Kontent qismiga oʻtish

Doʻstlik

Vikiiqtibosdan olingan
(Doʻstdan yoʻnaltirildi)
Doʻstlik

Qardosh loyihalar

Doʻstlik – ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha. Oʻzaro hurmat, yoqtirish, manfaatlarning umumiyligi, yaqinlik, bir-birini tushunishga asoslangan kishilar oʻrtasidagi munosabat shaklini ifodalaydi.

Alifbo tartibi boʻyicha:
A · B · D · E · F · G · H · I · J · K · L · M · N · O · P · Q · R · S · T · U · V · X · Y · Z · · · Sh · Ch · ng · Yana qarang · Havolalar

  •  

Ablah doʻst dushmandan yomondir, yomon,
Ne hiylani bilsa, ishlatar oson[1].

  Jaloliddin Rumiy
  •  

Aql sohibi boʻlgan doʻst araz tufayli oʻz doʻst tashlab yubormaydi, imkoni boricha avvalgi doʻstli qayta tiklashga harakat qiladi. Kimki aybdor boʻlsa aybdor tomon avval uzr soʻrasa va aybiga iqror boʻlsa avvalgi doʻstlik yana qayta tiklanadi. Ammo har ikki tomon bir-biriga xoʻmrayib, „sen uzr soʻra“ qabilida yursa, ittifoqlik nifoq bilan, muhabbat esa haqiqiy adovat bilan almashishi muqarrardir[2].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Aybsiz doʻst qidirgan kishi yakkalanib qoladi. Arzimas aybi uchun xafa boʻlaveradigan kishining doʻstlari dushmanga aylanaveradi. Doʻstining oʻzidan oʻzib ketayotganini koʻra olmagan kishi gʻam ostida yuraveradi[3].

  Yusufiy
  •  

Azizim! Sen shunday yoʻl tutki, bu bilan sen haqiqiy odamga aylangin, bilim va tajriba sohibi boʻl, yaxshilar suhbatidan oʻzing uchun bir natija chiqar, yomon kishilar qilayotgan ishni koʻrib, ularga aslo koʻngil berma, behuda soʻzlovchilarning bemaʼni soʻzlari yuragingga taʼsir qilib, koʻngil oynasini xiralantirmasin! Doʻstni dushmandan ayirish yoʻlini oʻrgan:
Doʻsting uchun jonni fido aylagin,
Doʻstingni dushmandan judo aylagin.
Yaxshi ishga undar doʻsting har onda,
Yordam berar tashvish yetgan zamonda![4]

  Xoja Samandar Termiziy
  •  

Baʼzi hakimlarning aytishicha, bir doʻst ikkinchi doʻstning ayblaridan ogoh boʻlib qolsa, uni hargiz birovlariga aytmaydi. Ammo doʻstning bitta yaxshi xislati va hunari borligini bilsa, uni oʻnta qilib koʻrsatadi[5].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Bagʻritosh doʻstni dushman hisoblash lozim[1].

  Muʼiniddin Juvayniy
  •  

Bir hakim buyuradi: „Doʻsting senga nasihat qilishdan erinsa, toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga urinmasa, aybingdan seni ogoh qilmasa, unday doʻstdan kechmoq va uzoqlashishdan gʻamga tushmoqni xayolga ham keltirmaslik kerak.
Sheʼr:
Kimki ayblaringni aytsa agar yuzingga,
Koʻzlaridan shod boʻlib oʻpsang hamki oz erur[6].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Bir hakim shunday deydi:
— Doʻsting bergan maslahat tufayli ish tutsang-u, biroq natija yomon boʻlib chiqsa, sen doʻstingni malomat qilma, unga: „Sen aytgandek qilaman deb, ishim chappasidan ketdi, nega ham senga maslahat soldim-a!“ demagin. Chunki yana ish yuzasidan nochor unga maslahat solsang, maslahati toʻgʻri boʻlsa-da, oqibati yomon boʻlishidan qoʻrqib, senga aytmaydi[7]. [„Favoqih al-julaso“ asaridan]

