Kontent qismiga oʻtish

Xulq

Vikiiqtibosdan olingan
Xulq

Qardosh loyihalar

Xulq, xulq-atvor – axloqshunoslik tushunchalaridan biri. Insonning feʼl atvori bilan bogʻliq axloqiy hodisa boʻlib, kishi feʼlining axloqiylik doirasida namoyon boʻlishi tushuniladi.

Alifbo tartibi boʻyicha:
A · B · D · E · F · G · H · I · J · K · L · M · N · O · P · Q · R · S · T · U · V · X · Y · Z · · · Sh · Ch · ng · Yana qarang · Havolalar

Abadiy saodatning kaliti xushfeʼllikdir,
Ammo unga baʼzilar doim muyassar ermas![1]

Baʼzi hakimlarning fikricha, xushxulqlikning oʻnta nishonasi bor. Ular quyidagilar: birinchi, yaxshi ishlarda odamlar bilan hamisha birga boʻlish, ikkinchi, nafs kuyiga kirmaslik, uchinchi, oʻzgalar aybini qidirmaslik, toʻrtinchi, birovdan biror ayb sodir boʻlsa, uni yaxshilikka yuyish, beshinchi, aybdor uzr soʻrasa, aybini kechirish, oltinchi, muhtojlar hojatini chiqarish, yettinchi, oʻzi haqida oʻylayvermay, boshqalar haqida ham qaygʻurish, sakkizinchi, oʻz aybiga iqror boʻlish, toʻqqizinchi, ochiq yuzlik boʻlish, oʻninchi, xushmuomala boʻlish[2].

Bir dono kishi bir ulugʻ olimning quyidagi soʻzlarini keltiradi: „Yoqimli xulq kishining barcha ayblarini quyosh qorni eritib yuborgandek eritib yoʻqotib yuboradi“[3].

Bir hakimdan: „Xushxulq kishi qanday kishi?“ deb soʻradilar. Hakim: „Hech narsadan ranjimaydigan kishi!“ deb javob berdi. Yomon xulqli kishi haqida soʻraganlarida esa: „Yomonlik bilan yaxshilik oʻrtasidagi farqni bilmaydigan kishi!“ deb javob berdi[4].

Donishmand va olimlarning xulqlaridan oʻrnak olish yaxshi xulqni tiriltiradi, yomonni yoʻq qiladi[5].

Goʻzal sifat va husni xulq siyratlari bezamagan kishini hech qanday chiroyli kiyimlar koʻrkam qilolmas, gunoh va xatolardan saqlanmagan kimsaning qalbi sira aybdan forigʻ boʻlmas[6].

Goʻzal xulq — birovga aziyat yetkazmaslik, gʻazabini soʻndirish, oʻzini xotirjam tutish va shirinsuxanlikdadir[7].

Hakimlarning aytishicha, shijoat, saxovat va xushxulqlik eng aʼlo fazilatlar boʻlib, bu sifatlarga ega boʻlgan kishilar doimo ulugʻlik sarmoyasidan bahramand boʻlganlar. Mazkur sifatlar ichida xushxulqlik alohida diqqatga sazovordir. Negaki, shijoatga ahyon-ahyonda ish tushadi. Saxovat oliy fazilat boʻlsa-da, u barchaga muyassar boʻlavermaydi, uning uddasidan chiqish uchun kishiga har xil shart-sharoitlar kerak. Ammo xushxulqlik shunday narsaki, unga barcha odam yeta oladi. Yoqimli xulq egasidan barcha katta-kichik xursand boʻladi. Bunday xulq egasi boshqalarni xursand qilishidan tashqari, oʻzi ham doimo xursand yuradi, boshqalardan esa oʻziga muhabbat va muloyimlik qaytadi[1].

Husni xulqdan yaxshilik ustiga yaxshilik qoʻshadigan, hasaddan koʻra yomonlik ustiga yomonlik qoʻshdigan narsa koʻrmadim[8].

Inson goʻzalligining asosi uning chiroyli xulqidir.
Chiroyli xulq bilan inson insondir,
Chetdan boqsang shakli hammasi bir xil.
Rang-u hidi bilan farqi bilinar,
Yozilishda bir xil boʻlgan „gulu gil!“[9]

Jahonda qidirib, kimdan soʻrmadim,
Yaxshi xulqdan yaxshi narsa koʻrmadim![2].

Jamiyatda bir odamning yomon xulqi hammaga taʼsir qiladi. Sachragan ozgina loy ming chandon koʻp hajmdagi suvni bulgʻaydi[10].

Kishini goʻzal qilib koʻrsatadigan uning chiroyi emas, balki chiroyli xulqidir. Chiroyli xulq xunuk kishini ham chiroyli qilib koʻrsatadi. Chiroyli xulq chiroyli kishilarda mavjud boʻlsa, nur aʼlan nurdir[11].

Koʻrkam xulq quyidagicha boʻladi: olib ketsa beriladi, yaxshilikdan mahrum etilsa yaxshilik qiladi, zulm qilsa, muruvvat koʻrsatadi, shunday qilgan kishiga odamlar ibrat koʻzi bilan qaraydilar[3].

Makorimul-axloq (yuksak xulq) quyidagi oʻn xislatdan iboratdir: saxovat va hayo, rostgoʻylik va omonatni joyiga berish, kamtarlik va rashk, shijoat va halimlik, sabr va shukr[12].

Qabohatli suvrat, chirkin yuzning va yomon chehraning orqasida yaramas xulqdan boshqa narsa yoʻqdir[13].

Rostdan ham, barcha narsadan yoqimli sifat xushfeʼllikdir. Xushfeʼllik odamga doimo kerak. Chunki xushfeʼllikka hamma odam muhtoj![1]

Yuz millatning kitobin oʻqisa ham omidir,
Odamiylik kitobin oʻqimasa har kishi![1]

Xulq tuzatilishga qaraganda buzilishga moyilroq[14].

Manbalar

[tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 95.
  2. 2,0 2,1 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 91.
  3. 3,0 3,1 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 93.
  4. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 94.
  5. Tursun 2006, s. 62.
  6. Tursun 2006, s. 132.
  7. Tursun 2006, s. 140.
  8. Tursun 2006, s. 131.
  9. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 92.
  10. Tursun 2006, s. 126.
  11. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 215.
  12. Tursun 2006, s. 122.
  13. Tursun 2006, s. 137.
  14. Voronsov 1989, s. 36.

Adabiyotlar

[tahrirlash]
  • Xomidiy, Hamidjon; Hasaniy, Mahmud. Mashriqzamin hikmat boʻstoni (PDF PDF), Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997 — 251-bet. ISBN 978-9943-00-130-5. 
  • Tursun, Ahmad. Sharq donishmandlari hikmatlari. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2006 — 208-bet.