Kontent qismiga oʻtish

Jimjitlik

Vikiiqtibosdan olingan

Jimjitlik – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad ijodiga mansub boʻlgan roman. Roman yovuzlik bilan ezgulikning abadiy kurashiga bagʻishlangan. Ilk bora 1986–1987-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnalida davomli eʼlon qilingan. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti asarni 1989-yillarda 150 000 nusxada bosib chiqargan.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Kimgadir yaqinlashmoqchi boʻlsang, itiga suyak ot.
  • Choʻqqilar jilvasiga koʻpam mahliyo boʻlaverma, bolam. Bu togʻda qashqirlar bor...[1]
  • Dunyoda kutish yomon. Bir minutning qanchalik uzoq vaqt ekani kutish paytida bilinadi. Kutish azobini uch narsa bilan bosish mumkin. Biri — ichish, biri — uxlash, biri — ishq oʻyiniga andarmon boʻlish[1].
  • Odam bolasining koʻzidan yosh chiqmasa qiyin ekan. Yurak bagʻrini oʻrtagan alamlar shu koʻz yoshi bilan chiqib ketadi. Kimki faryod urib yigʻlayolmasa, koʻzidan yosh chiqazolmasa, alamlarini ichiga yutsa – dardga chalinadi. Shuning uchun keksalar alam oʻrtagan kishiga yigʻla, koʻnglingni boʻshat, deydilar. Bu gapda hikmat koʻp[1].
  • Belingdagi pichogʻingni, mingan otingni, nikohingdagi xotiningni birovga ishonma, bolam...[1]
  • Menga ishchi kerak, olim emas, ishchi. Ilmi boʻlsa, togʻda echki boqadimi? Maʼlumoti boʻlsa, poda ketidan changga bulanib yurib, boʻyniga koʻza osib xonadonlar oldidan „oshhalol“ deb chaqirib yuradimi? Ilmi boʻlsa, tili chiqadi. Agar menga qolsa, togʻ oralaridagi qishloqlarda oʻrta maktablarni yopib, boshlangʻich maktab qilib qoʻyardim. Savodi boʻlmasa, katta boʻlganda „anonim“ yozolmaydi, bildingmi?![1] (Mirvali tilidan)
  • Dunyoda xavfli dushmaning eng yaqin doʻstingdir. Chunki ichingdagi siringni biladi. Albatta, bir kuni seni sotadi. Sotganda ham ulgurji qilib, ichak-chavoqlaring bilan qoʻshib sotadi...[1]

Yana qarang

[tahrirlash]

Manbalar

[tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Said Ahmad. Jimjitlik. Toshkent: „Turon zamin“ nashriyoti, 2024 — 319-bet. ISBN 978-9910-9532-9-3. 

Havolalar

[tahrirlash]
Wikipedia
Wikipedia
Vikipediyada tegishli maqola bor: