Qo‘chqor Norqobil
Qiyofa
| Qo‘chqor Norqobil | |
|---|---|
|
| |
| Umumiy maʼlumotlar | |
| Tavalludi |
5-mart 1968 Oltinsoy tumani |
| Qardosh loyihalar | |
Qoʻchqor Norqobil (5-mart 1968-yil, Oltinsoy tumani, Oʻzbekiston SSR) — shoir, yozuvchi, dramaturg. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Rossiya Baynalminal Yozuvchilar uyushmasi, Rossiyadagi Fanlar va sanʼat Xalqaro akademiyasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.
Iqtibos
[tahrirlash]- Ayol koʻnglini ovlash va goʻzallikni tushunishga ketgan vaqt qaʼriga umrimning kuch-qudrati va qanchalab sara asarlarimni koʻmganimni bilsang edi, koʻnglimda gohida chimillab ogʻriq beradigan azoblarni ehtimol tushunarding. Bu holat bir kuni senda ham, ha mening hayotim davomchisi boʻlgan oʻgʻlimda ham takrorlanadi. Men senga bugun hech narsa deyolmayman.
- Toʻgʻri, koʻnglingdan oʻzga doʻst topishing qiyin. Biroq buning uchun koʻngling ham toza boʻlishi kerak.
- May anqigan davralarda sotqinlik oʻrmalaganini anglab qolsang, hayot daraxtining oʻzing turgan shoxiga bolta urayotganingni his qilasan.
- “Ehtimol, sendan yozuvchi chiqmas, — dedim oʻgʻlimga. — Shunday boʻlgani ham yaxshi. Yoshlik havasi-da, mayli, hikoya yozibsan. Begʻubor koʻngling nimanidir anglaganday — yozmangda toʻrt-besh chogʻli bola birikib, odamovi, biroq aʼlochi sinfdoshiga tuhmat qilishadi. Oʻgʻrilikda ayblashadi. Haligi aʼlochi bola esa, maktabga bormay qoʻyadi. Uyaladi. Ana shu uyat hissi uning ichida isyon oʻtini yoqadi. Oʻzing oʻylab koʻr-a, u nega maktabga bormadi? Koʻnglidan nimalar kechdi? Ogʻriq, oʻkinch, nohaqlik zarbidan oʻzini oʻnglay olmay qolgan bolaning yuragidagi azob, umuman, inson botinidagi isyon ming-ming yillardan beri adabiyotning sochini oqartirib kelayapti…
Xullas, oʻzini-oʻzi yenggan, ehtirosini sovuqqonlik bilan bosib, hayot oʻyinlaridan kula biladigan odamgina yozuvchi boʻloladi.
Ehtimol, oʻsha odamovi oʻrtogʻingning ogʻriq choʻkkan yuragida kelajakning shoh asari muhrlangandir. Yaratilgan buyuk asarlarning bari bolalikdan oziqlanadi.” - Isteʼdodlar koʻpincha tanholikni xush koʻrishadi.
- Bir davrada boʻldim. Kazo-kazo mashhurlar davrasi. Adabiyotning buguni (menimcha ertasi emas...) shulardir ehtimol. Biri qoʻyib biri gapiradi, bir-birini maqtaydi.
May qurgʻur damba-dam davra aylanayapti. Boshlari qizidi chogʻi, dildagi tilga koʻchdi. Mayda-chuyda gʻiybatlar xazoni uyulgach, muddao ayon boʻldi. Barcha yoʻllar Rimda tutashgani kabi, ularning gaplari ham bir nuqtada birikdi:
— Biz bir-birimizni asrashimiz kerak, bir-birimizga suyanishimiz kerak, bir davra boʻlib jamlashib, bir-birimizni qoʻllashimiz shart.
Ey, tavbangdan!.. Har qaysing oʻzingcha “daho” boʻlsang, nega bir-biringni suyashing kerak?
Adabiyotga suyanmaysanmi?! - Yevropaga dovruq solgan xorvatiyalik xushsuvrat yosh adiba Marissa Bodrojich: “Ona zaminimiz zambilgʻaltakda yotibdi”, deb yozadi.
