Kontent qismiga oʻtish

Vikiiqtibos:Iqtibos keltirish tartibi

Vikiiqtibosdan olingan
Vikiiqtibos qoida va koʻrsatmalari
Tamoyillar
Odob-axloq qoidalari
Boshqa
  • VQ:IKT

Iqtibos keltirish tartibi iqtibosning Vikiiqtibosda boʻlishi yoki boʻlmasligini belgilaydi. Sahifa yoki muayyan iqtibosni kiritish uchun mutlaq (yagona) oʻlchov mavjud emas. Biroq, ularning ushbu loyihaga kiritilishga loyiq yoki loyiq emasligini aniqlashda hisobga olinishi kerak boʻlgan bir qator omillar mavjud. Baʼzi omillarga beriladigan eʼtibor sahifa mavzusiga qarab oʻzgaradi:

  • (a) Shaxs yoki xayoliy qahramon: Muallif yoki qahramonning oʻzi yetarlicha eʼtiborga loyiq boʻlishi kerak. Shaxsning mashhurligi sahifa yaratilishi uchun asos boʻlsa-da, iqtiboslar roʻyxatiga faqat uning eng sara va vaqt sinovidan oʻtgan soʻzlarigina kiritiladi.
  • (b) Kitoblar, filmlar yoki boshqa asarlar: Uzun dialoglar yoki syujet tafsilotlarini emas, balki asar kontekstidan tashqarida ham mustaqil maʼnoga ega boʻlgan, loʻnda va oʻtkir iboralar saralab olinadi.
  • (c) Turli xil umumiy mavzular: Muallifning jahon miqyosida tanilgan boʻlishi shart emas. Agar iqtibosning oʻzi teran maʼnoli, purhikmat va fasohatli boʻlsa, muallifi nomaʼlum yoki oʻta taniqli boʻlmagan taqdirda ham mavzu sahifasidan joy olishi mumkin.

Iqtibos keltirish tartibi

[tahrirlash]

Iqtibos keltirishga oid omillar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Iqtibos ishonchli va nufuzli manbadan olinganligini tasdiqlash mumkinmi?
  • Iqtibos kimga yoki qaysi asarga nisbat berilayotgan boʻlsa, aslida oʻsha muallifga tegishlimi?
  • Iqtibos mavzusi eʼtiborga molikmi? U sevgi, adolat yoki yolgʻizlik kabi inson hayotining keng qamrovli jihatlari haqidami? Yoki aksincha, tipratikanlar, tushlikdagi goʻsht yoki yangi mashinaning hidi kabi tor yoki maishiy mavzular haqidami? Agar iqtibos maishiy mavzu haqida boʻlsa, muallif bu mavzuda alohida bilimga egami? Agar iqtibos boshqa shaxs haqida boʻlsa, oʻsha shaxs juda taniqli va eʼtiborga loyiqmi?
  • Iqtibos keltirilgan muallif yoki asar eʼtiborga loyiqmi? Agar shunday boʻlsa, ular juda mashhurmi, oʻrtacha tanilganmi yoki deyarli hech kim tanimaydimi? Ular iqtiboslar manbasi sifatida (masalan, shoir, mutafakkir) eʼtiborga loyiqmi?
  • Iqtibos ayniqsa maʼnoli, purhikmat, fasohatli yoki taʼsirlimi?
  • Iqtibos mustaqil ravishda keng tarqalganmi? U vaqt sinoviga bardosh berganmi yoki bardosh berishi ehtimoli bormi?

Boshqa holatlarda iqtibos keltirilishi mumkin boʻlgan materiallar mualliflik huquqi, sahifa uzunligi va boshqa cheklovlarga boʻysunishi mumkin.

Tasdiqlash omili

[tahrirlash]

Har qanday odam istalgan iqtibosni taniqli shaxs nomi bilan bogʻlab qoʻyishi mumkin. Shu sababli, biror jumlaning maʼlum bir shaxsga nisbat berilishi uning haqiqatan ham oʻsha muallifga tegishli ekanini isbotlamaydi[1]. Iqtibosning toʻgʻriligini tasdiqlash uchun u bevosita muallifning oʻz asarida uchrashi yoki ishonchli, nufuzli, mustaqil va xolis ikkilamchi manbada oʻsha muallifga tegishli deb koʻrsatilishi lozim.

Mos ikkilamchi manbalarga, masalan, oʻsha davr gazetalari yoki voqeaga bevosita guvoh boʻlganlarning yozma xotiralari kiradi[2]. Iqtiboslarning nashr etilgan toʻplamda uchrashi uning mashhurligi va uzoq vaqt davomida qoʻllanib kelganini koʻrsatadi. Biroq, bunday toʻplamlar baʼzan iqtiboslarni notoʻgʻri mualliflarga bogʻlab qoʻyishi mumkin. Shu sababli, ular iqtibosning asl muallifga tegishli ekanini mustaqil dalil sifatida qabul qilib boʻlmaydi[3].

Eng ishonchsiz manbalar esa – internetdagi turli veb-saytlarda faqat iqtibos va muallif nomi keltirilgan toʻplamlardir. Anonim mualliflarga nisbat berilgan iqtiboslar tasdiqlash omilidan mustasno hisoblanadi. Biroq, Vikiiqtibosda joy olishi uchun bunday iqtiboslar boshqa qoʻllanish mezonlariga – jumladan, mashhurligi va uzoq muddat davomida saqlanib qolishiga – javob berishi shart.

Tasdiqlangan iqtiboslarni qaysi boʻlimga joylashtirish ularning manbasiga bogʻliq:

  • Iqtiboslar – agar iqtibos bevosita asl nutq, kitob, suhbat, film yoki boshqa asardan olingan boʻlsa;
  • Nisbat berilgan – agar iqtibos asl manbada uchramasa, biroq ishonchli ikkilamchi manbada keltirilgan boʻlsa;
  • Notoʻgʻri nisbat berilgan – agar iqtibos muallif yoki asar bilan keng bogʻlangan boʻlsa-yu, aslida boshqa muallif yoki asarda uchrasa;

Muallif yoki asarga keng tarzda nisbat berilgan, biroq asl asarda yoki ishonchli ikkilamchi nashrlarda uchramagan iqtiboslar maqola ichida emas, balki munozara sahifasida birinchi yozuv sifatida „Manbasiz“ boʻlimida qayd etilishi kerak.

Asliyat omili

[tahrirlash]

Iqtibos uni birinchi aytgan shaxsga yoki u birinchi marta uchragan asarga tegishli boʻlishi kerak. Koʻplab asarlarda hammaga tanish, odatiy iboralar uchrashi mumkin. Ammo bunday iboralar keyingi asarlar uchun asl (original) hisoblanmaydi. Masalan, "Bu yerdan tezroq ketdik!" kabi odatiy soʻzlar umumiy mavzular haqidagi sahifalarda keltirilishi mumkin, lekin ularni shunchaki takrorlagan keyingi asar yoki muallif sahifasiga kiritish toʻgʻri emas. Oddiy oʻzgarishlar ham yangi yoki asl iqtibos sifatida qabul qilinmaydi.

Istisnolar

[tahrirlash]

Bu qoidadan ikkita asosiy istisno mavjud:

  1. Iqtibos kattaroq dialogning bir qismi boʻlsa, butun muloqot kontekstini toʻliq koʻrsatish uchun uni kiritish mumkin.
  2. Iqtibos muayyan shaxs yoki asar bilan uzviy bogʻlanib ketgan boʻlsa, uning aslida boshqa manbadan chiqqanini tushuntirish maqsadida kiritish mumkin.

