Kontent qismiga oʻtish

Doʻstlik

Vikiiqtibosdan olingan
Doʻstlik
Vikipediya maqolasi
Vikilugʻatdagi maʼnolar
Wikimedia Commonsdagi media fayllari
Wikinewsdagi yangiliklar

Doʻstlik – ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha. Oʻzaro hurmat, yoqtirish, manfaatlarning umumiyligi, yaqinlik, bir-birini tushunishga asoslangan kishilar oʻrtasidagi munosabat shaklini ifodalaydi.



  •  

Aql sohibi boʻlgan doʻst araz tufayli oʻz doʻst tashlab yubormaydi, imkoni boricha avvalgi doʻstli qayta tiklashga harakat qiladi. Kimki aybdor boʻlsa aybdor tomon avval uzr soʻrasa va aybiga iqror boʻlsa avvalgi doʻstlik yana qayta tiklanadi. Ammo har ikki tomon bir-biriga xoʻmrayib, „sen uzr soʻra“ qabilida yursa, ittifoqlik nifoq bilan, muhabbat esa haqiqiy adovat bilan almashishi muqarrardir[1].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Azizim! Sen shunday yoʻl tutki, bu bilan sen haqiqiy odamga aylangin, bilim va tajriba sohibi boʻl, yaxshilar suhbatidan oʻzing uchun bir natija chiqar, yomon kishilar qilayotgan ishni koʻrib, ularga aslo koʻngil berma, behuda soʻzlovchilarning bemaʼni soʻzlari yuragingga taʼsir qilib, koʻngil oynasini xiralantirmasin! Doʻstni dushmandan ayirish yoʻlini oʻrgan:
Doʻsting uchun jonni fido aylagin,
Doʻstingni dushmandan judo aylagin.
Yaxshi ishga undar doʻsting har onda,
Yordam berar tashvish yetgan zamonda![2]

  Xoja Samandar Termiziy
  •  

Baʼzi hakimlarning aytishicha, bir doʻst ikkinchi doʻstning ayblaridan ogoh boʻlib qolsa, uni hargiz birovlariga aytmaydi. Ammo doʻstning bitta yaxshi xislati va hunari borligini bilsa, uni oʻnta qilib koʻrsatadi[3].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Bir hakim buyuradi: „Doʻsting senga nasihat qilishdan erinsa, toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga urinmasa, aybingdan seni ogoh qilmasa, unday doʻstdan kechmoq va uzoqlashishdan gʻamga tushmoqni xayolga ham keltirmaslik kerak.
Sheʼr:
Kimki ayblaringni aytsa agar yuzingga,
Koʻzlaridan shod boʻlib oʻpsang hamki oz erur[4].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Bir hakim shunday deydi:
— Doʻsting bergan maslahat tufayli ish tutsang-u, biroq natija yomon boʻlib chiqsa, sen doʻstingni malomat qilma, unga: „Sen aytgandek qilaman deb, ishim chappasidan ketdi, nega ham senga maslahat soldim-a!“ demagin. Chunki yana ish yuzasidan nochor unga maslahat solsang, maslahati toʻgʻri boʻlsa-da, oqibati yomon boʻlishidan qoʻrqib, senga aytmaydi[5]. — „Favoqih al-julaso“ asaridan

  Qayum Nosiriy
  •  

Bir hunar-u boʻlsa, yetmishta aybing,
Doʻst aybingni koʻrmas, koʻrar hunaring![3].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Doimo doʻstlar bilan boʻl hamnafas,
Koʻrma dushmanning yuzini bir nafas![6].

  Farididdin Attor
  •  

Donolarning aytishicha, doʻst uch xil boʻladi. Birinchisi „joni doʻst“ boʻlib, bunday doʻst haqiqiy hisoblanadi va u oʻz doʻsti uchun jonini ham ayamaydi. Ikkinchisi „til doʻst“ boʻlib, u tilda doʻstlik izhor qiladi, ammo boshga biror kulfat tushsa oʻzini olib qochadi. Uchinchisi „non doʻsti“ boʻlib, bunday doʻst yeb-ichish — dasturxon uchungina doʻst boʻladi. Puling tugagandan keyin esa qorasini koʻrsatmaydi.[7].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Donolarning aytishicha, uch guruh kishilar bilan doʻstlik yoʻlini tutish maqsadga muvofiqdir.
Birinchisi, ilm ahli boʻlib, ular oʻz hayotlarini ilm-u odob bilan oʻtkazgan va hayotning barcha achchiq-chuchugini tortgan boʻladilar.
Ikkinchisi, baxtiyor, tabiati saodatmand kishilar, ular oʻz doʻstlarining ayblarini odamlardan yashiradilar va hech qachon oshkor qilmaydilar. Xilvatda doʻstdan sodir boʻlgan xatolarni yuzlariga aytib beradilar va ulardan hech bir nasihatlarini ayamaydilar.
Uchinchisi, begʻaraz va betama kishilar boʻlib, ularning doʻstliklari haqiqiy, biror foyda topish evaziga qurilmagan boʻladi[7].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Dunyoda eng yomon xislat doʻstlarga qilinadigan makr bilan hiyladir.

  — Muhammad Jabalrudiy[8]
  •  

Dunyoda tungi namoz (tahajjud), doʻstlar bilan suhbat va jamoat bilan oʻqiladigan namozdan boshqa zavq qolmadi[9].

  Abu Sulaymon Doroniy
  •  

Dunyo safosi bilan, doʻst vafosi bilan goʻzal, oʻz doʻstining aybini ochib yurgan kishi razil kishidir. Yomon odamga yoʻldosh boʻlgandan koʻra, oʻtda kuygan yaxshi.

  Otalar soʻzi[3]
  •  

Doʻst bilan suhbat qurmoq gullar orasida sayr qilmoq va goʻzallar nagʻmasiga quloq solmoqdan xushdir.

  Otalar soʻzi[10]
  •  

Doʻsting och boʻlsa, sen esa toʻq boʻlsang, bu aybdir!

  Otalar soʻzi[11]
  •  

Doʻst jamoli dardni aritadi.

  Otalar soʻzi[12]
  •  

Doʻstlik ipi juda nozikdir. Har ikki tomon bu ipni uzilmasligi uchun qaygʻurmogʻi kerak. Bir nomaqbul ish tufayli oraga araz tushsa, bu araz kuchaymasdan avval uzr soʻrash yoʻlini tutmoq kerakki, eskimagan araz tezda yoʻq boʻladi. Araz eskigach, garchi u yengil boʻlsa ham, muhabbat qayta tiklanishi qiyinlashadi, tiklanganda ham avvalgidek boʻlmaydi[13].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Doʻstni haydamoq akadan ajralmoqdir!

  Otalar soʻzi[12]
  •  

Doʻstning kelishi bayramdir.

  Otalar soʻzi[14]
  •  

Doʻstning yomoni shundayki, yaxshiligingni unutadi, yomonligingni eslab yuradi.

  Otalar soʻzi[12]
  •  

Ey aziz, bilginki, doʻst doʻstning yonida boʻlsa ham yoki uzoqda boʻlsa ham ular bir-birlariga nisbatan hech oʻzgarmaydilar, bir-birining shodligiga hamdard boʻladi, gʻam kelsa, birga kuyishadi, doʻstiga yaxshilik qilsa uni unutadi. Doʻst unga yaxshilik qilsa hech qachon unutmaydi, agar doʻstda xato sodir boʻlsa kechiradi, doʻstiga yaxshilik qilsa u qaytararmikan deb tama koʻzini tikmaydi. Faqat molparast kishilar boylik bilan barcha narsani oʻlchaydigan kishilargina shunday xayolda yurishi mumkin[4].

  Abulbarakot Qodiriy
  •  

Kimning doʻst va kimning dushmanligi ogʻir kunlarda bilinadi.

  Otalar soʻzi[15]
  •  

Hakimlarning aytishlaricha, har kim badavlatlik paytida doʻstlariga yordam qoʻlini choʻzmasa, bechoralik paytida hech kim unga ham qoʻlini choʻzmaydi. Soʻradilar: „Doʻst kim?“ Javob berdi: „Ogʻir kunlarda qoʻllagan kishi!“

  „Maxzan al-ulum“ asaridan
  •  

Har narsaning yangisi, ammo doʻstning eskisi yaxshi.

  Otalar soʻzi[6]
  •  

Ikki oqilning doʻstligi aql taqozosicha boʻlib, bu doʻstlikning umri boqiy boʻladi. Ammo ikki nodonning doʻstligi esa barqaror boʻlmaydi, chunki ular oʻz manfaatlari yuzasidan tezdagina urishib qoladilar. Ikki johil doʻstligi esa hech qachon boqiy boʻlmaydi, ular biror narsa ustida bir qarorga kelolmaydilar, natijasi esa zarar bilan tugaydi[7].

  Buqrot
  •  

Mingta odamni oʻzingga doʻst qilaman deb, bitta odamni dushmanga aylantirma, chunki doʻst mingta boʻlsa oz, dushman bitta boʻlsa koʻpdir.

  Otalar soʻzi[4]
  •  

Tili shirin odamning doʻsti koʻp boʻladi.

  Otalar soʻzi[16]
  •  

Tuyakash bilan doʻst boʻlgan kishining darvozasi keng boʻlishi kerak.

  Otalar soʻzi[14]
  •  

Yaxshi bilan doʻst boʻlgan yomonlardan qutilar.

  Otalar soʻzi[17]
  •  

Yaxshiligi koʻp odamning doʻstlari serob boʻladi.

  Otalar soʻzi[18]
  •  

Gʻamning davosi doʻstlar diydorini koʻrish.

  Otalar soʻzi[19]

Manbalar

[tahrirlash]
  1. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 42.
  2. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 38.
  3. 3,0 3,1 3,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 46.
  4. 4,0 4,1 4,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 127.
  5. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 153.
  6. 6,0 6,1 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 41.
  7. 7,0 7,1 7,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 44.
  8. Ahmad Muhammad. Sharq haqni topdi..., (Sharq donishmandlari va allomalarining sara hikmatlari), Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2006 — 124-bet. 
  9. Tursun 2006, s. 32.
  10. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 40.
  11. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 191.
  12. 12,0 12,1 12,2 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 48.
  13. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 47.
  14. 14,0 14,1 Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 49.
  15. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 53.
  16. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 94.
  17. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 107.
  18. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 108.
  19. Xomidiy & Hasaniy 1997, s. 204.

Adabiyotlar

[tahrirlash]
  • Xomidiy, Hamidjon; Hasaniy, Mahmud. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997 — 251-bet. ISBN 978-9943-00-130-5. 
  • Tursun, Ahmad. Sharq donishmandlari hikmatlari. Toshkent: „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2006 — 208-bet.