Kontent qismiga oʻtish

Xoja Samandar Termiziy

Vikiiqtibosdan olingan
Xoja Samandar Termiziy
Vikipediyadagi maqola

Xoja Samandar Termiziy (toʻliq ismi: Xoja Samandar Termiziy Muhammad ibn Baqo; tax. 1638-yil, Termiz – tax. 1740-yil) – tarixchi olim, elchi, jangchi, shoir, ulamo va davlat arbobi.



  • Aqldan barcha ish yaxshi boʻladi,
    To gʻazab kelmasa aql barqaror.
    Bu hikmatni oqil yaxshi biladi,
    Gʻazab kelsa aql boʻladi nochor![1]
  • „Axloq“ kitobida keltirilishicha, har kim hodisalar yomgʻiri ostida oʻzini sabr qalqoni bilan himoya etsa, maqsad oʻqi tezdagina murod nishoniga borib tegadi. Chunki sabr shodlik kalitidir. Bu kalitsiz hech qanday maqsad eshigi ochilmaydi[2].
  • Azizim, badjahl kishilar bilan doʻst va hamsuhbat boʻlmaginki, ularning ahdi boʻsh va vafo binosi zaif boʻladi. Ular muruvvat yuzini jafo tirnogʻi bilan tirnaydilar, mardonalik chashmasini nomardlik tuprogʻi bilan loyqalaydilar. Ularning nazarida doʻstlikning hurmatiyu, eski ulfatchilikning qadru-qiymati boʻlmaydi.
    Bayt:
    Xizmat haqin bilmaydigan kimsalarning xizmatin,
    Qilma aslo koʻrmaysan na hurmatu, na maqtov![3]
  • Azizim, barcha ishda ham shoshqaloqlik qilmaginki, shoshqaloqlikning zararlari nihoyasiz va sabr qilishning manfaati chegarasizdir. Chunonchi aytadilar:
    Maqsad xazinasin kaliti sabr![2]
  • Azizim, beaql kishi shunday kishiki, jang vaqtida sulh tuzishni istaydi, tinchlik paytida esa jang qilishni xohlaydi, qahrini sochish lozim boʻlgan paytda lutfu karam eshigini ochadi. U oqillarning mana bunday deganini bilmaydi:
    Bemavrid jangu sulh foydasiz, ziyon,
    Gulga gul boʻlginu, tikonga tikon!
    Yoki:
    Tinchlik istasalar, tinchlikdan kechma,
    Jangga talab qilsa yuz burib qochma![4]
  • Azizim, botir deb shunday kishiga aytiladiki, u oʻz elining tinchligi uchun har qanday mashaqqat qadahini qabul qilib, shodu xurramlik bilan noʻsh etadi. Mardi maydon deb shunday kishiga aytiladiki, bunday kishining aqli biror ishni qilishga qaror topsa, jonidan kechib, hayotidan qul yuvib, maqsad maydoniga qadam qoʻyadi.
    Bayt:
    Jondan kechib maydon sari surgan ot,
    Baxtu-iqboliga boʻlarsan muyassar![5]
  • Azizim, burgutga shohlar qulidan joy tayin etilganining boisi shulki, u oʻzini boyoʻgʻli kabi uy ichiga olib oʻtirmaydi. Boyoʻgʻlining devorlar orasida qolib ketganining boisi esa xarobalardan umid uzib chiqa olmasligidir.
    Bayt:
    Burgut kabi javlon urib sayr qil,
    Boyoʻgʻlidek tokay joying vayrona?![6]
  • Azizim, dilingga muloyimlik va sabot nuri bilan oro berginki, halim kishining dili malohatli buladi. Maʼnolar gavharining xazinadori mavlaviy Jaloliddin Rumiyning quyidagi soʻzlari bu maʼnoga guvohdir:
    Hilm tigʻi poʻlat tigʻdan oʻtkirroq,
    Hilm yuz lashkarni yengar beyaroq![7]
  • Azizim, dono odamning hushyorlari gʻaflat sharobidan mast boʻlgan yoshlarga nasihat va tanbeh jazosini berishlari munosib holdir. Bilim maydonining bedorlari esa axloq koʻchasidan adashgan bexabar kishilarga adab shapalogʻini urishlari loyiq ishdir. Haqiqat yuzasidan aytilgan haq gap goʻzallar yuzidan uyat terini oqizsa-da, shoyad ular shu tufayli oʻz obroʻ eʼtiborlari haqida mulohaza qilib, yomon feʼllaridan kechishar va yomon kishilarning suhbatidan qochishar.
