Kontent qismiga oʻtish

Nazar Eshonqul

Vikiiqtibosdan olingan
Nazar Eshonqul

Umumiy maʼlumotlar
Tavalludi 15-iyun 1962
Qashqadaryo viloyati
Qardosh loyihalar

Nazar Eshonqul (15-iyun 1962-yil, Qamashi tumani Qashqadaryo viloyati) — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi, senarist, telejurnalist.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Yangilanayotgan dunyo — poklanayotgan dunyodir. Yangi adabiyot — yangi soʻz, yangi til deganigina emas, balki yangi dunyo, yangi iztirob, yangi tafakkur, yangi yuksaklik degani hamdir.
  • ...Goʻzallikni qabul qilish, zavqlanish har qanday hayrati soʻnmagan odam­ning qoʻlidan keladi, goʻzallik hammani hayratga solishi mumkin, biroq uni yaratish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi.
  • Oʻziga ishonmagan odam yoxud “Men”i shakllanmagan odam — ichkarisi zabt etilgan, hech boʻlmasa, zabt etilishi arafasidagi odamdir. Ichki dunyoning mustamlakasi qullikning, nari borsa mutelikning ichki koʻrinishidir. Shuning uchun “Men” va mustamlaka, “Men” va totalitarizm, “Men” va yolgʻon kelisha olmaydi. Faqat mustahkam “Men”gina millat va vatan uchun bugun va ertaga ham oʻqiladigan, kuylanadagan, sharaflanadigan Soʻz yarata oladi, koʻz oldi­dagi voqelikni ijodkor olami bilan bogʻlay oladi.
  • Millatning estetik saviyasi, didi davlat chegarasi kabi qattiq himoya qilinishi shart boʻlgan hudud deb oʻylayman. Shu jumladan, bugungi kitobxonning ham didini oʻldirmaslik, uni bestsellerga oʻrgatmaslik, ermak uchun oʻqiydigan kitobxonga aylantirmaslik lozim.
  • …Muhabbat yoʻq joyda tubanlikka yoʻl ochiq, jaholat sevgi daraxtida emas, adovat butogʻida yetishadi.
  • Adabiyot — millat koʻnglidir. U ana shu katta koʻngilda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarni bilishi, anglashi, ogʻrishi, zavqlanishi, kuyinishi, talvasaga tushishi kerak. Ana shu anglash jarayoni turlicha kechadi.
  • Adabiyot — shafqatsiz. U bagʻrida tomlar bitganni emas, yuksak badiiy talabga javob beradigan haqiqiy bitta jumla yozganni ham olib qoladi.
  • Adabiyotning azaliy mavzusi inson. Toʻgʻri, u qahramon qilib olgan inson Zamon bilan, uning muam­molari bilan yuzma-yuz turgan shaxs. Adib insonni yu­zida va qalbida balqib turgan zamon bilan yaxlit holda, zamon bilan munosabatga kirishgan holatda, davr bilan maʼnaviy-ruhiy tippa-tiklikda tasvirlasa ham, baribir, kundalik mavzularning izidan quvib yurishi shart emas.
  • Haqiqiy sanʼat oʻrnini shou-biznes tafakkur tarzi egallab oldi. Yengil-yelpilikka asoslangan, saviyasiz olomonga moʻljallangan, koʻproq pul toʻplashdan boshqa hech qanday niyati boʻlmagan bu “madaniyat” shu paytgacha shakllangan, ajdodlarimiz zeb bergan didimizni xatar ostiga qoʻyayotgani ham rost.

Manba

[tahrirlash]

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!