Erkin Vohidov
Qiyofa
Erkin Vohidov | |
---|---|
![]() | |
![]() | |
![]() |
Erkin Vohidov (28-dekabr 1936-yil, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR; 30-may 2016-yil, Toshkent, Oʻzbekiston) — taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi.
Iqtiboslar
[tahrirlash]- Sheʼr shoir qalbida tugʻilgan hayotiy tuygʻularni ifoda qiladi va shu bilan oʻquvchi yuragini rom qiladi. Shoir oʻzi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash boʻlmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday sheʼriy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yoʻq.
- Bu olamda yoʻqotishlar ichidagi eng ogʻir yoʻqotish insonning oʻzligini yoʻqotishidir. Odamzod tafakkur va ehtiros, ruhiyat va imon dunyosida yashaydi. U yuragidagi eʼtiqod bilan, ishonch bilan tirik va butun. Oʻzlikni yoʻqotmoq ana shu olamdan judo boʻlmoqdir, inson imoratidagi ruknlarning — ustunlarning sinmogʻidir.
- Isteʼdod — bu avvalo did, yaxshi did egasi boʻlish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Isteʼdod — bepoyon tushuncha. U taʼrifga siqqanda edi, uni maʼlum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin boʻlganda edi, odamlar yoʻq isteʼdodni tarbiyalab bor qilgan boʻlardilar. Gorkiy, isteʼdodning 99 foizi mehnat deganini tugʻma isteʼdodi boʻlmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor boʻlishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv — qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni “joʻshidan” deydi. Yaʼni joʻshmoq. Sheʼriyat ham joʻshmoqdir. Joʻshmoq uchun esa 99 foizdan tashqari oʻsha kamtarin bir foiz — yaʼni tugʻma isteʼdod kerak.
- Shoirlikning “qora ishi”ni koʻz oldiga keltirmay, bu nomning oʻziga, obroʻ va shuhratiga qiziqib sheʼriyat maydoniga intilganlar xato qiladilar. Koʻpincha bunday xato juda qimmatga tushadi. Xato qilgan odam uchun ham, sheʼriyat uchun ham. Shu sababli “yoshlarga gʻamxoʻrlik” deganda faqat ularni qoʻllab-quvvatlash yoʻgʻini bor qilib koʻrsatish emas, balki ularga rost gapni aytish, yanglishishdan qaytarish ham tushuniladi.
- Bizning savodxon asrimizda, ayniqsa, adabiyotda isteʼdod bilan havaskorlikni ajratish mushkul boʻlib qoldi.
- Oʻquvchi uchun avtorning yosh-u qarisi, unvonli, unvonsizi yoʻq. U hamisha yozilgan satrlarga qarab muallifga oʻz munosabatini bildiradi: yo qalbiga jo qiladi, yo unutadi, yoʻqlikka mahkum etadi.
- Insonga bir marta beriladigan hayotda u umridan, oʻtgan kunidan qoniqib yashashi kerak. Vijdoniga xilof ish qilmay yashasa — bundan ulugʻ baxt yoʻq. Har bir aytgan soʻzing, ishing oʻzingning xohishingga muvofiq boʻlsa — eng katta baxt shu. Aksincha, insonning oʻz ichki intilishlari, qalbi, eʼtiqodi, soʻzi bilan ishi oʻrtasida ziddiyat paydo boʻlsa, vijdoni buyurganini qilolmasa, bu — inson uchun juda katta baxtsizlikdir.
- Adabiyotga sadoqat va eʼtiqod masalasi avvalo soʻz sanʼatining kelajagi toʻgʻrisida qaygʻurishdan boshlanadi.
- Raqobatli dunyoda kitobning qudratli, sehrgar raqiblari koʻp.
- Har bir millatning kelajagi istaymizmi-yoʻqmi, oʻqituvchilar saviyasiga bogʻliq. Bu haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim.
- Biz endilikda shoʻrocha mafkuradan, adabiy mezonlardan butunlay qutuldik. Adabiyotimizni, xususan, mumtoz adabiyotimizni butun boʻy-basti bilan koʻrsatadigan vaqtlar keldi.
- Mumtoz adabiyotimiz namunalari orasida baʼzan shunday baytlar, misralar borki, ularni mutolaa qilgan inson qalbi va ruhiyatida ajib bir oʻzgarish, poklanish sodir boʻlganini his etadi. Bu gʻazallar oddiy ilhom lahzalarida emas, ilohiy ilhom toʻlqinlaridan tugʻilgan boʻlsa ajabmas. Bolalarimiz mana shu bebaho va beqiyos maʼvolardan bebahra qolmasligi kerak.
- Shoir, yozuvchilar toʻyga yurmaydilar, televizorda chiqishdan manfaatlari yoʻq, oynai jahondan oʻzlarini tortib yuradilar. Bu toʻgʻri emas, albatta. Elga koʻrinib turish, el ichida boʻlish odamlarda adabiyotga, kitobga mehr uygʻotish uchun kerak. Axir mehr koʻzda degan gap bekorga aytilmagan.
- Biz oʻzbeklarda istihola kuchli. Oʻzni namoyon qilishdan tortinamiz... Endi oʻsha istiholani yigʻishtirib, xalq bilan muloqotning hamma shakllaridan foydalanishimiz lozim. Bu zamon oldidagi, Vatan oldidagi burchimizdir.
- Adabiyot hamisha maʼnaviyatning oldingi qatorida borgan va shunday boʻlishi kerak.