    Bayt:
    Terlar chiqdi yuzingga qilgan nasihatimdin,
    Mendan xafa boʻlmagin, obroʻyingni uylayman.
    Yomon bilan kam oʻtir, desam terga gʻarq botding,
    Kelajaging oʻylab men haq gaplarni soʻylayman![8]
  • Azizim, dushmanning uzrnamo soʻzlarini eshitib, gʻurur otiga minmaginki, u qanchalik tamalluq qilmasin, yalinib yolbormasin, baribir uning soʻzlari makru hiyladan xoli boʻlmaydi. Adovat niholi uning siynasida barqaror ekan, bu niholning mevasi zarardan oʻzga narsa boʻlmaydi.
    Bayt:
    Dushmanga ishonmoq samarasi gʻam,
    Gʻaflat tuxmin eggan tortajak alam![9]
  • Azizim, har kim biror ishning talabida qadam quysa, bu ishning qiyinchiliklariga chidashi kerak. Maqsad kaʼbasi sari yoʻlga chiqqan odam, zahmat sahrosidan choʻchimasligi lozim[10].
  • Azizim, har kim qanoat boyligiga ega boʻlsa kimsaga yalinmaydi. Har kim xirs balosiga mubtalo boʻlsa, uning hayoti doimo ozor ichidadir[11].
  • Azizim, har qanday odamga ishonib siringni aytma, har qanday dushmanga esa zulmingni haddan oshirma. Dushmaning doʻst boʻlib qolishi va doʻsting esa dushmanga aylanishi mumkin![12]
  • Azizim, hunar ahlining tarbiyasiga saʼy-harakat qil. Hunarsiz kishilarga otasining xizmatlari tufayli eʼtibor qilma! Odamlarni otasining xizmatlari tufayli emas, oʻzlarida boʻlgan qobiliyat tufayli tarbiyalash lozim!
    Bayt:
    Oʻlikdir hayotda hunarsiz kishi,
    Hunarsiz boʻlgandan oʻlgani yaxshi![13]
  • Azizim, ishning oqibatini uylovchi kishilar ogʻzaki eshitilgan soʻzlarga ishonmaydilar, eshitilgan gapning dalil va hujjatini koʻrmagunlaricha shoshib hukm chiqarmaydilar.
    Bayt:
    Gʻaraz egasiga solsang qulogʻing,
    Pushaymondan uchar nurli chirogʻing![14]
  • Azizim, jafo koʻrgan kishi senga arz qilib, yordam soʻrab kelsa, sen aslo diltang boʻlma! Chunki martaba egasi tabib hukmidadir. Bemor oʻzining barcha dardlarini tabibga aytmasa, tabib uning kasalligi siridan voqif boʻlolmaydi. Natijada shifo sharbatini jafo chekuvchiga ichirolmaydi[15].
  • Azizim, jang oni va urush soatlarida bahodir kishi faqat shuhrat haqida oʻylamasligi, hayotim va mol-mulkim hech narsa emas, deb oʻzi uchun oʻzi hukm chiqarishi zarur. Jang paytida arzimas narsalar haqida oʻylashdan koʻra yengish haqida oʻylash afzal.
    Bayt:
    Nomusdan afzalroq boʻlsa agar bosh,
    Sallamas chimmatni yopingin, ey yosh![4]
  • Azizim, johil va noahil kishilar suhbatidan qoch, oqil va komil kishilar suhbatiga intilginki, fisq-u fujur ahlining suhbati bir kuni oʻzingga ziyon keltiruvchi ilon suhbatiga oʻxshaydi. Aqlli kishilarning xizmatini qilish foydadan xoli boʻlmagan attor doʻkoniga oʻxshaydiki, attorning doʻkoni hamisha kishilarning dimogʻini oʻz hidi bilan bahramand etadi.
