Kontent qismiga oʻtish

Asqad Muxtor

Vikiiqtibosdan olingan
Asqad Muxtor
Umumiy maʼlumotlar
Tavalludi 23-dekabr 1920
Fargʻona
Vafoti 17-aprel 1997
Toshkent
Qardosh loyihalar

Asqad Muxtor (23-dekabr 1920-yil, Fargʻona; 17-aprel 1997-yil, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, shoir va tarjimon.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) boʻlish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.
  • Toshning bardoshi zoʻr.
  • Dengiz, goʻyo Yerni hushiga keltirmoqchidek, hadeb qirgʻoqqa suv separdi...
  • Odissey arvohlarni oʻzi bilan suhbatlashishga koʻndirish uchun ularga oʻz qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak.
  • “Muz oʻchib qoldi!” dedi bola suvda erib ketgan muz parchasini koʻrib.
  • “Biz XII-XIV asr Dashti Qipchoq (Oltin Oʻrda) turkiy adabiyotini negadir yaxshi oʻrganmaymiz. Vaholanki, bu adabiyot (Qutb, Sayfi Saroyi, Hisom Kotib) sof turkiy til, xalqchillik jihatidangina emas, umuminsoniy mundarijasi bilan ham katta eʼtiborga loyiq. Birgina “Jumjuma Sulton” dostonini oling. Hisom Kotib uni Farididdin Attorga (“Jumjumanoma”) taqlid qilib yozgan. Zamondoshi Dantening “Inson komediyasi” bilan taqqoslasangiz, juda antiqa fikrlarga kelasiz. (Masalan, dunyoni vertikal holda olib, yaʼni hamma zamonlarni bir vaqtga jamlab (xronotop), abadiyatda uchrashtirib tasvirlash...) Bu ikki muallif bir-birini bilmay turib, maʼnan juda ohang­dosh asar yozganiga hayron boʻlasiz.
    Alisher Navoiydan oldingi turkiy tilga quloq soling:

Chun ki kelding dunyoya — ketmoq kerak,
Bor kuching yetgancha xayr etmoq kerak!
(Hisom Kotib)

Soʻngakka ilikdur, eranga bilik,
Biliksiz eran ul — soʻngak beilik.
(Adib Ahmad, XII asr)

(Darvoqe, “Inson komediyasi”ning motivlari Al-Maarriydan buyon davom etib keladi.)

