Kontent qismiga oʻtish

Epiktet

Vikiiqtibosdan olingan
Epiktet

Umumiy maʼlumotlar
Tavalludi 50
Hierapolis
Vafoti 138
Nicopolis
Qardosh loyihalar

Epiktet — qadimgi yunon faylasufi.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Haqiqatni qabul qilmaganlar bilan bahslashish befoyda. Chunki ular inson emas, toshdir.[1].
  • Eng muhimi — Xudoning mavjudligi va U butun Koinotni donishmandlik ila boshqarib turmogʻiga komil ishonch bilan qaramoqlik lozim. Sen Unga boʻysun, roʻy berayotgan voqea-hodisalarga qarshilik koʻrsatmay, barchasiga tan ber[2]
  • Men nimaman? Insonman. Agar oʻzimga boshqa narsalardan alohida va mustaqil bir jon deb qaragudek boʻlsam, u holda men soʻzsiz uzoq umr koʻrishim, boy-badavlat, baxtiyor va sogʻlom hayot kechirishim kerak. Agar oʻzimga butunning kichik bir zarrasi sifatida qaragudek boʻlsam, u holda ana shu butunga nisbatan har qanday xastalikka, muhtojlikka boʻysunishim yoki hatto bevaqt oʻlimga ham shay turmogʻim lozim. Shunday ekan, mening noshukrlik qilishga haqqim bormi? Axir men noshukrlik tufayli yurishdan bosh tortib, tanadan ajralib qolgan oyoq kabi insonlikdan mahrum boʻlib qolish mumkinligini yaxshi bilaman-ku![2]
  • Sen dramada ishtirok etayotgan bir aktyor ekanligingni, katta yoki kichikligidan qatʼi nazar, muallif tomonidan topshirilgan rolni oʻynashing kerakligini unutma. Agar u sening qashshoq timsolini oʻynashingni istasa, bu vazifani sidqidildan bajar. Biror nogiron kimsa yoki hukmdor, yo boʻlmasa oddiy fuqaro timsolini ham astoydil ado et. Sening vazifang zimmangga yuklatilgan rolni yaxshilab bajarishdan iborat. Rollarni taqsimlab berish esa oʻzganing ishi[2].
  • Shuni yodda tutgilki, agar inson baxtsiz ekan, bunga uning oʻzi sababchi. Chunki Xudo barcha odamlarni baxt uchun yaratgan[2].
  • Bizning qalbimiz suvli idishga, fikrlarimiz esa suvga tushayotgan nurga oʻxshaydi. Idishdagi suv chayqalganda, unga tushayotgan nur ham chayqalib, sinayotgandek tuyuladi. Aslida esa bunday emas. Qalb hayajondan junbushga kelganda goʻyoki fikrlarimiz ham chalkashib, zaiflashgandek boʻladi. Ammo qalb osoyish topgach, fikrlarimiz ham oʻsha zahoti asliga qaytadi[2].
  • Voqealar oʻzing istagan tarzda sodir boʻlishini talab etma. Inson voqea-hodisalarni boshqara olmasligini, aksincha, unga moslashmogʻi kerakligini doimo yodda tut. Ana shunda baxtiyor yashaysan[2].
  • Falsafa maktabi kasalxonaga oʻxshaydi. Siz uni xush kayfiyatda emas, balki ogʻriq bilan tark etasiz[2].
  • Mavjud narsalarning baʼzi birlari bizning hukmimizda boʻlsa, boshqalari ixtiyorimizdan tashqaridadir. Biz xohish-istaklarimiz, irodamiz, intilish va tonishlarimizga, jamiki xatti-harakatlarimizga hukmronmiz.
    Bizning hukmimizdagi narsalar tabiatan erkin boʻlib, toʻsiq va cheklashlar nimaligini bilmaydi. Hukmimiz tashqarisida qolgan barcha narsalar zaif, mute, turli toʻsiq va tazyiqlarga mahkumdir. Bas, shunday ekan, bir oʻylab koʻring: agar siz tabiatan mute va tazyiqlarga mahkum narsalarni oʻzingizniki qilib olgudek boʻlsangiz, albatta toʻsiqlarga, turfa tashvishlar-u notinchliklarga duch kelasiz. Tangridan va odamlardan norozi boʻlaverasiz. Agar siz, aksincha, faqat tabiatan oʻzingizga tegishli narsalargagina egalik qilib, tazyiqlarga mahkum narsalarni begona sanasangiz, u holda sizni hech kim hech narsaga majburlay olmaydi va maqsadingiz yoʻlida toʻsqinlik qilolmaydi. Natijada sizga biror ziyon yetkazishmagani bois hammadan minnatdor boʻlib yashaysiz[2].
  • Meni koʻring: na fuqarolik huquqim, na bir boshpanam, na davlatim va na qulim bor. Tunlari ochiq osmon ostida uxlayman. Xotinim, farzandlarim ham yoʻq. Mening mana shu yer, osmon va yopinchigʻimdan oʻzga hech vaqom yoʻq. Xoʻsh, menga yana nima kerak? Hech narsa. Chunki men erkinman. Oʻzimga xon, oʻzimga bekman. Badargʻa?.. Qayerga badargʻa qiladilar? Kim meni bu olamdan tashlab yuborishga qodir? Men qayerni istasam, oʻsha yerga boraman. Axir, quyosh, oy, yulduzlar, qushlar xonishi hamma joyda bir xil-ku...[2]
  • Qoʻlida bolta yoki cholgʻu asbobi ushlagan odamni duradgor yoki musiqachi deb atash mumkin boʻlmaganidek, aqlli gaplarni soʻzlovchi har qanday odamni ham donishmand deb hisoblash nojoizdir[2].
  • Kimki erkin boʻlishni xohlar ekan, oʻzgalar izmida boʻlgan hech bir narsani qoʻlga kiritishni xohlamasin va bu narsalardan jirkanmasin ham[2].

Manba

[tahrirlash]
  1. Sanjar Xoʻja. Hayotimiz kengurulari. Abdugʻafur Iskandar, Sanjar Said: . Toshkent: Muharrir nashriyoti, 2022 — 160-bet. 
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 Ziyouz.com — Ziyo istagan qalblar uchun!