Teran uyqu soyalari
Qiyofa
| Teran uyqu soyalari | |
|---|---|
| Qardosh loyihalar | |
Teran uyqu soyalari — 1650-yilda Sin sulolasi davrida Anxuey viloyatida tugʻilgan faylasuf Chjan Chao tomonidan yozilgan asar.
Iqtiboslar
[tahrirlash]- Agar sizning yolgʻiz bir yaqin doʻstingiz boʻlsa, qismatingizdan nolimang. Siz yolgʻiz emassiz, siz tufayli esa dunyoda bitta yolgʻiz odam soni kamayadi.
- Kimki, ayolni xuddi chechaklarni sevgandek suysa, u oʻz his-tuygʻulari osmonida yuksaklarda parvoz etajak. Kimki, chechaklarni xuddi ayollarni suygandek sevsa, u oʻz his-hayajonlari ummonining eng yangi-yangi toʻlqinlarini kashf etajak.
- Goʻzal ayol chiroyli chechakdan soʻzlar mohiyatini anglashi bilan ustundir. Chiroyli chechak goʻzal ayoldan oʻzining ifor manbai boʻlishi bilan afzaldir. Ularni bir-biri bilan kelishtirish gʻoyat mushkul, shu sababdan ifor manbaidan har bir soʻzingni anglaydigan suhbatdosh aʼloroqdir.
- Oʻn beshdan yigirma yoshgacha boʻlgan qizlarning deyarli barchasi maftunkor ovoz egasidirlar, ammo ularni koʻzdan kechirsangiz oʻsha zahoti, ularning qay biri barno-yu, qay biri xunukligini ilgʻab olasiz. Demak, eshitish bilan koʻrishning farqi bor ekan-da.
- Goʻzal joriyangiz boʻlganidan, sizni tushunadigan xotiningiz boʻlgani aʼloroqdir, oltin togʻlarga ega boʻlguncha, koʻngil farogʻatingiz boʻlgani afzaldir.
- Ayollar oʻz goʻzalliklari bilan erkaklardan ustundir. Qushlar orasida esa narlari mokiyonlaridan goʻzalroqdir. Hayvonlar oʻrtasida esa bu farq deyarli sezilmaydi.
- Qanchalik goʻzal deb hisoblamang, ayolni pardozdan keyin tomosha qilishingiz maʼqul.
- Agar sheʼr va sharob boʻlmaganda, togʻlar-u ummonlar jonsiz bir ijod boʻlardi. Agar goʻzal ayollar boʻlmaganda, gullar-u oy shunchaki bir buyumdan farq qilmasdi. Salohiyatli, boz ustiga kelishgan shoir yoki goʻzallikda tengi yoʻq, shu bilan barobar katta isteʼdod egasi boʻlgan ayol hech qachon qarib qolguncha umr surmaydi, Yaratgan Egam ularni oldinroq oʻz huzuriga chaqiradi. Chunki bunday odamlar nafaqat oʻz zamonasining, shu bilan birga oʻtgan-ketgan, bor va kelajak zamonlarning ham boyligidir. Aynan shu sababdan ham Yaratgan Egamiz ularni tirik odamlar orasida uzoq qolishlariga yoʻl qoʻymaydi.
- Rohib oʻzini sharobdan uzoq tutishi shart emas, ammo u oʻzini mayda ikir-chikirdan saqlashi lozim. Ayol adabiyotning oʻta bilimdoni boʻlishi shart emas, ammo u nozik did egasi boʻlishi shart.
- Ehtirosli kishi ayollarni sevishi tabiiy, ammo ayollarni sevganlarning hammasi ham ehtirosli emas. Goʻzal ayolning qismati hamisha baxstsizdir, ammo, qismati baxtsiz ayollarning hammasi ham goʻzal emas. Isteʼdodli shoir sharobni sevishi tabiiy, ammo sharobga oʻch boʻlgan kishi hammavaqt isteʼdodli shoir emas.
- Chinakam goʻzal ayol zohiran gul-u chechakka monand; ovozi qush nagʻmasiga, ruhi sovuq oyga, qomati nozik shamshodtolga, badani yangi qorga oʻxshaydi; muqomi jilgʻaga qiyos, yuragi — zavqli qoʻshiqday...
- Falak musiqasining bosh mavzusi bahordir. Kuz esa bahorning oʻzgacha talqinidir.
- Koʻz oʻzini koʻra olmaydi, burun oʻzini hidlay olmaydi, til oʻz mazasini bila olmaydi, barmoq oʻziga barmoq tegiza olmaydi, faqatgina quloq oʻzini eshita oladi.
- Butun bir dalani shudgor qilishga yetarli kuchim bor, ammo kulbam oldida bogʻ oʻstirishni maʼqul koʻraman. Oʻrmondagi bor qurigan shox-shabbani yigʻishga yetarli darmonim bor, ammo ostonam oldidagi oʻtlarni yulib tashlashning oʻzi menga yetarli.
- Gul bor joyda, albatta, kapalak bor. Jilgʻasiz togʻ yoʻq. Mamir(mox)siz toshni topolmaysiz. Hovuz borki, balchigʻi bor. Daraxt borki, yaprogʻi bor. Xuddi shunday kamchiliksiz odam ham yoʻq.
- Minoraga chiqib yuksak togʻlarni tomosha qilish qanday maroqli. Qalʼa devorida turib, yogʻayotgan qorni kuzatish qanchalar zavqli. Yoniq shamchiroq oldida oʻtirib, oyga boqish ham maroqli. Qayiqda suzib, tumanni kuzatish qanday yaxshi. Oydin kechada sohibjamolga mahliyo boʻlish dilning rohati.
- Kitob yigʻish qiyin ish emas, kitobni varaqlash qiyin. Kitobni varaqlash qiyin emas, uni mutolaa qilish qiyin. Kitob mutolaa qilish qiyin emas, oʻqiganingdan xulosa qilish qiyin. Oʻqiganingdan xulosa qilish qiyin emas, oʻqiganingni yodingda saqlash qiyin