Kontent qismiga oʻtish

Shaytanat (teleserial)

Vikiiqtibosdan olingan
Shaytanat
Qardosh loyihalar

Shaytanat – Tohir Malik qalamiga mansub shu nomli asar asosida tasvirga olingan teleserial.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  •  

Asadbek: Keling, qori, qanday shamol uchirdi?
Sobitxon: Yaxshilik shamoli emas
Asadbek: Hay, hay, qorijon, sovuq nafas qilmang.
Sobitxon: Sizni insofga chaqirish foydasiz ekanini bilsam-da…
Asadbek: Qori, kelishib olaylik: siz meni insofga chaqirmang. Qanday yashashni oʻzimga qoʻyib bering. Men haqmanmi yo nohaqmanmi – qiyomatda maʼlum boʻladi. Siz menga qozi emassiz. Siz gapni chaynamay muddaoga koʻchavering. Siz „Volga“ngizni oʻgʻirlatib, alam bilan kelgan odamsiz.
Sobitxon: Ha, taqsir, topib gapirdingiz. Ammo siz tomondan gʻirromlik boʻldi bu ish.
Asadbek: Nima, gʻirromlik?! Qori, avvalgi safar masjidga sarflagan pullarimni harom devdingiz, endi gʻirromlik deysizmi? Oʻylab gapirasizmi gaplaringizni? Siz kimsiz oʻzi? Toʻrttagina surani koʻz yumib yodlab beruvchi qorivachchasiz, Xudo emassiz! Sizning kitoblaringizda tuhmatchini nima qilish kerak deyishgan? Tuhmatchining tilini kesish kerak deyishgan!
Sobitxon: Astagʻfirulloh! Tuhmat qilayotgan boʻlsam kalomullo ursin!
Asadbek: Kerak boʻlsa uradi ham. Oʻsha kuni indamagan edim. „Volga“ngiz borligini bilganimdab xoʻsh, mening pullarim harom ekan, siz „Volga“ni qaysi halol pulga oldingiz? – deb soʻrardim
Sobitxon: Mening otam…
Asadbek: Otangizni bilaman. Andijonda mashhur telpakfurush. Telpakfurushlarning nayrangini ham yaxshi bilaman. Shuning uchun halollik haqida boshqalar gapirsa ham san indamay yurgin. Xudoyiga borib, Qurʼon oʻqib tugun uchiga necha pul tugilarkin, deb yuradigan moʻltoni odamsan-u, yana menga gʻirromdan gapirasan?
Sobitxon: Tuhmat qilmang, men Allohning kalomini pulga sotadiganlardan emasman!
Asadbek: Ey, jirillama. Men bilmagan narsamni aytmayman tushundingmi. Bu shaharni bedarvozaligini bilmaysanmi? Shaharda mingta Asadbek bor. Sen bittasidan gumonsirabsan. „Volga“ngni topib berishadi. Men bunaqa mayda ishlar bilan shugʻullanmayman. Qani, endi koʻtaril. Allohu akbar.

  •  

Asadbek: Eshitdinglarmi, akamiz shaharga hokim boʻlibdilar... Yo men yangishdimmi?
Qilich: Biror gunohim boʻlsa, ayting
Asadbek: Sharifni nima qilding?
Qilich: Oʻzingiz tanobini tortib qoʻysin, degan ekansiz. Bir-ikkita „ishimiz“ni ochmoqchi edi
Asadbek: Nimani ochadi, kimni ochadi? Birov kelib, seni qoʻlingga kishan solarmidi? Qamashga ishlatgan pulingini yarmini oʻziga bersang, jim boʻlardiku!
Qilich: Pul olmaydigan eshak u
Asadbek: U pul olmaydigan eshak boʻlsa, sen pul berolmaydigan molsan! Bu dunyoda olmaydiganlar qolgan emas, berolmaydigan lapashanglar bor, tushundingimi? Senga bir kun muhlat - bir kun deganda Sharif uyida boʻlsin. Oʻzing borib, oʻrniga „oʻtirsang“ ham uyida boʻlsin. Joʻna!
Qilich: Xoʻp
Asadbek: Hosil boyvachchangga salom deb qoʻygin. Senikini artgandan koʻra, oʻzinikini eplasin. Panohga topgan odamingni qara-yu, don berganni tovugʻi
Qilich: Panoh topgani bormuvdim. Oʻzimni ishim bor edi unda
Asadbek: Qanaqa ish? Mahmud, eshittir!
Mahmud ovoz yozgichni qoʻyadi, unda Hosil va Qilichni suhbati eshitiladi
Hosil: Iltimosingizni bajardik, Sharif qamaldi. Endi oramiz ochiq.
Qilich: Uni qamalganini eshitib, Asadbek rosa quturyapti-da.
Hosil: Biz faqat „aql mirza“ni yoʻq qilishga kelishgandik.
Qilich: Shu ish bahona, Asadbekni yoʻqotish kerak
Hosil: Ishtahangiz judayam karnay-ku, a!
Qilich: Bu shaharga „dodaxoʻja“lik qilish faqat sizga yarashadi.
Hosil: Sekinroq gapiring, devorniyam qulogʻi bor. Men Bek akamni otamdanam ulugʻroq koʻraman
Qilich: Qoyil-e, oʻshanga oʻzingizni teng qilyapsizmi, ja avliyo qilib yubordingiz-ku Asadbekni
Hosil: Bu gaplarni siz aytmadingiz, men eshitmadim
Qilich: Vinzavoddan mosuvo boʻlganingiz kamlik qildimi? Men taklifimni aytdim, siz yana bir oʻylab koʻring
suhbat toʻxtaydi
Qilich (titragan holda): Bir umr qulingiz boʻlay, koʻzlarim endi ochildi.
Asadbek: Sharifni oʻrniga „oʻtirasan“. Boʻlmasa, oʻzingdan koʻr. Bor, ket!