Oʻzbek shoiri Xurshid Davron shunday deydi: “Zamin maysaning ildiziga osilib turibdi…”. Mana senga ikki xil qiyos, ikki xil qarash. Biri yoʻqlik, ikkinchisi hayotga intiluvchanlik sari undaydi. - Odamzod totuv-inoq yashagan kezlar boʻlganmi-yoʻqmi, bilmadim. Biroq orasidan qil oʻtmaydigan ahil kishilar oʻrtasidan nafs oʻtgan chogʻdanoq bu dunyo buzilib boʻlgandir, ehtimol...
Keyinchalik odamlar orasidan sivilizatsiya oʻtdi. Endi esa tanklar, samolyotlar, ummonlarni zirillatib suzguvchi ulkan-ulkan kemalar, avia va atom bombalari bemalol oʻtib bormoqda. Odamzot bir-biridan shunchalar olislashib ketdi. - Soatning chirqillab aylanayotgan lahzamiliga qoʻlini tekkizib uni toʻxtatgan bolakay vaqtni magʻlub etdim, deb oʻyladi. Qaniydi lahzamilga aylanayotgan Yer sharini bogʻlab qoʻyolsak. Yerni toʻxtatib turish evaziga ham biz vaqtning ustidan tantana qilolmaymiz. Samovot harakatini toʻxtatib qololadigan kuch bormikin?
Menimcha bor. Bu — inson idroki. Hamma narsa inson idrokida harakatga keladi, ibtido ham, intiho ham idrok inʼikosidir. Idroksizlik vaqt ustidan gʻalaba qozonishi mumkin — idroksizlik hech qachon vaqt bilan hisoblashmaydi. - Asrimiz suronli. Agar havoda uchayotgan oʻqlar bir daqiqa, bir soat, bir kungina moʻjiza roʻy berib toʻxtab qolsa edi, samoda insoniyatning oʻz boshidan oʻzi yogʻdirayotgan qargʻishi namoyon boʻlar, bashariyat umr daftarining son-sanoqsiz qora dogʻlari koʻrinib qolar edi.
- Faylasuflardan biri: “Yer — suvda suzayotgan kemadir…”, deydi. Bu qarash, haqiqat devorini ramziylik naqshi bilan bezashga oʻxshab tuyuladi. Suvda suzayotgan Yer kemasining dargʻasi agar inson farzandi boʻlsa, kema taqdirini oʻylab qaygʻuga choʻkmay ilojing yoʻq...
- “Poyabzalim oyogʻimni qisib turgach, osmonning kengligidan ne naf”, deb yozgʻiradi faylasuf. Biroq osmon ham doʻppiday tor kelib qolishi mumkin. Faqat koʻngilning kengligi, qalb poyonsizligi insonga ruhiy osoyishtalik baxsh eta oladi...
- Chelaklab olinganda dengiz suvi qurib qolmagani kabi, hovuchlab olgan bilan sahro qumining adogʻiga yetib boʻlmagani singari, qalbi uygʻoq inson idrokining tafakkur zarralari ham hech qachon tugamaydi. Insonni mudroqlik yengadi... yeydi.
- Badiiy asarda yozuvchi oʻylab topgan, kashf qilgan qahramon emas, balki oʻzini-oʻzi kashf qilgan, oʻz ortidan yozuvchini ham ergashtirib ketgan qahramonlar hech qachon oʻlmaydilar va shular tufayli badiiy asarlar abadiylik shohsupasiga chiqadi. Oʻylangan syujet, chegaralangan kompozitsiya, eng yomoni, yozuvchining chizigʻidan chiqolmagan qoʻgʻirchoq obrazlar asarning umrini yozuvchi umridan ham qisqa qilib qoʻyadi. Yaxshi asarlar adabiyot ham, adib ham hech qachon oʻlmasligini isbotlaydi.
- Men bu odamda ikki xil dunyoni — isteʼdodni va pastkashlikni koʻrdim. Uning kitoblarini varaqlayotganda bir quchoq atirgul ichida keskir xanjarlar yashiringanini his qilaman.
- “Men buyukman”, degan katta odamning kichkinaligini koʻrmoqchi boʻlsang uning nafsini sinab koʻr. Tilida xalq, botinida esa “men” degan odamning ojizligini koʻrish naqadar ogʻriqli ekanligini his etasan.
- Adabiyotning yoʻli toʻxtab qolmaydi, chunki u abadiyat manziliga tutashadi. Biroq men yozuvchiman deganlarning hammasi ham bu manzilgacha yetib borolmaydi. Isteʼdod maqomi esa ana shu manzil mezoni bilan oʻlchanadi.
- Doʻst sotsa, xiyonat qilsa, chidash mumkin. Oʻgʻling nomard boʻlsa tishni-tishga qoʻyasan. Biroq seni oʻz yuraging, qalbing sotsa nima qilasan? Ichingdagi xiyonatni yenga olmasang — nima qilasan? Inson oʻzini anglashi uchun, eng avvalo, oʻz ichidagi dushmanni yengishi, oʻzi tozarishi, oʻzini yaxshi koʻra bilishi kerak. Shundagina boshqalarni, borliqni sevadi. Atrofga shubha va gunoh nazari bilan boqmaydi.
- Oʻziga bino qoʻygan odamga shunday dedim:
— Ehtimol, sen dunyoni kaftingga olgandirsan. Lekin oʻzingni qayerga qoʻyishni bilmay turibsan-ku. - Gurji adibi shunday yozadi: “Agar yer yuzida bolalar boʻlmaganda edi, biz kattalarning qilgan gunohlarimiz evaziga osmon uzilib yerni bosib qolardi… Osmonni bolalar ushlab turibdi…”.
Ehtimol shundaydir... Biroq yer yuzida hasad urugʻi sochilib ketmaganida edi, biz farishtaga aylanib osmon-u falakda uchib yurardik. Hasad hamisha oyogʻimizdan yerga tortib turadi. - Bu xato yo senga, yo menga taalluqli. Har holda Yaratganning xatosi emas.
- — Sheʼrlarimni tushunmadingizmi? — dedi “shoir”.
— Yoʻq, — dedim, — murakkab, chigal uslubni tanlabsiz…
— Nima balo, adashib qoldingizmi? — piching qildi u...
— Ha, men tugul sheʼrlaringiz ham bu boshi berk koʻchada nima qilarini bilmay turibdi. Endi oʻzingiz kelib, bizni yetaklab olib chiqmasangiz boʻlmaydi. Sheʼri oʻquvchini yetaklay olmagach, bu ishni shoirning oʻzi bajargani yaxshi-da… - Bu odamning ogʻzi bilan yurishini his qilganimdan keyin, boshi yoʻqligiga ishondim.
- Qoʻlimda rizqim bor edi, kaftimni siqdim. “Xasis!”, dedilar.
Qoʻlimda rizqim bor edi, kaftimni ochdim. “Ahmoq!”, dedilar - Ufqni tanladim. Lekin manzilga qadar qumursqalar bijgʻigan koʻchadan oʻtish xavfi yuragimga vahm soladi.
- Gʻiybat aynimaydi, aksincha, muhitni buzadi, aynitadi.
- Adabiyot — eshigida qoʻriqchisi yoʻq shaffof uy. Uning eshigini hazrat Navoiydek buyuk daholar ochgan.
Bu eshikni xudbin isteʼdodsiz kimsalargina yopishga behuda urinadilar. - Eng yaxshi asar — Allohning mukofoti!
- Mening bir laqqisifat oʻrtamiyona ijodkor ogʻaynim bor: “Adabiyot — qismatim, asarlar — farzandlarim…”, deb ogʻiz koʻpirtiradi-yu, adabiyotdan “xizmatlari” evaziga mukofot taʼma qiladi, eʼtibor-u eʼtirof ilinjida yashaydi. Yuragida taʼma hissi choʻkib yotgan shoirning yozganlari namiqqan oʻtinning tutab dimiqishiga oʻxshaydi.
Olov esa... olov boshqa narsa! U hech qachon maqtovga, oʻzgacha sifatga muhtoj emas!