  Qayum Nosiriy
  •  

Bir hunar-u boʻlsa, yetmishta aybing,
Doʻst aybingni koʻrmas, koʻrar hunaring![5].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Birodarlarimiz biz uchun ahli oilamizdan ham qimmatliroqdir. Chunki ahlimiz bizga nuqul dunyoni eslatadi, birodarlarimiz esa — oxiratni![8][9]

  Hasan Basriy
  •  

Bitta dushmaning — koʻp, doʻstlaring minglab boʻlsa ham — oz[10].

  Rudakiy
  •  

Bu juda yaxshi soʻz, sen ham os quloq,
Nodon doʻstdan koʻra dushman yaxshiroq[1].

  Abulmajid Sanoiy
  •  

Bu olamda yaxshilar ila doʻstlashishni hamma ham xush koʻradi. Agar zoʻr boʻlsang, yomonlarni ham doʻstga aylantira bil[11].

  Bahouddin Naqshband
  •  

Doimo doʻstlar bilan boʻl hamnafas,
Koʻrma dushmanning yuzini bir nafas![12].

  Farididdin Attor
  •  

Donolarning aytishicha, doʻst uch xil boʻladi. Birinchisi „joni doʻst“ boʻlib, bunday doʻst haqiqiy hisoblanadi va u oʻz doʻsti uchun jonini ham ayamaydi. Ikkinchisi „til doʻst“ boʻlib, u tilda doʻstlik izhor qiladi, ammo boshga biror kulfat tushsa oʻzini olib qochadi. Uchinchisi „non doʻsti“ boʻlib, bunday doʻst yeb-ichish — dasturxon uchungina doʻst boʻladi. Puling tugagandan keyin esa qorasini koʻrsatmaydi.[13].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Donolarning aytishicha, uch guruh kishilar bilan doʻstlik yoʻlini tutish maqsadga muvofiqdir.
Birinchisi, ilm ahli boʻlib, ular oʻz hayotlarini ilm-u odob bilan oʻtkazgan va hayotning barcha achchiq-chuchugini tortgan boʻladilar.
Ikkinchisi, baxtiyor, tabiati saodatmand kishilar, ular oʻz doʻstlarining ayblarini odamlardan yashiradilar va hech qachon oshkor qilmaydilar. Xilvatda doʻstdan sodir boʻlgan xatolarni yuzlariga aytib beradilar va ulardan hech bir nasihatlarini ayamaydilar.
Uchinchisi, begʻaraz va betama kishilar boʻlib, ularning doʻstliklari haqiqiy, biror foyda topish evaziga qurilmagan boʻladi[13].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Dunyoda eng yomon xislat doʻstlarga qilinadigan makr bilan hiyladir.

  — Muhammad Jabalrudiy[14]
  •  

Dunyoda tungi namoz (tahajjud), doʻstlar bilan suhbat va jamoat bilan oʻqiladigan namozdan boshqa zavq qolmadi[15].

  Abu Sulaymon Doroniy
  •  

Dunyo safosi bilan, doʻst vafosi bilan goʻzal, oʻz doʻstining aybini ochib yurgan kishi razil kishidir. Yomon odamga yoʻldosh boʻlgandan koʻra, oʻtda kuygan yaxshi[5].

  Otalar soʻzi
  •  

Dushmanlaring bilan apoq-chapoq boʻlgan doʻstingdan qoʻlingni yuvib, qoʻltigʻingga ur[16].

  Qobus
  •  

Doʻst bilan suhbat qurmoq gullar orasida sayr qilmoq va goʻzallar nagʻmasiga quloq solmoqdan xushdir[17].

  Otalar soʻzi
  •  

Doʻst doʻstdir asli qilmishi bilan,
Doʻst emas „doʻstingman“, deyishi bilan[1].