    Bayt:
    Attor kabi boʻlgin, chunonchi attor,
    Oʻzgalar dibosini qilar muattar![16]
  • Azizim, kengash boʻlayotgan vaqt aql va fazlning imtihoni boʻlayotgan soatdir. Sen bu soatda soʻz gavharlarini bayon rishtasiga avval yaxshilab oʻylab tergach, soʻng uni oʻzgalar diqqatiga havola et![17]
  • Azizim, kimki ulugʻlik toji boshimga qoʻnib, salomat boʻlay desa, harakat kamarini beliga bogʻlaydi. Koʻrmaysanmi, piyodalar shaxmatning katagini bosib oʻtganlaridan soʻng, mardonaliklari tufayli, farzinlik darajasiga erishadilar. Kichkinagina oy esa oʻn toʻrt kunlik sayrdan soʻng hilollik darajasidan toʻlin oylik martabasiga yetishadi.
    Bayt:
    Pokiza insonlar koʻrmaydi xorlik,
    Laʼl ham kondan chiqib, zarga yetishdi[18].
  • Azizim, kishi biror kishini gumon bilan jazolashi nooʻrinki, gumon bilan qilingan ishdan behisob zararlar yuzlanadi. Chunonchi aytadilar:
    Gumon bilan aslo biror kishiga,
    Uqubat yetkazma, boʻlgung pushaymon.
    Oshkor boʻlgan ishning haqiqiy siri,
    Soʻnggi pushaymondan foyda yoʻq ishon![14]
  • Azizim, kishi gʻanimga mubtalo boʻlsa, to undan qutulmaguncha kechani-kunduzdan, kunduzni esa kechadan ajrata olmaydi. Chunonchi aytadilarki, bemor tuzalib ketmaguncha yemish neʼmatidan bahra topolmaydi, mard kishi oʻz dushmanlaridan qutulmaguncha xotirjam nafas ololmaydi.
    Bayt:
    Botir boʻl, maydonning sohibi – botir,
    Tulki dadil boʻlsa sherni qulotir![19]
  • Azizim, mashvarat, yaʼni maslahat bu – aqlli kishilarning kengashi. Oqil kishilar qayerda boʻlishmasin, bir muhim masalani hal qilishga kirishsalar, mushkul narsalar ham oqibatda yaxshi natija bilan tugaydi. Bu soʻzga maʼnolar gavharining xazinasi boʻlmish mavlaviy Jaloliddin Rumiyning soʻzlari guvohdir:
    Mushkul hodisani koʻrsa xiradmand,
    Bu mushkuldan qoʻli boʻlib qolsa band.
    Oʻz aqliga oʻzga aqlin qilar yer!
    Aql hal qilmoqqa boʻlar madadkor!
    Yolgʻiz shamdan xona boʻlmasa ravshan,
    Boshqa shamlar yonar bu shamdan![20]
  • Azizim, mushkul voqealarda va ogʻir hodisalarda maslahatlashishdan koʻz yumib boʻlmaydi. Maslahat qilmoqchi boʻlsang, maslahatni hikmat ahli va tajriba bilan qilki, ularning aqllari oʻtkir va fikrlari teran boʻladi. Chunonchi aytadilarki:
    Teran fikrni doim keksalardan qidirgin,
    Bahor suvlari koʻzda musaffolik topadi[20].
  • Azizim, qiyinchilikka chidash mard kishilarning ishi. Sherning hunari kurash. Mard kishilarning qoʻli qiyinchilikka tegmasa, zaif kishilar farogʻat boʻstonidan gul terolmaydilar. Chunonchi, aytadilar:
    Diyoringda hech kim topmas farogʻat,
    Faqat oʻzing uchun izlasang rohat![21].
  • Azizim, safardan koʻpgina tajribalar va behad foydalar yuzlanadi. Koʻrmaysanmi, osmon doimo aylanib turgani uchun hamma narsadan yuqori, yer esa bir yerda turgani uchun har qanday nokas oyogʻi ostida xor.
    Bayt:
    Uyida yuragi gʻussaga toʻlgan
    Kishiga hammadan yaxshisi safar.