  •  

Asadbek: Ha, hofiz, eson-omon chiqib keldingizmi?
Elchin: Assalomu alaykum
Asadbek: Vaalaykum. „Keldim“ deb ham qoʻymaysiz-a, hofiz. Har holda men sizga begona emas edim. Aka-ukaligimiz bor edi, a?
Elchin: Qamoqdan qaytgan ukadan xabar olish akadan lozim, deb oʻylabman
Asadbek: Kelganingizni bilganimda uchib borar edim. Hofiz, chaynalmasdan erkakcha gaplashaylik. Xotiningizning oʻlimida mening zarracha aybim yoʻq. Siz mening ziyofatlarimni gullatar edingiz. Sizni yoʻqotishdan men nima naf koʻrarkanman? Aksincha, zarar koʻrdim. Siz kimgadir yoqmay qolgansiz. Jallodni bizning ichimizdan emas, oʻzingizga oʻxshagan otarchilar orasidan qidiring. Bir-biriga surma ichirib ovozlarini boʻgʻadigan otarchilarning qoʻlidan bundan battar ishlar ham keladi. Aybni boʻyningizga olib, ahmoqlik qildingiz. Mendan bir xatolik oʻtgan - hasadgoʻylaringiz koʻpligini hisobga olmaganman. Sizni himoya qilishim kerak edi. Bir ashulangiz bor edi - Oʻynamasa kimdir birov nayiga, shum niyatla tushadilar payiga… Siz endi oʻsha naychini qidiryapsiz, bilaman. Qidirmaganingizda sizni oʻgʻil bola demas edim. Naychi bilan… allaqachon hisob-kitob toʻgʻri boʻlgan. Siz uni oʻylamang. Siz… uylandingizmi?
Elchin: Yoʻq
Asadbek: Tirikchilik nima boʻlyapti?
Elchin: Oʻzbekning toʻyi bor ekan, xor boʻlmaymiz.
Asadbek: Ha. Toʻyning ham toʻyi bor. Kim aytsa boraversangiz obroʻyingiz qolmaydi. Siz eng zoʻr ashulachi boʻlishingiz kerak. Odamlar „xoʻp“ deyishingizga mahtal boʻlib haftalab ostonangizda yotadi. Bu yogʻini menga qoʻyib bering. Televizor, radio faqat sizning ashulalaringizni beradi.
Elchin: Rahmat, Bek aka, bularning evaziga men nima qilishim kerak? Har holda „hisobli doʻst ayrilmas“, deganlar. Siz koʻp soʻramaysiz, bilaman. Nari borsa, sizga qul boʻlishim kerak-da?
Asadbek: Sendan durustroq qul ham chiqmaydi, akasi. Sen ashulangni bilsang bas. Boshqa ishlarga tumshugʻingni suqmagin. Sen mol emassan. U yoqdan burningni oqizib kelmagansan. Tishingni qayrab yuribsan.
Elchin: Bek aka…
Asadbek: Ovozingni oʻchir! Men gapiryapman, haddingdan oshma, bola! Sen xotining oʻldirilganini, u yoqlarda yurib kelganingni unut. Ammo Asadbek akangni unutma! Asadbek akang, Xudoga shukr, tirik. Mabodo oʻlib qolsam, oʻligimdan ham qoʻrq. Men goʻrimda ham tinch yotmayman. Atrofingda kimlar bor?
Elchin: Ota-onam oʻtib ketishibdi, Xudo rahmat qilsin ularni
Asadbek: Menga artistlik qilmagin. Sen men bilan mushuk-sichqon oʻynama. Senlar chivinsanlar men uchun. Atrofingdagilar oʻzbeklarmi yo oʻsha yoqdan topgan qalangʻi-qasangʻilaringmi? Oʻzbek boʻlmasa yoʻqot ularni. Oʻzimiznikilar ham etib ortadi. Zerikmasliging uchun besh-oʻnta bolani senga topshiraman.
Elchin: Bek aka, men yolgʻizman. Qasos olish niyatim borligi rost. Ammo birovning yordami bilan olinadigan qasos menga tatimaydi. Yonimga odam toʻplamaganman.
Asadbek: Qasam ich!
Elchin: Xudo ursin!

