Kontent qismiga oʻtish

Abdulla Qahhor

Vikiiqtibosdan olingan
Abdulla Qahhor
Vikipediyadagi maqola
Vikiombordagi fayllar


Abdulla Qahhor (1907-yil – 1968-yil) – Oʻzbek adabiyotining atoqli namoyondasi, mohir hikoyanavis va yozuvchi.

Iqtiboslar

[tahrirlash]

Vatan va vatanparvarlik haqida

[tahrirlash]
  • Uyingni oʻgʻri bossa, oʻgʻlingni sandiqqa solib qoʻyib, qoʻshningni chaqirmaysan.
  • Xalqni koʻrgani, yurtga qaragani boʻyi yetmaydigan odamchaning oftobshuvoqda qornini yalab, orqa oyogʻi bilan boʻynini qashlab yotgan mushuk boladan farqi yoʻq.
  • Xalqning qalbiga uzoqdan qoʻl solib boʻlmaydi, qoʻl solish uchun uning oldiga borish kerak.
  • Yurtni obod qilaman degan kishi oʻzi obod boʻladi.
  • Yurtdan chiqish tiriklay goʻrga kirish degan soʻz.
  • Oʻzbek dehqoni oʻz qoʻliga olgan tuprogʻimiz haqiqatan oltin tuproq boʻlib qoldi.

Inson, qadr-qimmat va qudrat haqida

[tahrirlash]
  • Inson bamisoli bir mashina, mashinaning sarf qilingan quvvatini ishga aylantirish qobiliyati turlichadir. Inson ham shunday. Insonlarning ham insoniyatga foyda yetkazish qobiliyati turlicha. Fan mashinalarning shu qobiliyatini orttirishga, yaʼni sarf qilingan quvvatdan iloji boricha koʻproq foyda chiqarishga uringanday, tarbiya ham insonning jamiyatga foyda yetkazish qobiliyatini oshirishga urinadi. Fan hali sarf qilingan butun quvvatni isrofsiz foydali ishga aylantiradigan mashina topolgani yoʻq, ammo tarbiya buni topdi, Yer yuzida shunday bir tarbiya borki, bu tarbiyani koʻrgan kishi kuch va umrini samarasiz, xudbinlik natijasi boʻlgan ishlarga sarf qilmaydi. Bunday tarbiyani beradigan murabbiy avval oʻzi tarbiyalangan boʻlishi kerak.
  • Inson hamma yerda ulugʻ… Uning ulugʻligi qoʻlidan kelgan ishlarda, yaratuvchiligida koʻrinib turadi.
  • Koʻz yoshi-e ye koʻngildagi gʻam-gʻussaning damini kesish, yo berahmning rahmini keltirish uchun toʻkiladi.
  • Odam bolasining oʻlim kutishiga, yaʼni dunyodan umid uzishiga ishonmayman.
  • Odamning yomoni boʻlmaydi. Birov tosh, birov gul, oʻz joyida ikkovi ham yaxshi.
  • Odamning odamga aksi uradi.
  • Odamning chiqiti boʻlmaydi.
  • Taqdirini oʻz qoʻliga olgan odamlarning kelajagi, albatta, yorqin boʻladi, hali bu neʼmatga erishmaganlarning yoʻlini kurash yoritadi.
  • Shunday odamlar ham boʻladiki, tugʻilganda hech kim sevinmagan boʻlsa ham, oʻlganda butun yurt aza tutadi.

Koʻzboʻyamachilik va munofiqlik haqida

[tahrirlash]
  • Ajoyib it. Oʻgʻri kirganda olqishlasak, yotib dumini yalaydi.
  • Bir odamning biri oʻn sakkiz yashar, biri qirq yashar ikkita xotini bor ekan: yosh xotinning oldiga borganda soch-soqolidagi oq tuklarni yular ekan, qari xotinining oldiga borganda qora tuklarni… Shunday qilib bu odam moxovdek boʻlib yurar ekan.
  • Mushuk… osmondan tashlab yuborsang oyogʻi bilan tushadi.
  • Shaxsiy boylik orttirish, oʻgʻrilik va muttahamlik qilish uchun amal, mansabni issiq uyaga aylantirgan koʻzboʻyamachilar xalq bilan davlat orasiga parda tortadi, xoʻjalikni izdan chiqaradi. Ilm-fan ahllarining boshini aylantiradi, rahbar tashkilotlarni yanglishtiradi va hokazo! Koʻzboʻyamachilik natijasida vujudga kelgan yomon ahvolning jabrini borib-borib xalq tortadi.
  • Oʻz xotinini aldagan odam oʻynashiga rost gapirmaydi.

Nuqson va murosasizlik haqida

[tahrirlash]
  • Bir narsa haqida birgina odam gapirsa balki hali hech nima yuz bermagandir. Lekin boshqalar ham gapira boshladimi, demak, bir gap bor, bu ishga endi diqqat qilmoq lozim.
  • Biz xatolarni qancha tez tuzatsak, oʻtmish madaniyatimiz uchun ham, kelgusi taraqqiyotimiz uchun ham shunchalik katta savob ish qilgan boʻlamiz.
  • Yiqilgan qoqilganga kulibdi.
  • Kamchiliklarni chimdib olib tashlash bilan ish bitmaydi… tomiri bilan sugʻurib tashlash zarur. Buning uchun hovliqmasdan, shovqin solmasdan, umidsizlikka tushmasdan, sabr va qunt bilan ish koʻrish kerak, oʻshanda… kamchiliklarning katta-kichik, yashirin-oshkora oqibatlarini topib, bu yomon oqibatlarga ilgʻor odamlarning, shular vositasi bilan butun xalqning diqqatini tortish, shu yoʻl bilan bu kamchiliklarning payini qirqish… mumkin boʻladi.
  • Odam oʻz gunohini birovning gunohi bilan yuvmoqchi boʻlishi chakki, chunki gunohni gunoh hech qachon yuva olmaydi.
  • Tomoqqa qiltiriq tiqilsa, mushukning tirnogʻi dori.
  • Tilini tishlab olgan odam tishini sugʻurib tashlamaydi.
  • Chalasavod kishi oʻzidan past, nima desa „hikmat“ deb turadigan odamlar bilan ulfatchilik qilishga moyilroq boʻladi.
  • Oʻlik tirikning joniga oro kiradi.
  • Qoqilgan odam yoʻlda yotgan toshdan oʻpkalanmaydi.

Nodonlik va ezmalik haqida

[tahrirlash]
  • Ayniqsa bahor kunlari majlisdan yomoni yoʻq! Koʻcha-kuyga suqlanib qarab oʻtirganingizda bir odam minbarga chiqib, sartaroshning qaychisidek shaqillayversa… har qanaqa odamning ham uyqusi keladi.
  • Birovning uyiga oyogʻingni artmasdan kirgani-ku ibo qilasan, nega havoni bulgʻatgani ibo qilmaysan?!
  • Gapni tonnalab oling-u grammlab soting.
  • Don Kixot boʻyi, boʻyni, yuzi, burni – hammasi uzun, faqat aqli qisqa, xolos.
  • Odamlarki bor, halol mehnat bilan oʻzini koʻrsatgani erinadi-yu, olamda borligini maʼlum qilib turish uchun koʻproq gapirishga harakat qiladi; majlis-pajlisda soʻz tegib qolsa, foydali biron fikr aytish uchun emas, gapirish, faqat gapirish uchun gapiradi. Jamiyatda oʻzi koʻrinmay faqat tovushi chiqadigan bu xildagi odamlar, tekin quloq topilsa, bitta eski doʻppi toʻgʻrisida sakkiz soat suv ichmasdan gapiradi. Odamlar esnaydi, mudraydi, majlis raisiga xoʻmrayib qaraydi…

Halollik, poraxoʻrlik va tamagirlik haqida

[tahrirlash]
  • Amaldorni maqtagan odam borib uni qulogʻiga maqtaydi. Koʻpchilik oʻrtasida maqtaydi. Bu oʻsha amaldorga obroʻ keltiradi. Va u obroʻni maydalab pul qiladi.
  • Birov poraxoʻrning bilagidan ogʻgan moyni itday yalaydi; birov „poraxoʻr hurkmasdan olsin, bemalol yesin“ deb poraning otini „sovgʻa“, „hadya“, „toʻyona“, „yordam“ qoʻyib beradi.
  • Bitta goʻl poraxoʻrni tutishdan koʻra yigirmata uchar oʻgʻrini tutish osonroq. Oʻgʻri urgan kishi „dod, oʻgʻrini ushla“ deydi, pora bergan kishi „dod, poraxoʻrni ushla!“ demaydi.
  • Bu zamonda obroʻning birdan bir manbayi – mehnat, obroʻ esa pul yasash quroli emas, xalqning hurmatiga sazovor boʻlishdir. Demak, obroʻni pul sochib topish mumkin emas, bunga urinish xalqning oʻrinli shubha va nafratini qoʻzgʻatadi, xolos.
  • Boshiga ish tushgan odamni shilish – oʻlikning kafanini yechib olishday gap.
  • Jonini olgani kelgan Azroildan ham pora soʻraydi.
  • Jurnal, gazeta yozuvchilar ijodini muzayyan qilib, kitobxonlar oldiga yoziladigan dasturxon. Bas shunday ekan, bu dasturxon halol va pok boʻlmogʻi kerak.
  • Kimning goʻri kuysa kuysin-u, mening qozonim qaynasin, degan ekan bir tamagir.
  • Koʻchada yotgan suyakni qaysi it gʻajimaydi!
  • Foydasi naqd boʻlmagan haq soʻzdan koʻra foydasi naqd nohaq soʻz quloqqa tezroq kiradi.
  • Porani qildek sugʻurib, ilikdek yutadi.
  • Taʼna qilish – qattiq oʻpkalash degan soʻz.
  • Oʻzi toʻymaganning salqiti qorin ogʻritadi.
  • Oʻgʻri kechasi yoʻlingizni toʻsib choʻntagingizga qoʻl soladi, pulingizni oladi, oladi-yu, qochadi-ketadi. Poraxoʻr kuppa-kunduz kuni, yana hukumat idorasida oʻtirib choʻntagingizga qoʻl soladi, pulingizni oladi-yu, qochib ketmaydi, jinoyatga sizni sherik qiladi.
  • Hay-hay, yo alhazar… bu odamning ogʻziga olgan luqmalarini uncha-muncha odam otashkurak bilan ushlashga hazar qiladi.
  • Haqiqatan, poraxoʻrdagi qulay sharoit hech bir oʻgʻrida yoʻq.
  • Halol odamning yaxshi niyatini barbod qilish, uni harom yoʻlga, halokat chohi yoqasiga boshlashdan ogʻirroq jinoyat yoʻq.

Muomala haqida

[tahrirlash]
  • Birov gapni yogʻlab gapiradi, birov tikanak bogʻlab gapiradi, … odam gapni qay tarzda gapirganiga emas, nima deganiga qaralsa, durust boʻlar…
  • Kirpitikanni turtsangiz tikanini hurpaytirib oladi-yu, keyin qoʻl tegizib boʻlmaydi.
  • Mezbon uzoq yoʻldan kelgan mehmonni ochiq chehra bilan qarshi olmasa, bir piyola choyini darigʻ tutsa, biron harakati yoki soʻzdagi ohangi bilan „nega kelding, yoʻqlab turgan edimmi?“ degan maʼnoni bildirsa, mehmonning qay holatda qolishini tasavvur qila olasizmi? Agar mehmon mezbon oilasida biron janjal boʻlayotgani ustidan chiqsa, bundan ham yomon, oʻngʻaysiz holatda qoladi. Mezbon uning uchun jonini fido qilsa ham, oʻsha janjalning natijasi boʻladigan bir necha minutlik jimlik yoki asabiy yuzida aks etgan soxta tabassum hammasini yuvib ketadi.
  • Olamda kishini yayratadigan narsalarning hisobi yoʻq, ammo bularning hammasi zaharli soʻz, olovli qamchi kutgan kishing tomonidan boʻlgan iltifotga yetarmikan?