Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq
Qiyofa

Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq (nemischa: Im Westen nichts Neues) — Erich Maria Remarquening 1929-yilda nashr etilgan mashhur asari. Bu roman, yosh askar Paul Boymer va uning ulfatlari frontdagi hayoti va barcha koʻrgan narsalari haqida hikoya qiladi.
Iqtiboslar
[tahrirlash]- Bu kitob aybnoma ham, afvnoma ham emas. Bu shunchaki urush dastidan juvonmarg boʻlgan avlod haqidagi, garchi zambarak oʻqidan omon qolsa-da, shu urushning qurboniga aylanganlar toʻgʻrisidagi koʻngil izhoridir.
- Belimizdagi kamarni oxirigacha tortib, ogʻzimizga bir tishlamdan non solamiz, lekin chaynamaymiz – shimamiz. Chunki uni tejash kerak. Qornimiz piyozposti boʻlib ketgan. Men nonning yumshoq joyini yeb, ustki qatlamini haltamga yashiraman, keyin uni yana olib, har zamonda soʻrib-soʻrib qoʻyaman.
- Biz qiziqchi boʻlganimiz uchun qiziqchilik qilmaymiz, faqat ana shu tuygʻuni yoʻqotmaslikka tirishamiz, aks holda xarob boʻlamiz.
- Umringda bir marta maʼnili gap gapirding. Davlat bilan Vatan – rostdan ham bitta narsa emas.
- Ey, oyi, oyi! Siz uchun haliyam goʻdakman – nima uchun tizzangizga bosh qoʻyib yigʻlayolmayman? Nima uchun har doim sipo va jiddiy boʻlishim kerak? Axir, mening ham yigʻlagim, yupatuvchi soʻzlarni eshitgim keladi-ku. Rostan ham goʻdakmanda hali…
- Mana, masalan, kuchukni kartoshka yeyishga oʻrgatib, keyin oldiga bir parcha goʻsht tashlasang, u, albatta, goʻshtga intiladi, chunki qoniga sut bilan kirgan. Agar insonga jinday amal bersang, u bilan ham xuddi shu hol yuz beradi: amalga mahkam yopishadi. Bu holat gʻayriixtiyoriy ravishda sodir boʻladi, sababi, inson ham hayvontabiat mavjudot, sirti boshqacha, xolos. Ustiga sariyogʻ surtilgan qora nondan farqi yoʻq.
- Agar oʻylayversak, xotiralar bizni ezib tashlaydi; har holda men bir narsani payqadim; taqdirga tan berib qoʻyganingda barcha azoblarga chidash mumkin, lekin ular haqida hadeb oʻy sursang, bu oʻylar seni adoyi tamom qiladi.
- Bizning yoshligimiz tugagan. Bizga endi hayotning keragi yoʻq. Biz qochoqlarmiz. Biz oʻzligimizdan, oʻz hayotimizdan qochamiz. Oʻn sakkiz yoshda edik, biz endigina shu olamni va hayotni seva boshlagandik, ammo ularga qarata oʻzimiz oʻq uzdik. Portlagan birinchi snaryad parchasi yuragimizni tilka-pora qilib tashladi. Biz ongli faoliyatdan, insoniy ishtiyoqlardan, taraqqiyotdan uzilib qolganmiz. Biz bu narsalarga ishonmaymiz. Biz urushga ishonamiz[1].
- Front – qafasday gap. Unga tushib qolgan odam qismati nima boʻlishini kutishga majbur. Biz panjara ortidamiz, uning chiviqlari – snaryadlarning yoʻnalishi; hayotimiz mavhumlikdan iborat. Hammamiz tasodif izmidamiz. Ustimga snaryad uchib kelayotgan boʻlsa, engashib qolishim mumkin – tamom-vassalom; lekin u qayerda portlaydi – bilmayman, unga taʼsir koʻrsatolmayman[1].
- Meni oʻldirishlari mumkin – bu tasodifga bogʻliq, tirik qolishim ham hech gapmas – bu ham tasodif izmida. Mustahkam blindaj devorlari tagida qolib ketsam – buning ajablanarli joyi yoʻq, tep-tekis qirda, oʻqlar yomgʻiri ostida oʻn soat yotib, bir yerim tirnalmasa ham birov taajjubga tushmaydi. Har bir askar faqat ming turli sabab tufayli tirik qoladi. Binobarin, askar tasodifga ishonadi va unga umid bogʻlaydi[1].
- Biz tashlandiq bolalarday notavonmiz, ayni paytda, moʻysafidlarday donishmandmiz, biz bagʻritosh, ojiz va yengiltakmiz – nazarimda, endi odam boʻlmaymiz[1].
- Kimningdir buyrugʻi bu tilsiz haykalarni bizning raqibimizga aylantirgan; boshqa bir buyruq ularni doʻstga aylantirishi ham mumkin edi. Hech qaysimiz tanimaydigan allaqanday kishilar idorada oʻtirvolib, hujjatga imzo chekishgan, mana endi bir necha yillardan buyon insoniyat laʼnatlaydigan va buning uchun eng ogʻir jazo tayinlanadigan yumushni oʻzimizga oliy maqsad qilib olganmiz[1].
- Hammamiz gʻalati rishtalar bilan bogʻlangan ogʻa-inilarmiz, bu rishtalar xalq qoʻshiqlarida kuylangan doʻstlikni, mahbuslarning birdamligi, hukm etilganlarning bir jon-bir tanligini eslatadi. Bizni oʻzimiz yashab turgan hayot, doimiy xavf-xatar va yurak yutib oʻlim daqiqalarini kutishdan iborat oʻziga xos turmush tarzi jipslashtirgan[1].
- Hayotimiz chetdan qaraganda yovvoyi qabilalarning turmush tarzidan deyarli farq qilmaydi, bu qabilalar bemalol yashayveradilar, chunki Xudo ularni shunday yaratgan, jinday taʼlim-tarbiya berilsa, zakiy odamlarga aylanib ketishlari hech gapmas. Biz esa kuch-quvvatimizni kamolotga erishishga sarflamaymiz, aksincha, bir necha pogʻona tubanlashishga safarbar etamiz[1].