  •  

Asadbek: Ishlar qalay, oʻrtoq direktor? Planlar oshigʻi bilan ado etilyaptimi?
Sharif: Ha, bajarmasak boʻladimi?
Asadbek: Bu akangiz aytmaganmidi?
Sharif: Aytgandilar.
Asadbek: Xoʻsh? Nima uchun planni bajaraman, deb zoʻr beryapsiz?
Sharif: Yuqoridagilar qoʻyishmayapti.
Asadbek: Sen uchun yuqori men boʻlaman. Men aytdimmi, tamom! Bajarishga majbursan. Senga kim buyruq berdi, ministrmi?
Sharif: Yoʻq, Farhodov degani
Asadbek: Haydar, bilarmiding?
Haydar: Yoʻq, hozir... (telefon goʻshagini olib) Farhodovmi? Ha, men, Haydar akangman. Namozoving nima deyapti? Planni bajarasan, deb sen zoʻrlaganmishsan-ku? Majlisda aytdingmi? Unga tegishli emasmi? Shuni sekin oʻziga aytib qoʻysang oʻlasanmi, he soʻtak. Duoyi salomni oldingmi, endi jim yurgin (goʻshakni joyiga qoʻyib, Sharifga qaradi): Eshitdingizmi? Direktor degan bunaqa lalaymaydi.
Asadbek: Bu oy yetmishdan oshmasin. Keyingi oylarda ishchilar maosh olmaydi. Kerakli odamlarga pul-mul berib turing. Boshqalar boʻshab ketaversin
Sharif: Buning iloji yoʻq, bankda zavodning puli koʻp
Haydar: Koʻp boʻlsa ham maosh yoʻq, lalaymang, dedim-ku
Asadbek: Portugaliyadan javob yoʻqmi hali ham?
Sharif: Jimjit boʻlib ketishdi
Asadbek: Borib kelish kerak. Ularga yoqmasa boshqalar bilan gaplashamiz
Sharif: Borish uchun ular chaqirishlari kerak. Dollar kerak.
Asadbek: Bu yogʻini bizga qoʻyib bering.

  •  

Hosil: Bek aka, sogʻ-salomat borib keldingizmi safarlarga?
Asadbek: Oʻzing qalaysan? Ishlaring yurishyaptimi?
Hosil: Soyangizda yuribmiz-da, aka.
Asadbek: Mening soyamdami?
Hosil: Ha-da, sizni akam deganman.
Asadbek: Shunaqami? Men akangmanmi? Xongirey-chi? Togʻangmi yo ammangning erimi?
Hosil: Gapni ham qiyvorasiz-da, akaxon.
Asadbek: Sen boʻladigan gapni qil.
Hosil: Dangal gapmi? Gapning oʻgʻil bolasi shuki, menga hozircha vinzavod kerak.
Asadbek: Undan keyin-chi?
Hosil: Undan keyingisini oʻshandan keyin gaplashamiz
Asadbek: Agar Xongireyga bachchalik qilmaganingda senga vinzavodni sovgʻa qilib berardim.
Hosil: Akaxon, ogʻzingizga qarab gapiring. Bizda ham izzat-nafs bor.
Asadbek: Senda izzat-nafs bor ekanmi? Kelib-kelib oʻsha haromiga orqa qilyapsanmi? Ikki oʻzbek mol talashsayu luqmasini begona olib ketsa, yana sen izzat-nafs haqida gapirasanmi? (yoʻtalib) Bu kundan oʻlganing yaxshi.
Hosil: Endi, akaxon, sovuq nafas qilmang, hammamiz issiq jonmiz, kim oldin oʻladi, Xudo biladi. Bek aka, jahlingiz chiqmasin, dunyo bozor-da, bir sizning omadingiz keldi, endi gal meniki. Vinzavodni tekinga olmayman. Juda katta narx qoʻyaman. Darrov rozi boʻlganingizni oʻzingiz ham sezmay qolasiz.
Asadbek: Bu nima deganing?
(Hosil pidjagi choʻntagidan videokassetani oladi)
Asadbek: Bu nima?
Hosil: Qoʻyib koʻring. Men yarim soatdan soʻng telefon qilaman (chiqib ketadi)
(Mahmud videokassetani qoʻyadi – unda hammomda yalangʻoch juvonlar biri birini quchoqlayotgani, ular ichida Asadbekni qizi Zaynab ham borligi koʻrinadi)
Asadbek: Oʻchir! Mahmud, anavi qanjiq tanish koʻrindi, kim u?
Mahmud: Kasalxonadagi hamshiraga oʻxshatdim.
Asadbek: Top! Yerning tagidan boʻlsa ham topasan, oʻligini boʻlsa ham top (shu paytda Asadbek Hosilboyvachchaga telefon qiladi) Hosil…
Hosil: Gapiring, akaxon
Asadbek: Senga tan berdim, gap yoʻq…
Hosil: Sizga ham qoyilman. Bunaqa tan berish faqat oʻgʻil bolaning qoʻlidan keladi
Asadbek: Hosil, menga videokassetaning asl nusxasini berasan.
Hosil: Gap yoʻq, akaxon
Asadbek: Anavi qanjiqigni ham
Hosil: U qanjiq hali menga koʻp kerak boʻladi. Uning ishini uncha-muncha qanjiq eplolmaydi.
Asadbek: Baribir topaman uni.
Hosil: Bir ukalik maslahatim – uni qidirmang. Men uni sizning oʻnta yigitingizga ham alishmayman. Siz kassetani olingu, boshqasini unuting. Oʻzingiz kelasizmi, yo odam yuborasizmi?
Asadbek: Bu ikkalamizning oramizdagi ish. Men borolmayman. Kasalman, bilasan. Eski shahardagi uyimda kutaman. Yolgʻiz oʻzing kel. Birga bir gaplashaman. Vinzavodga tegishli qogʻozlar bor, beraman. Agar yana boshqa daʼvolaring boʻlsa, aytasan, kelishamiz.
Hosil: Men oʻylab koʻraman, akaxon
Asadbek: Mayli, oʻyla. Kallali bolasan. Sen men qilgan xatolarni chetlab oʻtsang, uzoqqa borasan.

