvg‘uchidek tili uzun kishi bo‘lmas. Darhaqiqat, insonni razolatka solg‘uchi uning manfaati taqozasi, qola bersa o‘limdir. Bu ikkisidan kechguchiga esa na podshohning qahri va na jahannamning qa’ri farqsizdir[1].

Manbalar

[tahrirlash]