  Nosir Xisrav
  •  

Doʻst-doʻstga shunday koʻzguki, undan tiniqrogʻi yoʻq[10].

  Avhadiddin Anvariy
  •  

Doʻstga ham, dushmanga ham yaxshilik qilish yaxshidir. Agar doʻstingga yomonlik qilsang, u senga dushman, dushmaningga yaxshilik qilsang, u senga doʻst boʻladi[16].

  Umar Xayyom
  •  

Doʻstimki, dushmanimga doʻstlik qilarkan, uni men doʻst hisoblamayman. Zaharga qoʻshilgan shakardan ehtiyot boʻl[16].

  Abu Ali ibn Sino
  •  

Doʻstim qolsin, desang mangu doʻst boʻlib,
Soʻzlagin sen taʼbu odatin bilib[1].

  Abulmajid Sanoiy
  •  

Doʻstingdan ehtiyot boʻl, ishonchlisi mustasno. Allohdan qoʻrqqangina ishonchli boʻlur[9].

  Umar ibn Xattob
  •  

Doʻsting och boʻlsa, sen esa toʻq boʻlsang, bu aybdir![18]

  Otalar soʻzi
  •  

Doʻst jamoli dardni aritadi[19].

  Otalar soʻzi
  •  

Doʻstlar bilan totuv yasha, urishib undan ayrilma. Qoʻlingdagi tovuqni chiqarib yuborib, yana boshqatdan qidirma![11].

  Mahmud Qoshgʻariy
  •  

Doʻstlar diydoridan ortiq quvonch, firoqidan ortiqroq gʻam yoʻq[10].

  Rudakiy
  •  

Doʻstlar fikridin va dushmanlar makridin beparvoligʻ joiz ermas va bu ish nadomatdin oʻzga natija bermas[20].

  Alisher Navoiy
  •  

Doʻstlik ipi juda nozikdir. Har ikki tomon bu ipni uzilmasligi uchun qaygʻurmogʻi kerak. Bir nomaqbul ish tufayli oraga araz tushsa, bu araz kuchaymasdan avval uzr soʻrash yoʻlini tutmoq kerakki, eskimagan araz tezda yoʻq boʻladi. Araz eskigach, garchi u yengil boʻlsa ham, muhabbat qayta tiklanishi qiyinlashadi, tiklanganda ham avvalgidek boʻlmaydi[21].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Doʻstlaring koʻpayar farovonlikda,
Ularni sinab koʻr notavonlikda[22].

  Xusrav Dehlaviy
  •  

Doʻstni haydamoq akadan ajralmoqdir![19]

  Otalar soʻzi
  •  

Doʻstning kelishi bayramdir[23].

  Otalar soʻzi
  •  

Doʻstning yomoni shundayki, yaxshiligingni unutadi, yomonligingni eslab yuradi[19].

  Otalar soʻzi
  •  

Doʻstsiz yashash mumkinmas, ammo hamma ham doʻstlikka arziyvermaydi[22].

  Muʼiniddin Juvayniy
  •  

Ey aziz, bilginki, doʻst doʻstning yonida boʻlsa ham yoki uzoqda boʻlsa ham ular bir-birlariga nisbatan hech oʻzgarmaydilar, bir-birining shodligiga hamdard boʻladi, gʻam kelsa, birga kuyishadi, doʻstiga yaxshilik qilsa uni unutadi. Doʻst unga yaxshilik qilsa hech qachon unutmaydi, agar doʻstda xato sodir boʻlsa kechiradi, doʻstiga yaxshilik qilsa u qaytararmikan deb tama koʻzini tikmaydi. Faqat molparast kishilar boylik bilan barcha narsani oʻlchaydigan kishilargina shunday xayolda yurishi mumkin[6].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Kim agar doʻstlar bilan yakdil boʻlur,
Barcha maqsudi aning hosil boʻlur[3].

