Kontent qismiga oʻtish

Men suv ichgan daryolar

Vikiiqtibosdan olingan

Men suv ichgan daryolar — tarjimashunos olim, publitsist, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Gʻaybulla as-Salomning 1990-yilda nashr etilgan kitobi.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Tilning g‘aribligi — tafakkurning qashshoqligidan.
  • Tiling bo‘lmasa, gapirib nima qilasan?
  • Yo rabbiy! O‘z tilida fikrlay olmaydigan kishilar, o‘z tilida yoza olmaydigan “yozuvchilar”, o‘z tilida o‘qiy olmaydigan o‘quvchilar, o‘z tilida ilm yarata olmaydigan olimlar, o‘z tilida vaʼz o‘qiy olmaydigan voizlar, o‘z tilida kuylay olmaydigan xonandalar paydo bo‘ldi. Sanʼatkorlarimiz, notiqlarimiz, ahli hunarmand, ahli fuqaro, ahli hukamo va ahli fuzalo — o‘z tilida “bir nima” deya olmasa…
  • Axloqsiz va battol odamlarga beriladigan har xil tanbeh, hayfsan, jazo choralari sirasiga ularni bir xilda fikrlash, sidirg‘a, kitobiy so‘zlashga majbur qilishni ham kiritish kerak, deb o‘ylayman. Bu eng og‘ir jazolardan biri bo‘lar edi!
    Chamasi, tilni buzganligi uchun jarima tayin etish kerak. Ana o‘shanda hozir turnaqator bo‘lib bosilib chiqayotgan yuzlab kitoblar, risolalar taqqa to‘xtaydi. Odamlarning qulog‘i tinadi. Qog‘oz tejaladi…
  • Alam qiladigan joyi shundaki, mening “qavmlarim” — tarjimonlar ham tilni bulg‘ashda tobora jazavalari tutib, xuruj qilmoqdalar. Tarjimani — sanʼat deymiz. Unday bo‘lsa, nima uchun “tarjima tili” deganda hammaning peshonasi tirishadi?..
  • Axir, tabiatga qarang-a! Daryo “shovullaydi”. Jilg‘alar “shildirab” oqadi. Shabada — “g‘ir-g‘ir”. Qushlarning “chug‘ur-chug‘uri” ham jonga rohat. Biz ularning “tilini”, “shevasini” tushunmaganimiz boisidangina buni — “chug‘ur-chug‘ur” deb aytamiz. Aslida esa ularning ana shu “chug‘urida” bir dunyo ohanrabo ohang va maʼno bor! Biz o‘zimizning kundalik tashvishimiz bilan band, ularni eshitmaymiz, ilg‘amaymiz, farqlamaymiz, xolos. Chunki o‘zimiz o‘zimizning kundalik sidirg‘a “chug‘urimizdan” ortmaymiz. Turfa tabiat, shalola, gullar atri, parranda-yu darrandalarga yo‘l bo‘lsin!
    Odamlarni hech qachon rosmana kitobiy tilda gapirishga undash kerak emas. Busiz ham hammayoqda — “sidirg‘avozlik”. Har kim o‘z tilida “chug‘urlashsin”. Bir xil qiroat, jonni o‘rtaguvchi bir xil “toat-ibodat” jonga tegdi… Juda! Majlisda, darsda, uyda, hatto to‘y-hasham, maʼrakada — chuchmal gaplar, yolg‘on-yashiq uydirmalar… Qachongacha!
  • Men so‘zshunos professordan ko‘ra didli muharrirni afzal ko‘raman. Chunki professor — ko‘p, yaxshi muharrir esa — … Hozir O‘zbekistonda zo‘r muharrir kim? Qani, nomma-nom ayting-chi?..
  • Begona tilning grammatikasi avaxtasiga tushgan fikr o‘zining har qanday maʼnosidan mahrum bo‘libgina qolmaydi, balki o‘quvchini kalom tuyg‘usidan bezdiradi, so‘zning taʼsirchanlik, safarbarlik kuchini qirqadi.
    So‘z o‘zining so‘zligidan mahrum bo‘lib, his-tuyg‘usiz shartli tamg‘aga aylanadi.
  • Ko‘p tilshunos olimlarimizning bisoti — tili sanoqli atamalar majmuasidan iborat. Shu bisotdan tashqarida ular — yo‘q.
  • Bu ilmiy kitobni insoniy tilga “o‘girilsa”, butun maʼnosi va taʼsiri yo‘qoladi. Ilm bo‘lmay qoladi. Vassalom.
  • Tilimiz ham, o‘z tarkibiga ko‘ra, “Paxtakor” komandasiga o‘xshab qolgan.
  • O‘z tilida xirgoyi qilish nimaligini bilmaydigan, o‘z tilida o‘z dilbandiga alla aytolmaydigan, o‘z tilida duoyi xayr, duoyi bad aytolmaydigan, munojot, nido qilolmaydigan va hatto o‘z tilida… tush ko‘rolmaydigan bir talay odamlar paydo bo‘ldi!
  • O‘zbek tili, o‘z lug‘aviy tarkibi tarafidan ham, poytaxt Toshkentni eslatadigan bo‘lib qoldi. Qanday yaxshi!..
    Biz bola tarbiyasi, didni o‘stirish, o‘sayotgan niholga shakl berish, tabiatni muhofaza qilish, o‘rmon, ko‘l, dengizlarni asrash haqida (kechikib bo‘lsa ham!) o‘ylay boshladik. Yirtqichlar, baliqlar, kapalaklar, chuvalchanglar, shilliq qurtlarni halokatdan qutqazish haqida qonunlar bor. Nega endi tilning sofligi, beg‘uborligi, pokizaligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik yo‘q. Axir, til — ruhiy g‘izo, insonning insonligi, uning mohiyati-ku!
  • O‘zbek tili haqida yozuvchi kishi yozuvchi bo‘lishi kerak. Bu bilan til haqida… roman yozilsin, demoqchi emasman. Demoqchimanki, o‘zbek tili haqida o‘zbek tilida yozish zarur. Toki bizning yozganlarimizni “tarjima” qilishga to‘g‘ri kelmasin.

Manba

[tahrirlash]

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!