Kontent qismiga oʻtish

Abdulla Qodiriy

Vikiiqtibosdan olingan
Abdulla Qodiriy

Umumiy maʼlumotlar
Tavalludi 10-aprel 1894
Toshkent
Vafoti 4-oktyabr 1938
Toshkent
Qardosh loyihalar

Abdulla Qodiriy (taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (10-aprel 1894-yil, Toshkent; 4-oktyabr 1938-yil) – XX asr yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi; 1920-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Yozuvchining oʻzidan qoʻshishi (ruscha aytganda, вымысел) adabiy asarda katta rol oʻynaydi. Lekin men turmushda koʻrmagan, bilmagan narsam haqida hech narsa yozmayman. Har bir asarimning yozilishiga turmushda uchragan biror voqea sabab boʻladi... Men materiallarni oʻrganish mahalida asarni qaysi xilda yozish haqida bosh qotirib yuraman. Shuning natijasida men Oʻzimcha asarimning juda ham taxminiy sxemasini tuzib olib, keyin ishga tushaman. Shunday sxema boʻlmasa, hech qachon yozuvga oʻtira olmayman.
  • Haqiqiy yozuvchi boʻlmoq uchun turmushni har taraflama oʻrganish, buning uchun uning har sahifalaridan xabardor boʻlish kerak. Qisman mening boshimdan kechirganlarim mening yozuvchi boʻlishimda kattagina rol oʻynaganlar. Haqiqiy yozuvchi boʻlishni istagan yoshlarimiz ham dastlab shu turmush ichiga kirishlari, uni bilishlari kerak.
  • Adabiyot dunyosida ikki turli tanqid bor: jiddiy tanqid va hajviy tanqid... Tanqidning ikkinchi xili boʻlgan hajviy (satira maʼnosi bilan) ommaviy deyilsa boʻladi... Hajviy tanqid avomning ruhiga yaqin va uning his etgan, ammo ifoda qila olmagan masalalariga tarjimondir. Xulosa: hajviy tanqidning tabiatidagi kulgilik unsuri avomning mahbubi, tagʻin toʻgʻrisi, uning oʻz ijodidir.
    Bir millatning har bir sohada tutgan mavqei madaniyatdagi darajasiga, yaʼni saviyasiga qarab hukm qilinsa ham, ammo hajviyotdagi darajasi bunga qaramaydi. Millatning kulgilik dahosi aksar oʻsha qavmning intiboh tarixining qaldirgʻochi boʻlib koʻrinadi. Masalan, Italiyada, Ispaniyada va Rossiyada (Gogollar) kabi...
  • “Oʻtkan kunlar”ni yozar ekanman, doimo koʻz oʻngimda oʻquvchi ommamiz turar edi. Men bu kitobim bilan xalqimiz ragʻbatini bir oz boʻlsa ham yangilikka tortay, der edim… Modomiki, asar saviyasi oʻzimizga maʼlum shu xalq uchun yozilar ekan, yana bir muncha vaqt “soʻnggi priyom”lardan koʻz yumib turish, oraliqda soʻnggi priyomni oz-oz qistira borish lozimdir. Na uchunkim, soʻnggi priyomda yozilgan sheʼr va nasrlarimiz bir tabaqagagina xos boʻlib qola bergani daʼvomizga dalildir.
  • Men bir asar yozishdan avval shu yozmoqchi boʻlgan narsam haqidagi materiallarni puxta oʻrganib chiqaman… Materialni oʻrganish mahalida eng mayda narsalarga (detallarga) ham ahamiyat beraman. Masalan, men haligi oʻrganmoqchi boʻlgan yerda qancha daraxt borligi, ularning qanchasi eski va qanchasi yangiligi, men borgan mahalda oʻsha daraxtlarda qanday qushlar qaysi xilda qoʻnib turganligi va shunga oʻxshash mayda narsalargacha. Birinchi qaraganda, bu narsalar hech ahamiyatga molik boʻlmaydigandek koʻrinsa ham keyinroq foydasi tegib qolishi mumkin… Yozuvchi boʻlaman degan har bir kishi oʻzida mana shunday turmushning mayda-chuydalarigacha kuzata oladirgan qobiliyatni oʻstirishi kerak.
  • “Oʻtkan kunlar” yangi zamon romanchiligi bilan tanishish yoʻlida kichkina bir tajriba, yana toʻgʻrisi, bir havasdir. Maʼlumki, har bir ishning ham yangi — ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydonga chiqishi, ahllarning yetishmaklari ila sekin-asta tuzalib, takomilga yuz tutishi tabiiy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimga jurʼat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan choʻchimadim.
  • Didaktika usulini koʻproq qoʻllashning sababi “Oʻtkan kunlar”ning ommamiz saviya­siga qarab yozilishidandir. Maʼlumki, bizning omma to shu kungacha ham oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir. Ommaning shu holini nazarga olganda, barmoq bilan sanarlik besh-oʻntagina (ular ham oʻz hunarlarida noʻnoqlardirlar) yoshlarimiz uchun “soʻnggi priyom”ni berish tishi chiqmagan bolaga qurt shimitish kabi boʻlar edi. Holbuki, bu eski priyom joʻrttaga, xalqimizning saviyasini eʼtiborga olib qabul qilingandir.
  • Soʻz soʻzlashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining oʻzigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik ayt­moqchi boʻlgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikdadir. Bundan bosh­qa fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan soʻz va jumlalarga yozuvda aslo oʻrin berilmasligi lozim. Shundagina iboraning tuzatib bosilishiga yoʻl qoʻymagan va mustaqil uslub va ifodaga ega boʻlib, oʻzingizning qalamdagi istiqbolingizni taʼmin qilgan boʻlasiz. Kishiga ishonish va behuda kuchanish maʼqul gap emas, birovga orqa qilib, oʻzingizda boʻlgan talantning ruhiga fotiha oʻqiy koʻrmangiz! Bir soatda emas, oʻn soatda yozish, bir qayta emas, oʻn qayta tuzatish kishining yordamiga termulishga qaraganda ham foydalik, ham umidlidir.
  • Bundan biror yillar muqaddam oʻrtoq Sotti Husayn “Oʻtkan kunlar”ni tanqid qilish niyatida boʻlganligini menga izhor qilib, yordam soʻraganida unga xursandligimni bildirgan, “Agar siz shu niyatingizda sobit qolsangiz, tanqidchilikdagi bir nuqsonimizni yoʻqotasiz!” degan, kerakli maʼlumotlar berib, hatto meni roman yozishga havaslantirgan Misr fuzalosidan ustoz Joʻrji Zaydon bilan tanishtirib, Joʻrji Zaydonning roman va gʻayri (boshqa) asarlarini Sotti Husaynga tavsiya qilib va orzusi boʻyicha tarjimai holimni ham yozib bergan edim. Darhaqiqat, siz va bizning vazifamiz bunday yosh, gʻayur yigitlarga ham doim dalda berishlikdir.

Manba

[tahrirlash]

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!