  Farididdin Attor
  •  

Kimki aybsiz doʻst axtarsa — doʻsti kamayadi. Kimki doʻstini xatosi uchun itobga olsa — dushmani koʻpayadi[10].

  Muʼiniddin Juvayniy
  •  

Kimki doʻstlikni xor aylabdi, uni qismat jazolagay — chiqib tutuni[16].

  Jaloliddin Rumiy
  •  

Kimning doʻst va kimning dushmanligi ogʻir kunlarda bilinadi[24].

  Otalar soʻzi
  •  

Kulfatda bilaylik doʻst-u dononi,
Qalqon boʻlajak u sinalgan oni[11].

  Abu Shukur Balxiy
  •  

Hakimlarning aytishlaricha, har kim badavlatlik paytida doʻstlariga yordam qoʻlini choʻzmasa, bechoralik paytida hech kim unga ham qoʻlini choʻzmaydi. Soʻradilar: „Doʻst kim?“ Javob berdi: „Ogʻir kunlarda qoʻllagan kishi!“

  „Maxzan al-ulum“ asaridan
  •  

Har kimdan istama doʻst-oshnolik,
Har oshnadan kutma sen roʻshnolik[3].

  Abdurahmon Jomiy
  •  

Har narsaning yangisi, ammo doʻstning eskisi yaxshi[12].

  Otalar soʻzi
  •  

Har qancha boʻlsa ham olamda achchiq,
Achchiqroqdir dono doʻstdan ayriliq[9].

  Abu Abdulloh Rudakiy
  •  

Ikki dushman butun yer yuziga sigʻmaydi, ammo ikki doʻst bir qarich yerga sigʻa oladi[16].

  Asmaiy
  •  

Ikki narsa dildagi gʻam ofati: doʻst diydori, dono kishi suhbati[10].

  Abu Shukur Balxiy
  •  

Ikki oqilning doʻstligi aql taqozosicha boʻlib, bu doʻstlikning umri boqiy boʻladi. Ammo ikki nodonning doʻstligi esa barqaror boʻlmaydi, chunki ular oʻz manfaatlari yuzasidan tezdagina urishib qoladilar. Ikki johil doʻstligi esa hech qachon boqiy boʻlmaydi, ular biror narsa ustida bir qarorga kelolmaydilar, natijasi esa zarar bilan tugaydi[13].

  Buqrot
  •  

Jahonning shodligi yigʻilsa butun,
Doʻstlar diydoridan boʻlolmas ustun[9].

  Abu Abdulloh Rudakiy
  •  

Men umrim davomida ixlosmandlarimga qaraganda tanqidchi doʻstlarimdan, ayniqsa ularning tanqidi muloyim va doʻstona suxan bilan izhor etilganida koʻproq foyda olganman[3].

  Maxatma Gandi
  •  

Mingta odamni oʻzingga doʻst qilaman deb, bitta odamni dushmanga aylantirma, chunki doʻst mingta boʻlsa oz, dushman bitta boʻlsa koʻpdir.

  Otalar soʻzi[6]
  •  

Neʼmatlarning eng yaxshisi – harakat qilib erishilgani. Doʻstlarning eng yaxshisi – Alloh taoloni eslatgani. Qalblarning eng nurlisi – ichida mol-dunyo sevgisi boʻlmagani[25].

  Abul Hasan Haraqoniy
  •  

Nodon doʻst — doʻst boʻlaturib shunday kunlarni boshingga soladiki, bu yuzta dono dushmaningning ham qoʻlidan kelmaydi[16].

  Qobus
  •  

Odam doʻstsiz qolgandan koʻra aka-ukasiz qolgani afzal[10].

  Qobus
  •  

Parvardigor bizga nasiba qilib yaratgan neʼmatlar va roʻyolar (boyliklar) ichida doim qadr-qimmat qilishimiz lozim boʻlgan, eʼzozlashimiz shart boʻlgan oliy fazilat — doʻstlik va mehr-oqibatdir[26].