    Safarkim qanchalar ogʻir boʻlmasin,
    Uyda siqilishdan yaxshiyu, behtar![22]
  • Azizim, sen dushman soʻzlariga darhol ishonib qoʻya qolma, uning soʻzlari hiyla va aldovdan iborat boʻlib, u oʻz maqsadiga erishish uchun oʻzini nihoyatda muloyim qilib koʻrsatadi. Ichki olamini tashqi olami bilan boʻyab koʻrsatadi. Seni gʻaflatda koʻrgach, tadbir oʻqini maqsad nishoniga uradi. U paytda chora-tadbir koʻrish fursati utgan boʻlib, hasrat va nadomat yordam bermaydi![23]
  • Azizim, sen kechirish xislatini oʻzingga shior qil, atrofingdagilardan arzimas gunohlari uchun yuz oʻgiraverma! Ularni afu suvi va marhamat nuridan bahramand et! Ularning ahvolidan doimo xabardor boʻlib tur! Marhamat yuzasidan shafqat libosini inʼom ayla! Chunonchi aytadilar:
    Oʻzing bunyod etgan mevali shoxni,
    Oʻzing nobud etsang, koʻp yomon boʻlar![24]
  • Azizim! Sen shunday yoʻl tutki, bu bilan sen haqiqiy odamga aylangin, bilim va tajriba sohibi boʻl, yaxshilar suhbatidan oʻzing uchun bir natija chiqar, yomon kishilar qilayotgan ishni koʻrib, ularga aslo koʻngil berma, behuda soʻzlovchilarning bemaʼni soʻzlari yuragingga taʼsir qilib, koʻngil oynasini xiralantirmasin! Doʻstni dushmandan ayirish yoʻlini oʻrgan:
    Doʻsting uchun jonni fido aylagin,
    Doʻstingni dushmandan judo aylagin.
    Yaxshi ishga undar doʻsting har onda,
    Yordam berar tashvish yetgan zamonda![25]
  • Azizim, sir saqlashda ehtiyot chorasini joyiga qoʻy! Xususan noumid doʻstlardan va sendan qoʻrquvda yashaydigan dushmanlardan siringni qattiq yashir! Chunonchi aytadilar:
    Sendan umidini oʻzgan doʻstlarga,
    Dildagi siringni aylama izhor,
    Sendan qoʻrqib yurgan kimsalarga ham,
    Sir aytmoqni aslo qilma ixtiyor![26].
  • Azizim, tinchlik tarafdori boʻlgan til bir ogʻiz soʻz bilan yuzlab mushkul tugunni yecha oladi, bemahal yeyilgan fitna qoʻzgʻatuvchi soʻz esa soʻzlovchining boʻynini sirtmoqqa tushiradi. Chunonchi aytadilar:
    Aqling bilan tagiga boqqin,
    Foyda-yu ziyonga toʻla boylik u![27].
  • Azizim, to talab oyogʻi ranju mehnat, tikoni bilan majruh boʻlmas ekan visol quli maqsad gulini yoqasiga yetolmaydi. Kishida kuchli intilish boʻlmaguncha murodining oftobi Mashriq umidi ufqidan nur sochib chiqmaydi. Chunki gul terish uchun tikon zahrini chekish lozim. Ranj chekmasdan turib, ganj eshigini ochish mumkin emas. Demak, maqsadga yetishmoq uchun tinimsiz saʼy harakat qilmoq kerak[10].
  • Azizim, ulugʻlikning sababi aql va odobdir. Kimki sof aql va komil farosatga ega boʻlsa, pastlik darajasidan ulugʻlik martabasiga erishishi mumkin.
    Bayt:
    Kimda oʻtkir aqlu farosat bordir,
    Gʻalaba bayrogʻini tikar osmonga![28]
  • Azizim, uzoqni koʻruvchi aqlni va olamni bezatuvchi tafakkurni har qanday ishda oʻzing uchun odil hokim va komil sinovchi qilib olki, insoniylik sharafining javhari boshqa hayvonlardan aqlining oʻtkirligi bilan ajralib turadi[28].
  • Azizim, oʻylab aytilmagan soʻz hali qayta ishlanib tozalanmagan oltinga oʻxshaydi. Sen soʻz aytishdan avval yaxshilab oʻyla, fikr boyligini imtihon mahali bilan sina, qaysi soʻz tekshiruvdan yaxshi oʻtsa oʻshani tilga keltir!
