Kontent qismiga oʻtish

Nozik iboralar

Vikiiqtibosdan olingan
Nozik iboralar
Qardosh loyihalar

Nozik iboralar (arabcha: نوابج الكليم‎; transliteratsiyasi: “Navobigʻ ul-kalim”) — Az-Zamaxshariyning Ubaydulla Uvatov tomonidan arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib 1992-yilda nashr etilgan asari.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Yoki ilmli boʻl, yoki ilmga tayanib ish tutadigan boʻl, loaqal ilmni tinglab eshitadigan boʻl, biroq toʻrtinchisi boʻlma, chunki kasodga uchrab halok boʻlasan (juvonmarg boʻlasan).
  • Pastkash kimsaning oʻz nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi, chanqoq kishining suv shuʼlasi (sarobi)ni koʻrib aldangani kabidir.
  • Toʻgʻri va haq yoʻldan yurgan kishining yurishi arslon yurishidan koʻra ham mahobatliroq (haybatliroq)dir.
  • Tun-u kunni oʻtkazaman-u, lekin bugungi kunim kechagi kunimdan yaxshiroq boʻlmayotir, chunki zamona kundan-kunga halokatga tomon bormoqda, shunday ekan, kechagi kun bugungidan avloroq, bugungi kun esa ertagidan yaxshiroqdir.
  • Haqiqat va adolat bilan toʻgʻri siyosat yurgizmagan har bir rahbar va boshliq qattiq azob-uqubat va baloga giriftor boʻlur.
  • Agar biror qaygʻu-alam yuz bergani yoki taʼziyali joyni eshitsang, darhol u yerga bor, agar ziyofat-u mehmondorchilikka chaqirilsang, unda oʻzing oʻylab ish tut (oʻzing bilasan).
  • Odamlarning eng xotiri kuchlisi ularning ichidagi eng unutuvchisidir, koʻngillarning eng yumshogʻi salobatligi-yu shafqatlisidir.
  • Mol-mulkni behuda isrof qilish kufrona “neʼmatdir”, oʻylamasdan boyligini sarflash toʻliq tanazzulga olib keladi.
  • Podshohning eng yaqin kishisi yaqinlarning ichidagi eng ulugʻidir, xavf-xatar paytlarida ularga (xavf-xatarga) yaqinrogʻidir.
  • Xudo koʻrsatmasin, agar seni ogʻir qaygʻu-hasratlarning kuchli yellari oʻrab olsa, unda dod-faryod-u figʻonlaring foyda bermas.
  • Agar senga nisbatan oʻz birodaring biror xiyonat qilsa, unga yaqinlashishdan oʻzingni tiy, uning makr-u hiylasidan oʻzingni muhofaza etishga harakat qil.
  • Har qanday ishni boshlashdan avval Allohning rizoligini oʻyla, aks holda qilgan ishlaringning hammasi behuda boʻlib, zoye ketadi.
  • Ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi, bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek.
  • Biror mamlakat (hokimiyat) ishlarining orqaga ketishiga sabab — tuzuklari-yu tartibotlarining susayishidandir.
  • Halol-pokiza kishi doimo xotirjam-u tinchlikdadir, birovga xiyonat-u yomonlik qiladigan kishi esa halokatga giriftordir.
  • Oʻz birodaring soʻzini sukut saqlab tinglab, uning hurmatini oʻrniga qoʻy, garchi uni eshitishga ragʻbating va mayling yoʻq boʻlsa ham.
  • Agar tilingning ortiqcha soʻzlashiga ega boʻla olmasang, unda tizgining jilovini shaytonga topshirgan boʻlasan.
  • Odamlar ichidagi eng yaramasi xasisidir, ularning ichidagi eng yalqovi — pastkashidir.
  • Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.
  • Koʻpchilik odamlar haqiqatdan yiroqdir, ularning talab va daʼvolari yolgʻon-u boʻhton (botil)dir, yaʼni aytgan soʻzlari-yu ishlari oʻzlariga muvofiqdir.
  • Odamlarning eng aziz va hurmatlilari qaygʻu-hasrat-u tashvishli damlarda bilinur, goʻyoki bu tashvishlar ular (hurmatli kishilar) uchun tugʻishgan opa-singildek yaqindir.
  • Savdogarning shuhrati va obroʻ-eʼtibori kissasida, olimning shuhrati-yu obroʻ-eʼtibori yozgan kitoblarida (asarlarida).
  • Oʻzini saxiy, mard va himmati baland koʻrsatib, aslida xor-u zor, haqir va qadri tuban boʻlgan odamlardan qoʻrq, toki bir kun oʻzlarining xasisliklari birla ongsizlikdan mard odamni tuzoqlariga tushirgaylar.
  • Tilingdan chiqqan sadaqa (yaʼni pand-u nasihating va mavʼiza-yu hasanang) baʼzan qoʻlingdan (mol-dunyongdan) chiqqan sadaqangdan koʻra xayrliroqdir.
  • Arslon nafaqat chuqur qazish bilan ovlanib qolmay, koʻpincha u hiyla bilan ham ovlanadi (qoʻlga tushiriladi).
  • Seni kechayu kunduz ziyorat qiluvchilarning koʻpchiligi seni haddan ortiq koʻklarga koʻtarib maqtab, oxir-oqibat adovatga duchor qiluvchilardir.
  • Koʻp soʻzlar borki, ular seni jang-u jadalga solib, halokatga giriftor qiladi yoki ulardan qaytarsa ham yelka chuquringni gul kabi qizargan holga keltirgandan keyin qaytaradi (yaʼni koʻp mashaqqatlardan keyin).
  • Yer-u zaminning koʻrkamligi olimlar bilan boʻlsa, osmon-u falakning ziynati esa yulduzlar bilandir.
  • Muhammad paygʻambar alayhissalomning tutgan yoʻllari mening yoʻlimdir, baxt-u saodatim ham, najotim ham shu yoʻldir.
  • Quyosh nurlarini berkitib boʻlmaganidek, haqiqatning chirogʻini ham soʻndirib boʻlmas.
  • Yozilgan kitob nusxasining toʻgʻriligi koʻz qorachigʻining boqqaniga bogʻliqdir, rivoyatning inobatlisi (ishonchlisi) esa serob suvdan ham ortiqroq qondirar.
  • Zimmangda farz boʻlgan narsani qarz va burch oʻrniga qoʻy. Bu hol qalbing-u dilingga rohat baxsh etib, shon-u sharafing va obroʻyingni saqlash uchun eng toʻgʻri yoʻldir.
  • Oʻzi sazovor boʻlmagan hamd-u sanoyu maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir.
  • Seni kasod-u inqirozga uchrashdan ogoh qiluvchi kishiga lutf bilan muomalada boʻl, qoʻrqma, zarari yoʻq, ziyoni yoʻq, deb yupatuvchilardan uzoqroqda boʻl.
  • Sening qilayotgan ishlaringdan dushmaning ogoh boʻlib, ulardan koʻz yumishi senga ilon chaqqandan koʻra ham zararli va mashaqqatli boʻladi.
  • Aql-idrok va shariatga amal qilib ish tutgan banda asl va ikkinchi darajali maqsad-u matlablarini jam qilishi muqarrardir.
  • Oʻtgan zamonlarda ilm-u fazilat sohiblari podshohlaridan oʻz ogʻirliklariga barobar oltin hadya olardilar, asta-sekin zamonlar oʻtishi bilan ularning qiymatlari kamayib, itlar-u olmaxonlar (qarmoqlar) ulardan afzal boʻlib, qoldi, yaʼni nodonlar olimlardan ortiq koʻriladigan boʻlib qoldi.
  • Har bir vazir qaychi misolidir (agar qaychining bir tayanch tomoni boʻlmasa ikkinchi tomoni hech narsaga qodir boʻlmaydi), chunonchi Muso paygʻambar vaziri Horun bilan mukammal boʻlgan.
  • Olijanob va himmatli odamning “goʻshtini” hasad ahli “yeydi”, goʻyo qurt-qumursqalar arslon bolasini yegani misoli.
  • Kimki adovat-u xusumatni eksa, albatta u tashvish-u mashaqqat oʻradi.
  • Vijdon azobiyu taʼnadan toʻgʻri boʻlmagan odamni (kimsani) taʼlim-tarbiya va qiynash ham toʻgʻrilashi amrimahol.
  • Mansab ilinjida boʻlgan (qaram) kimsalarning tomirlari-kesilgandir, ular oladigan farmonlari esa bir-biriga zarba beruvchilardir.
  • Xastalik va muhtojlik — bular ikkalasi shunday bir baloki, hatto xutbon (eng taxir, achchiq ichimliklardan hisoblanadi) ichimligidan koʻra ham achchiqroqdir.
  • Kimniki qoʻlidan xayr-barakali va purhikmat ishlar kelmasa, uning nasabining sharifligi-yu, ulugʻligi foyda keltirmas.
  • Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagiga yopishsa, u albatta murod-u maqsadiga erishib, xayr-u baraka topar.
  • Oʻz vaʼdasida turmagan, turli-tuman vaj-karsonlar koʻrsatuvchi kimsa hech qachon mard va himmatli inson boʻlolmaydi.
  • Qoʻrquvga mubtalo boʻlgan kishi (quyon misoli) faqat qochishdan najot izlaydi.
  • Ilm-u maʼrifatli odam takabburlik qiluvchi doimo nodon kimsalarning burnini toʻzon-tuproqqa toʻldirur.
  • Odamlar turli-tuman boʻladilar, afsuski ularning aksariyati nopokdirlar.
  • Togʻ tepasidagi qoyalarni koʻchirish minnat eshitish yuklariga nisbatan yengilroqdir.
  • Sen yetmish yoshga kirgan boʻlsang-da, hamon arslon misoli yirtqich hayvonsan, chunki, mol-dunyo hirsida mudom qoʻlingni (har tomonga) choʻzasan.
  • Xotin zoti agar qalbing ular ishqiga giriftor boʻlganini sezsa, burningni tuproqqa ishqaydi.
  • Oʻtkir qilichning boshga tushadigan zarbasi baʼzi nodonlarning hukmi ostida mute (itoatda) boʻlib yurishdan afzaldir.
  • Qilichga qin(gʻilof) va yirtqich qushda oʻtkir tirnoq boʻlishi shak-shubhasizdir (bu hikmat er kishida kerakli anjomlar-u qatʼiy azm-u qaror boʻlishi kerak degan maʼnoni anglatadi).

Manbalar

[tahrirlash]

1. Ziyouz.uz — Ziyo istagan qalblar uchun!