  Abu Lays Samarqandiy
  •  

Qadahboz doʻstlaringni doʻst dema, chunki ular senga emas, qadahingga doʻst[10].

  Qobus
  •  

Sinamay birovni doʻst tutsang,
Nolima shu doʻstdan qon yutsang[1].

  Abu Shukur Balxiy
  •  

Tili shirin odamning doʻsti koʻp boʻladi[27].

  Otalar soʻzi
  •  

Tuban odam bilan doʻst tutinib, hamsuhbat boʻlma, chunki uning zarardan boshqa nafi tegmaydi[1].

  Majididdin Xavofiy
  •  

Tuyakash bilan doʻst boʻlgan kishining darvozasi keng boʻlishi kerak[23].

  Otalar soʻzi
  •  

Toʻzgan paxta boʻz boʻlmas,
Qadimiy yov doʻst boʻlmas[22].

  Qoʻrqit ota
  •  

Uchta ish sen haqingda doʻstingda yaxshi fikr hosil qiladi: uni salom bilan qarshi olishing, majlisda joy berishing, uni u yaxshi koʻradigan ismlar bilan chaqirishing[1].

  Umar ibn Xattob
  •  

Xoʻmrayib har kimsa achchiq soʻzlagay,
Doʻstlari undan qochishni koʻzlagay[3].

  Farididdin Attor
  •  

Yangi doʻst orttirsang, eskisidan yuzingni burma[20].

  Qobus
  •  

Yasovuldan doʻst tanlama, chunki u haqiqatni tan olmaydi. Sen unga ming martalab nonu suv tutqazsang-da, undan bir marta ham issiq (ovqat) soʻrab ololmaysan[1].

  Majididdin Xavofiy
  •  

Yaxshi bilan doʻst boʻlgan yomonlardan qutilar[28].

  Otalar soʻzi
  •  

Yaxshiligi koʻp odamning doʻstlari serob boʻladi[29].

  Otalar soʻzi
  •  

Oʻzingga sodiq doʻstlar tanla, ular panohida yashaysan, chunki ular kengchilikda ziynat, qiyinchilikda qalqondirlar[30].

  Umar ibn Xattob
  •  

Gʻamning davosi doʻstlar diydorini koʻrish[31].

  Otalar soʻzi
  •  

Chinakam doʻst aytgan har oʻgit, masal,
Sirti zahar erur, tomiri — asal[11].

  Nosir Xisrav

Manbalar

[tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 Tursun 2006, s. 167.
  2. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 42.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Tursun 2006, s. 171.
  4. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 38.
  5. 5,0 5,1 5,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 46.
  6. 6,0 6,1 6,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 127.
  7. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 153.
  8. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named :0
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 Tursun 2006, s. 168.
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 10,4 10,5 10,6 Tursun 2006, s. 166.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 Tursun 2006, s. 170.
  12. 12,0 12,1 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 41.
  13. 13,0 13,1 13,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 44.
  14. Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet. 
  15. Tursun 2006, s. 32.
  16. 16,0 16,1 16,2 16,3 16,4 16,5 Tursun 2006, s. 164.
  17. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 40.
  18. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 191.
  19. 19,0 19,1 19,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 48.
  20. 20,0 20,1 Tursun 2006, s. 165.
  21. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 47.
  22. 22,0 22,1 22,2 Tursun 2006, s. 169.
  23. 23,0 23,1 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 49.
  24. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 53.
  25. Tursun 2006, s. 76.
  26. Tursun 2006, ss. 165–166.
  27. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 94.
  28. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 107.
  29. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 108.
  30. Tursun 2006, ss. 168–169.
  31. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 204.

Adabiyotlar

[tahrirlash]
  • Xomidiy, Hamidjon; Hasaniy, Mahmud. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997 — 251-bet. ISBN 978-9943-00-130-5. 
  • Tursun, Ahmad. Sharq donishmandlari hikmatlari. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2006 — 208-bet. 

Havolalar

[tahrirlash]