    Bayt:
    Har soʻzki yaxshilab oʻylangan emas,
    Aytishu yozishga aslo arzimas![2]
  • Azizim, gʻazab otini sabot jilovi bilan qaysarlik yoʻlidan qaytar! Har qanday shubha zimistonini aql nuri bilan ravshan et! Shunda sen nadomat va pushaymonlik domiga mubtalo boʻlmaysan!
    Birov gunoh qilsa, boʻlsang dargʻazab,
    Jazo bermay turib uyla yaxshilab!
    Badaxshon laʼlini sindirish oson,
    Biroq asli kabi boʻlmaydi yamab.
    Qilinmagan ishni qilsa boʻladi,
    Qilgach, nadomatdan sud yoʻq, ne ajab![1]
  • Azizim, gʻazab shaytoniy olovning shu’lasidir. U shunday bir daraxtki, mevasi pushaymonlikdan iborat. Shuning uchun tajribali kishilar gʻazab otashini soʻndirishga uringanlar, jahl luqmasini esa ichlariga yutishga harakat qilganlar![29]
  • Azizim, gʻurbat alami sening vujudingga yetgani va ayriliq garmseli gulshaning sari esgani yoʻq. Safar shunday daraxtki, firoqdan oʻzga meva qilmaydi, gʻariblik esa shunday bulutki, gʻam yomgʻiridan oʻzga tomchilarni tashlamaydi. Yoʻl azobi – goʻr azobi deganlaridek, haqiqatan ham u dilni kuydiruvchi bir shu’ladirki, jigarni pora qiladi. Demak, eng yaxshi yoʻl shuki, kishining aziz doʻstlari boʻla turib, ulardan safarni ustun qoʻymaydi, natijasi ohu firoq yoshidan iborat boʻlgan yeru diyor ayriligʻini ixtiyor etmaydi. Chunonchi, aytadilar:
    Vatanni tark etmoq hazil ish emas,
    Bu ish uchun har kim tob beravermas!
    Judolik daraxtdir bargi yoʻq, yolgʻiz,
    Bargi boʻlsa hamki, ammo mevasiz.
    Bugun ayriliqdan yuragim giryon,
    Aziz yerni qoʻldan chiqarib hayron.
    Na koʻzda uyqu bor, na dilda rohat,
    Azob oʻti barin aylamish gʻorat![22]
  • Dono bilan zindon ichida xurram,
    Nodon bilan hatto boʻston jahannam![30]
  • Dushman agar doʻstlik lofini ursa,
    Aql sohiblari sanamas hech doʻst.
    Ilon ilonlikcha qoladi doim,
    Teri oʻzgartirib, tashlasa-da poʻst![23]
  • Dushman ishi avval hiyla-yu nayrang,
    Soʻng hujum boshlaydi, qiladi garang.
    Bu selning yoʻllari toʻsilmasa gar,
    Yuzlanar behisob fitna-yu zarar.
    Fitna yoʻlin bugun toʻsmasang mahkam,
    Ertaga koʻchayar boʻlib mustahkam![23]
  • Dushman qasd aylasa yoʻqotmoq uchun,
    Oqil boʻlsang jiddu-jahd ayla tamom.
    Maqsad hosil boʻlsa baxtga yetarsan,
    Aksi boʻlsa, maʼzur tutarlar mudom![23]
  • Dushman soʻzlariga ishonsa kishi,
    Pushaymon tortishdir oqibat ishi![9]
  • Ey aziz farzand! Baxillik va hasad illatiga dilingda aslo joy bermaganki, hasad davlating uyini vayron qilsa, baxillik izzat chamanini payhon qiladi:
    Kimki hasad oʻtin yoqsa jahonda,
    Bu oʻt uning oʻzin quymas omonda![31]
  • Goʻdaklikdan yomon feʼlga oʻrgansa,
    Yuz mehnat-la uni kam qilib boʻlmas.
    Yaxshi yoʻlga solay debon urinma,
    Oʻsib qotgan shoxni xam qilib boʻlmas![32]
  • Hakimlar aytadi: „Sinalmagan doʻstga va sinalgan dushmanga ishonmoq katta xato“[19].
  • Har kim agar yoshligidan beodob kishilar ichida oʻsib ulgʻaysa, katta boʻlgach, uning vujudiga oʻrnashib olgan badfeʼllik illatini chiqarib tashlash qiyin boʻladi[32].