Mavzu omili

[tahrirlash]

Mavzuning ahamiyati

[tahrirlash]

Iqtibos mashhur yoki muhim mavzu haqida boʻlsa, uni keltirish ehtimoli yuqoriroq boʻladi. Baʼzi mavzular, masalan, sevgi yoki hayot, barchaga tanish va tez-tez tilga olinadigan mavzulardir. Kamroq eʼtiborga molik mavzulardagi iqtiboslar ham kiritilishi mumkin, biroq ular uchun asos yanada kuchli boʻlishi kerak. Bunday hollarda iqtibosni aytgan shaxsning mashhurligi yoki iqtibosning oʻziga xos badiiy va mazmuniy qiymati muhim omil boʻlishi mumkin.

Shaxsiyatlar haqidagi iqtiboslarga kelsak, shaxsning iqtibos mavzusi sifatidagi ahamiyatini baholash yanada qiyin. Lekin bir narsa aniqki, hatto iqtibosga arzigulik hech narsa aytmagan boʻlsa ham, shaxs mavzu sifatida yetarlicha ahamiyatli boʻlishi mumkin.

Boshqa shaxslarni tanqid qiluvchi iqtiboslar

[tahrirlash]

Bir kishi boshqasini tanqid qilgan ahamiyatli iqtiboslar, albatta, mavjud. Biroq, loyihani suiisteʼmol qilish ehtimoli borligi sababli, bunday iqtiboslar qattiq tekshiriladi. Tanqidiy iqtibosni kiritish uchun quyidagi shartlar koʻrib chiqilishi kerak:

  • Iqtibos muallifi juda mashhur/ahamiyatli shaxsmi?
  • Iqtibos mavzusi (tanqid qilinayotgan shaxs) juda mashhurmi?
  • Iqtibos oxirgi oʻn yil ichida aytilganmi?
  • Muallif yoki mavzu qilingan shaxs vafot etganmi?
  • Iqtibosning oʻzi yetarlicha original va yangichami?
  • Iqtibos gʻayrioddiy darajada aqlli, loʻnda, dono, fasohatli yoki taʼsirchanmi?
  • Iqtibos manbasi ishonchli tarzda tasdiqlanganmi?

Ushbu omillar birgalikda oʻlchanadi. Kam tanilgan tirik shaxsning boshqa bir kam tanilgan tirik shaxs haqidagi yaqinda aytgan tanqidi loyihaga kiritilmaydi. Agar yuqoridagi mezonlarga mos kelmaydigan tanqidiy iqtibos sahifaga kiritilsa, u ushbu qoidaga asosan oʻchirib tashlanishi mumkin.

Muallif yoki asarning ahamiyatlilik omili

[tahrirlash]
  • Muallif sahifasida koʻrinishi uchun: Shaxs haqida sahifa yaratish uchun uning ahamiyatli boʻlishi zarur, ammo bu shart iqtibos kiritish uchun yetarli emas. Vikipediyada shaxs haqida maqola borligi uning Vikiiqtibosda ham boʻlishi kerakligini anglatmaydi. Inson oʻz iqtiboslaridan tashqari boshqa sabablarga koʻra juda mashhur boʻlishi, ammo iqtibos qilishga arziydigan birorta ham gap aytmagan boʻlishi mumkin. Shaxsning iqtiboslar manbasi sifatidagi eʼtibori yuqoriroq baholanadi (masalan, mashhur shoir va mutafakkirlar soʻzlari koʻproq yigʻiladi).

Kundalik haqiqatlarni loʻnda qilib ifodalovchi gaplar („Yetti oʻlchab bir kes“, „Oxirgi kulgan yaxshi kuladi“) maqol, matal yoki aforizmlarga aylanib ketishi mumkin. Bunday hikmatlarning muallifi taniqli boʻlishi mumkin, lekin koʻpincha ular nomaʼlum manbalardan kelib chiqadi va asosan „Maqollar“ yoki umumiy mavzular sahifalariga kiritiladi.

  • Mavzu sahifasida koʻrinishi uchun: Umumiy mavzu sahifasiga iqtibos kiritish uchun muallifning alohida mashhur boʻlishi talab etilmaydi. Iqtibosning oʻzi muhim boʻlishi kerak. Oʻta taʼsirchan yoki purhikmat iqtibos muallifi nomaʼlum boʻlsa ham kiritilishi mumkin. Biroq, oddiy iqtibos faqat muallifining kimligi tufayligina qiziqarli boʻlib qoladigan holatlar mavjud. Masalan, qoʻshni doʻkondor „Golf – eng zerikarli sport, uni nega televizorda berishini tushunmayman“ desa, bu oddiy gap. Ammo xuddi shu gapni butun jahonga mashhur va sport telekanallaridan tushmaydigan taniqli golfchi aytsa, bu iqtibos birdaniga eʼtiborli ahamiyat kasb etadi.
  • Muallifga tegishli boʻlmagan sahifada koʻrinishi uchun: Boshqa shaxs haqidagi iqtibosni oʻsha shaxs (yaʼni taʼriflanayotgan) haqidagi sahifaga kiritish uchun, iqtibos muallifining alohida tanilganligi talab qilinadi.

Badiiylik omili

[tahrirlash]

Sifat

[tahrirlash]

Bir iqtibosni „iqtibosbop“, boshqasini esa yoʻq deyish juda qiyin va subyektiv qaror boʻlishi mumkin. Semyuel Teylor Kolrij yozganidek: > Nasr – bu eng yaxshi tartibdagi soʻzlar; Sheʼriyat esa eng yaxshi tartibdagi eng yaxshi soʻzlar.

Agar muallif oʻta mashhur boʻlsa, uning kamroq badiiy ahamiyatga ega gaplari ham kiritilishi oqlanishi mumkin. Ammo notiqning mashhurligi past boʻlsa, biz faqatgina aqlli, chuqur maʼnoli, dono, notiqlik sanʼati bilan aytilgan va taʼsirchan iboralarni qidiramiz. Ilmiy, falsafiy yoki boshqa maxsus asardan olingan iqtibos keltirganda, muallif ishlatgan aniq soʻzlar unchalik „chiroyli“ boʻlmasa ham, uning asosidagi maʼnoning ahamiyati loyihaga kiritish uchun yetarli boʻlishi mumkin. (Masalan, Eynshteynning nisbiylik nazariyasi yoki Nyuton qonunlariga oid mulohazalari).

Uzunligi

[tahrirlash]

Iqtibos qandaydir maʼlumot yoki his-tuygʻuni yetkazish uchun yetarlicha uzun boʻlishi, ammo oʻquvchini zeriktiradigan darajada doston boʻlmasligi kerak. Odatda, eng yaxshi iqtiboslar bir yoki ikkita qisqa qatordan iborat boʻladi. Favqulodda holatlarda bir necha soʻzlar unutilmas iqtibos sifatida abadiylashishi mumkin: "Veni, vidi, vici", "E=mc²", "Sen hammi, Brut?". Oʻzbek tiliga tarjima qilinganda yoki kiritilganda madaniy ahamiyati isbotlanmagan, shunchaki 3-4 ta soʻzdan iborat oddiy gaplar koʻpincha oʻchirib tashlanadi.

Favqulodda holatlar boʻlmasa, iqtibos 250 soʻzdan oshmasligi kerak. Bu erishilishi kerak boʻlgan marra emas, balki cheklovdir. Haddan tashqari uzun iqtiboslarni diqqat bilan oʻqib chiqib, keltirilgan matnning hammam qismi chindan ham zarur yoki yoʻqligini tahlil qiling.

Dialoglar uzunligi: Filmlar yoki teledasturlardan olingan butun boshli sahnalar yoki katta hajmdagi dialoglar kamdan-kam hollarda iqtibosbop boʻladi. Filmdan dialog kiritilganda, iloji boʻlsa, bir qahramonning soʻzini alohida iqtibos sifatida ajratib olish afzalroqdir. Odatda, agar buning iloji boʻlmasa, oʻzaro suhbatda iqtibosboplik yetishmaydi deb hisoblanadi. Sujetning ochilishi va hikoyaga bogʻliq boshqa gaplar odatda Vikiiqtibosning umumiy auditoriyasi uchun ahamiyatsiz (spoylerlar). Loyiha hikoyalardagi voqealar bayonini emas, mustaqil maʼnoga ega boʻlgan soʻzlarni toʻplaydi.

