Kontent qismiga oʻtish

Erkin Aʼzam

Vikiiqtibosdan olingan
Erkin Aʼzam

Umumiy maʼlumotlar
Qardosh loyihalar

Erkin Aʼzam (10-avgust 1950-yil, Surxandaryo, OʻzSSR) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Teranlik oʻrniga — shaklbozlik, mahorat daʼvosi, chiroyli yozish, originallikka intilish. Bular ham kerak, lekin katta dard, ogʻriq boʻlmasa, hammasi bir pul!
  • ...yozuvchi odam har kuni yozishi kerakdir-u, ammo har kuni kitobxonning oldiga chiqavermasligi kerak. Negaki, arzigulik fikr har kuni, har oy, har yil ham tugʻilavermaydi. Uning tugʻilishini, yetilishini, pishishini kutish, sabr-toqat bilan kutish lozim. Yozish sanʼat boʻlgani kabi, sukut saqlash, jim turish ham bir sanʼatdir.
  • ... chinakam adabiy munaqqid hasad-u baxillik dardiga mubtalo, muayyan asar muallifining belini sindirmoqqa qasd qilgan boltabardor emas, adibning yaqin maslahatgoʻyi, homiysi, adabiyot gulshanining xolis, hassos bir gulchini boʻlmogʻi darkor.
  • Joʻnlik, sxematizm, fikr qashshoqligi — menimcha, adabiyotimizning koʻngildagidek dovruq qozonolmayotganiga sabab shu illatlar. Bu kasallik kitobxonlarimizgagina, baʼzi tanqidchilarimizning ham miyasiga shu qadar singib ketganki, sal “chetga chiqish”ni koʻrsa, hayron boʻladi.
  • Romanga uringan yosh qalamkashlar masalasiga kelsak, qoʻying, yozaversin, birortasi tuzuk chiqib qolar, balki. Lekin maqsad roman yozish emas, birinchi navbatda, yaxshi asar yozish boʻlmogʻi darkor.
  • Baʼzan hikoyaning sanʼat asari ekanini unutib, gap aytishga, gazetadagi oddiy tanqidiy xabardagi faktlarni problema qilib koʻtarishga berilib ketamiz. Menimcha, har bir hikoya, birinchi galda, avtorning oʻzi uchun yangilik, oldingilariga oʻxshamagan, qalamga olingan xarakter bilanmi, situatsiya bilanmi, yozilishi, kompozitsiyasi bilanmi — maʼlum darajada kashfiyot boʻlishi kerak.
  • Hikoya yozmoq uchun nima kerak deysizmi? Insoniy did va isteʼdod kerak!
  • Gohida yaxshi hamsuhbat uchrab qolsa, jagʻim ochilib ketadi. Lekin baʼzi izdihom, anjumanlarda miq etmasligim mumkin. Yozishga kelsak, sergaplikka — “soʻz boʻtqasi”ga mutlaqo qarshiman. Oʻquvchining ham vaqtini hisobga olish kerak. Umrim bino boʻlib, ezmalik menga yoqadi, degan odamni uchratmadim. Yozuvchi dangal, boʻlar gapni aytgani maʼqul.
  • ...yozuvchi kichik hikoya yozadimi, kattaroq qissa-romanmi, albatta, yangi gap aytishi kerak. Aslida, yozish — koʻngil mayli. Yozuvchi-shoirdan uni yoz, buni yoz deb talab qilish — ijod erkinligining muqaddas tamoyiliga zid. Ijod ahliga faqat bitta talab qoʻyilishi mumkin: nimani yozsang yoz, ammo toza va haqqoniy yoz!
  • ...adabiyot insonni garchi har taraflama teran tadqiq etishi lozim koʻrilsada, iloji boricha uning ijobiy jihatlarini, olijanob xislatlarini qalamga olgan maʼqul ekan. Bunda, albatta, yozuvchi doʻstim aytganidek, qanday yozish, yaʼni oʻxshatib ifodalash muhim.

Manba

[tahrirlash]

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!