  • Insonni, uning lisoni, yaʼni tilidan; sinamoq kerakki, hikmatlarda: „Odamning kimligini libosi va sallasidan emas, tilidan biling!“ – deyiladi[33].
  • Insonning sharafi aqldan mahkam,
    Undan obroʻ topar har qanday odam![34]
  • Isteʼdod egalarini tarbiyalash shunday bir kimyodirki, u qora tuproqni toza oltinga, noqis toshni esa aybsiz gavharga aylantiradi. Chunonchi aytadilar:
    Tarbiyadan tuproq gavhar boʻladi.
    Nof ichra qon mushki asgʻar boʻladi.
    Qiymatsiz qora bir temirni iksir,
    Tarbiya aylagach sof zar boʻladi![13]
  • Koʻp kishilar borki, ular oʻz sirlarini saqlay bilmasliklari tufayli halokatga duchor boʻladilar[35].
    Bayt:
    Sirlar ichkaridan chiqib tashqari,
    Necha botirlarni qilar sarsari!
    Qanday yaxshi gapni aytmish bir hushyor,
    "Boshing kerak boʻlsa – sir saqlash darkor!"[26]
  • Safardan koʻp tajribalar hosil boʻladi va behisob foydalar qoʻlga kiradi, deb eshitgan edim men. Menda oʻsha tajribalar hosil boʻldi. Endi to hayot ekanman, boshqa safar qilish haqida oʻylamayman.
    Bayt:
    Gʻariblikni endi havas qilmayman,
    Doʻstlar diydori-la boʻlish koʻp xushdir[28].
  • Sidqu safo tula „Guliston“ aro,
    Saʼdiy goʻzal soʻzni aytmish mutlaqo:
    „Soʻzni oʻylamasdan gapirma har dam,
    Yaxshi soʻz kechikib aytilsa ne gʻam?“[17]
  • Tajribakor oqil kishi dushman nomini shamshirning oʻtkir tigʻi bilan hayot sahifasidan oʻchirmaguncha osoyishtalik kelishini tinchlik yoʻli bilan qucholmaydi. Mard kishi xasm qadahini zafar toshi bilan sindirmaguncha murod sharobini noʻsh etolmaydi!
    Bayt:
    Dushman zararidan boʻlarsan omon
    Mozorga chiroq yoqilgan zamon![19]
  • Tajribali keksalar shijoatli yoshlardan koʻra chora va tadbirga ustaroqdirlar.
    Bayt:
    Yoshlar bilan jangu jadal ichra kir,
    Yongish tadbirin keksadan qidir.
    Garchi yoshlar boʻlsa botiru chaqqon,
    Ammo keksa dili choragadir kon![20]
  • Oʻzicha xulosa chiqarib dedi: „Kishiga tole kulib boqsa oʻgʻri uning uchun posbonga aylanadi, dushman esa mehribon doʻstga!“
    Bayt:
    Doʻsting boʻlsa agar beaql, nodon,
    Undan oqil dushman yaxshi ming chandon![30]

Manbalar

[tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 207.
  2. 2,0 2,1 2,2 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 203.
  3. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 46.
  4. 4,0 4,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 81.
  5. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 78.
  6. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 80.
  7. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 92.
  8. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 149.
  9. 9,0 9,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 50.
  10. 10,0 10,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 218.
  11. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 139.
  12. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 184.
  13. 13,0 13,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 5.
  14. 14,0 14,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 204.
  15. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 194.
  16. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 37.
  17. 17,0 17,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 202.
  18. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 71.
  19. 19,0 19,1 19,2 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 53.
  20. 20,0 20,1 20,2 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 154.
  21. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 193.
  22. 22,0 22,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 70.
  23. 23,0 23,1 23,2 23,3 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 52.
  24. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 215.
  25. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 38.
  26. 26,0 26,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 185.
  27. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 186.
  28. 28,0 28,1 28,2 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 60.
  29. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 208.
  30. 30,0 30,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 65.
  31. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 163.
  32. 32,0 32,1 Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 6.
  33. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 79.
  34. Mashriqzamin hikmat boʻstoni, s. 55.
  35. Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet. 

Adabiyotlar

[tahrirlash]