Iqtibosning ahamiyatlilik omili

[tahrirlash]

Mashhurlik

[tahrirlash]

Iqtibos koʻp odamlar uchun oʻz dolzarbligini saqlab qolgani, mashhur shaxsga nisbat berilgani yoki ahamiyatli asarda yuzaga chiqqani tufayli mashhurlikka erishib, kiritilishga loyiq boʻlishi mumkin. Umuman olganda, Vikiiqtibosda faqat obroʻli nashrlar, kitoblar va OAVlarda keng takrorlanadigan iqtiboslargina paydo boʻlishi kerak.

Vaqt sinovidan oʻtganlik

[tahrirlash]

Iqtibos qanchalik eski boʻlsa, uning jamoatchilik ongida avlodlar osha saqlanib qolganligi shunchalik oydinlashadi. Iqtibosni baholashda, u oʻn, yuz, hatto ming yildan keyin yashaydigan odamlar uchun ham qiziq boʻlishiga ishonish uchun yetarli mezon boʻlishi kerak.

Shuning uchun, iqtibos qanchalik yaqin davrda aytilgan boʻlsa, uning iqtibosbop boʻlish ehtimoli shuncha past boʻladi. Qoida sifatida, soʻnggi oʻn yil ichida aytilgan har qanday iqtibos uning tabiatan iqtibosbop emasligi taxmini ostida qattiq tekshiriladi. Agar ushbu sahifada keltirilgan boshqa omillar kuchli ijobiy rol oʻynasa (masalan, muallif jahon miqyosidagi arbob boʻlsa), bu cheklovni aylanib oʻtish mumkin. Aksincha, yuz yildan oshiq vaqt oʻtgach ham tillarda doston boʻlayotgan iqtibos – oʻz-oʻzidan iqtibosbop deb hisoblanadi.

Tarjimalar

[tahrirlash]

Boshqa tildan oʻzbek tiliga tarjima qilingan iqtiboslarni Vikiiqtibosga kiritishda asl matnni (originalni) ham koʻrsatish qatʼiy qoida hisoblanadi.

Vikiiqtibos shunchaki chiroyli soʻzlar toʻplami emas, balki ishonchli manba boʻlgani uchun, tarjimalarda asl nusxaning uchrashi quyidagi maqsadlarga xizmat qiladi:

  • Tasdiqlash va ishonchlilik: Boshqa foydalanuvchilar va oʻquvchilar tarjimaning qanchalik toʻgʻri qilinganini tekshirishlari mumkin boʻladi.
  • Kontekstni saqlash: Soʻz oʻyinlari, qofiya, kinoya yoki madaniy ohanglar faqat asl tildagina toʻliq namoyon boʻladi. Tarjima buni har doim ham 100% bera olmaydi.
  • Akademik aniqlik: Muallifning oʻz soʻzlarini oʻz tilida saqlab qolish uning asariga nisbatan ensiklopedik hurmatni bildiradi.

Izohlar

[tahrirlash]
  1. Misol uchun, „Tarix oʻzini takrorlamaydi, ammo ohangdorlik qiladi“ jumlasi koʻpincha Mark Tvenga nisbat beriladi, biroq uning asarlarida bu jumla uchramaydi.
  2. Tarixiy gazeta maqolalari yoki zamondosh guvohlarning yozma dalolatlari bunga misol boʻla oladi.
  3. Masalan, „Dunyoda koʻrishni istagan oʻzgarishning oʻzi boʻl“ jumlasi koʻpincha Mahatma Gandiga nisbat beriladi, ammo manbalarda bu tasdiqlanmagan.