  • Yozuvchi yolgʻonni toʻqiydi-yu, haqiqatni yozadi.
  • Shamol shamni oʻchiradi. Shunga oʻxshab, ayriliq ham shunchaki xushtorlikni sovitishi mumkin, chin muhabbatni oʻt oldiradi.
  • Haqiqat — Xudodir: uni hamma biladi-yu, oʻzini hech kim koʻrmagan.
  • Shoir boʻlish yaxshi, shoirlik daʼvo qilish yomon.
  • Daholar oʻz kasblari doirasidan chiqib ketadilar. Falonchi — shoir, falonchi — olim, ammo Navoiy — Navoiydir, Eynshteyn — ­Eynshteyn.
  • Qalam soʻzning soyasini chizadi.
  • Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, oʻqilgani.
  • Sizga teatr yoqadimi, kinomi? — dedi muxbir.
    Sizga odam yoqadimi yo uning soyasi? — dedi adib.
    …Baʼzi odamlar boʻladiki, oʻzidan ­soyasi tuzuk, — deb hazil qildi muxbir ham.
    Kuldilar.
  • Ilgari men abstrakt sanʼatni tushunmas va hazm qilolmas edim. Inson samoga uchib, kosmos davri boshlangach, bu sanʼatga qiziqib qoldim. Abstrakt sanʼat Kosmos obrazining estetik ibtidosi boʻlsamikan?
  • Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli boʻlavermaydi. Chunki hech kim oʻzini talantsizman, deb oʻylamaydi.
  • Mix bolgʻadan qochib qutulaman deb, taxtaga kirib ketdi.
  • Boy boʻlish uchun koʻp narsani qurbon qilish kerak: halovat, salomatlik, goho balki vijdonni ham… Yoʻq, mening bunga qurbim kelmaydi, men unchalik badavlat emasman.
  • Hayot shunday ajoyib moʻjizaki, oʻlim uning evaziga berilgan arzimas bojdir.
  • Ishlamagan tishlamaydi, derdi amaldor. Oʻzi esa hamon tishlardi. Chunki uning ishi shu.
  • Tabiat — yaxshilik va goʻzallikning bevosita ifodasi.
  • Dehqon mehnati — hayotning ilohiy aqidasi.
  • Odamlar seni bilmasa ham, sen odamlarni bil.
  • Qadimda bir donishmand aytgan ekan: “Men vaqtning nima ekanini bilaman. Ammo “Vaqt nima?” deb soʻrasalar, aytolmayman”.
    Nazarimda, sheʼriyat haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. U benihoya, u bitmas-tuganmas...
  • U oʻz soʻziga oʻzi xoʻjayin: bugun beradi, ertasiga qaytib oladi.
  • Shoir uchun asosiy ish — koʻngil koʻzi bilan koʻrish; qogʻozga tushirish esa — kasb.
  • Yolgʻonchining yolgʻonchiligi — uning eng yengil gunohidir.
  • Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.
  • Ovidiy “yolgʻizlik baxti”ni maqtagan. Buyuk shoir kechirsin, men uchun yolgʻizlikda koʻrgan huzur-halovatning alami ogʻir.
  • Tarjimondan aniqlik talab qiling. U chizmakash emas, rassom!
  • Qarilikdan qoʻrqma, unga hali yetish kerak.
  • Shunday yillarni koʻrdikki, baxtli boʻlish uyat edi.
  • Fizikada oqibat sababga teng. Axloqda ham shunday.
  • “Vaqt oʻtyapti!” deymiz sal hazinlik bilan. Bu gapni inson oʻzini ovutish uchun oʻylab topgan. Aslida biz oʻzimiz oʻtyapmiz...
  • Isteʼdod nimaligini, tarkibiy qismlarini bilmayman-u, tasavvur salohiyati uning juda muhim jihati ekaniga aminman. Biz qahramonlarimizni, ularning harakat va vaziyatlarini avval tasavvur etamiz, keyin tasvirlaymiz. Jyul Vern oʻzi koʻrmagan shaharlarni, masofalarni, oʻlkalarni tasvirlagan, uning bu tasvirlari haqiqatga yaqin; Jonatan Svift Marsning yoʻldoshlarini ular kashf qilinishidan 150 yil oldin tasvirlagan, Beruniy Amerika qitʼasining borligini Kolumbdan 450 yil avval taxminlagan. Tasavvur salohiyati adib isteʼdodini fan bilan yaqinlashtiradi.
  • Suqrotning “Respublika”si, Forobiyning “Madinat ul-fozila”si, Tomas Moorning “Utopiya”si, Kampanellaning “Quyosh shahri”, Bekonning “Yangi Atlantida”si, Kabekning “Ikariyaga sayohati”... Dunyoda shunday oʻnlab asarlar bor. Bular — ijtimoiy utopiyalardir. Diniy-axloqiy, fanniy-texnikaviy va sevgi-muhabbat utopiyalarini aytmaysizmi! Bular — inson orzu-xayolining ezgu parvozlari. Bizning “utopiya” — “xayolparastlik” degan atamalarimiz ularni yerga uradi. Aslida, bular odamzodning ideal izlanishidir. Ideal esa har qanday taraqqiyotning garovi.
  • Donjuanlar, faustlar, majnunlar, prometeylar, iskandarlar, jyulyettalar koʻp boʻlgan. Lekin ularni faqat Bayron va Pushkin, Hyote va Hayne, Navoiy va Nizomiy, Esxil va Shekspir nomlari bilan bogʻlaymiz. Boshqa mualliflarda bular hayotda yoki tarixda boʻlgan narsa kabi qabul qilinadi. Faqat daholar qoʻliga tushgandagina “fakt” muammoga aylanadi. Biz endi buni klassika deb ataymiz.
  • Sheʼrni tahlil qila boshlasalar, gʻashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan koʻra, shunday koʻkrak toʻlatib nafas olgan yaxshiroq emasmi?
  • Sharq sheʼriyati — muhabbat va mehr toʻla, goʻzal va hassos, yuksak badiiy ramz va tashbehlarga boy, erkin, insoniy, teran falsafiy, anʼanaviy romantik sheʼriyat. Qadimdan shunday. U asrlar davomida Gʻarb adabiyotining romantik ruhini bir necha bor qutqarib qoldi.
  • Yozuvchi oʻz shaxsi va oʻzgalarning shaxsi bilan birikib ketgan — asar uning subyekti. U boshqa ishda ham ishlashi mumkin, ammo uning mohiyati, ehtirosi — ijod. Qobiliyati qancha katta boʻlsa, shuncha katta kuch sarf qiladi. U — beixtiyor fidoyi; ham baxtiyor, ham baxtsiz — bu uning irodasiga bogʻliq emas.

Manba

[tahrirlash]

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!