  •  

Soli: Endi oʻgʻlim, biz otang rahmatli bilan vaqtida oshnachilik qilganmiz. Toʻgʻri odam edi. Birovning koʻnglini ogʻritmasdi. Gap shuki, oʻgʻlim, sizdan ham rozimiz. Mahallaga xizmatlar qilib berdingiz. Ammo bir ishingizdan norozimiz, shuni aytgani keldik. Oʻgʻlim, bilasiz, mahallamiz eski, toʻkilay, deb turibdi. Bitta katalakdekkina uyda oʻnta oila. Bolalarimiz turmush qurib oʻz uylariga sigʻmay ijaralarda oʻtirishibdi. Bu eskilar qachon buzilarkin, qachon bizga ham uy tegarkin, deb kutaverib sargʻayib ketdik. Gapning indallosi shuki, oʻgʻlim, bultur uylar buziladi, deb oʻlchab-netib ketishuvdi. Endi eshitsak, buzilmasmish. Uzunquloq gaplarga qaraganda sen toʻxtatgan emishsan.
Asadbek: Menmi? Kim aytdi?
Joʻra: Shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi
Asadbek: Oʻsha shamol qayoqdan esdi?
Joʻra: Eshitdik-da. Ota-onam yashagan uyni buzdirmayman degan ekansiz.
Asadbek: Soli aka, siz shu gaplarga ishondingizmi? Hukumat buzaman desa, mendan soʻrab oʻtirarkanmi? Men hukumatga kimman? Hech kimman!
Joʻra: Odamlar ahmoq emas, boʻlar-boʻlmasga gapiraverishmaydi. Sizning kimligingizni juda yaxshi bilamiz.
Asadbek: Sen kimsan oʻzing? Oʻzing kimsan, deyapman. Mahallaga bitta tosh qoʻyganmisan? Kecha kelib bugun hammayoqni sasitib yurgan senmisan? Soli aka, it yetaklab yurish odatingiz yoʻq edi-ku? Bu agar mahallaga sigʻmayotgan boʻlsa ketiga bir teping, kelgan joyiga borib tushsin.
Jalil: Boʻldi, qoʻy endi.
Asadbek: Sen jim oʻtir. Kimligimni bu bilmasa sen bilasan-ku? Shunaqa deyishsa, boshlab kelaverdingmi? Agar qoʻlimdan kelsa endi buzdirtirmayman mahallani. Hammayoq buzilib boʻldi. Mana bunaqalarni – yoʻqotinglar. Mahalla ishiga begona aralashmasin.
Joʻra: Men begonamanmi?
Asadbek: Yoʻqol-ey. Tur!
Soli: Inim, uzr.

Manbalar

[tahrirlash]

Havolalar

[tahrirlash]

Ushbu iqtiboslarni ijtimoiy tarmoqlarda baham koʻring:

 Telegram  |   Facebook  |   X (Twitter)  |   Vkontakte