Kontent qismiga oʻtish

Shavkat Mirziyoyev

Vikiiqtibosdan olingan
Shavkat Mirziyoyev
Vikipediyadagi maqola
Vikiombordagi fayllar

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev (24-iyul, 1957-yil, Zomin tumani, Jizzax viloyati, OʻzSSR) — Oʻzbekiston davlat va siyosat arbobi. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni (2016-yildan hozirgacha). Turli yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri (2003—2016) va Jizzax, Samarqand viloyatlari hokimi (1996—2003) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Iqtiboslari[tahrirlash]

2016-yil[tahrirlash]

9-sentyabr[tahrirlash]

Islom Abdugʻaniyevich „Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan siyosiy mustaqillikni taʼminlab boʻlmaydi“ degan tamoyil va eng muhim ustuvor vazifani amalga oshirishni strategik masala deb hisoblar edilar[1].

2017-yil[tahrirlash]

11-yanvar[tahrirlash]

Men sendan davlatning pulini soʻradim, oʻzimnikini yoki senikini emas[2].

22-dekabr[tahrirlash]

Ahmadboyevni general unvonidan mahrum qildim, bilasan hozir qayerda yurganini. Sotqinligi, xiyonatchiligi uchun! IIVning rahbari, O‘zbekiston vaziri bo‘la turib, bir-ikki to‘daga qo‘shilgani uchun, uni vijdonim qabul qilmadi — ikkita generalini ham olib tashladim. General-leytenant emish[3].

31-oktyabr[tahrirlash]

Parpiyevni Payariqqa yuborgandim. Uch soat yurganini eshitding-a? Uch soatda 95 million soʻm pulni joyiga qoʻydi. Men ham keyin talab qildim - 6 soatda qancha, bir kunda, bir oyda, bir yilda qancha pul boʻladi, hammasini joyiga qoʻying, dedim. Nimaga Parpiyevni joʻnatsam, uch soat ichida bir tumandan 95 million soʻm pul topiladi? 95 million soʻm pul! Qani byudjetning puli? Hammasi choʻntakka ketyapti. Uch yil ham ishlamasdan, toʻrt qavatli uy qurasan hammang, 20 ta mashina olasan. Qayerdan bular? Oylikdan olasanmi? Sal insofli boʻlgin! Oʻgʻri boʻl, insofli boʻl, sal. Menga tajribasi kerak emas. Yosh boʻlsa ham, davlat amalini olib, sadoqat bilan ishlasa boʻldi. Tajriba kerak emas. Tajribani oʻzim oʻrgataman. Menga sadoqat kerak. Tamom! Oʻzini qiynaydigan, Fargʻonani yaxshi koʻradigan odam kerak[4].

2018-yil[tahrirlash]

11-yanvar[tahrirlash]

Bular hali xalqning qadriga yetmagan. Bularga berilgan maosh, berilgan pogonga loyiq ishlamagan. Birorta ish qilgani yoʻq. Bularning oʻz maxfiy ishi bor. Bu maxfiy ishi menga bogʻliq. Men bilan gaplashsin. Hokimning orqasidan quvib yurish zamoni tugadi. Hokim – mening vakilim. Nima emish, bir noinsof, bir tumanning MXX raisining mashinasini hokimning mashinasi quvib oʻtibdi. Shunga borib, uni qamab qoʻyibdi. Ey, kimsan oʻzi san? Kim senga bu vakolatni berdi? Kerak boʻlsa, men sening pogoningni olib tashlayman! U zamon oʻtib boʻldi. Surxondaryodagi vaziyat nima uchun menga alam qiladi? Men 13 yil bosh vazir boʻlganman. Bu yerdagi vaziyatni bilaman. Hokim hech kim emasdi. Hamma viloyatning hokimi ularning kabinetida edi. Salgina gap koʻtarsa, darrov gʻiybat qilib, ishdan olib tashlardi. „Bu oʻgʻri, bu toʻgʻri“, deb. Juda boʻlmasa bitta gʻiybatni boʻyniga qoʻyardi. U zamon tugadi. Men birortasiga ishonmayman. Bulardan birortasining maʼlumoti menga kerak emas. Shuni bilinglar. Toʻrt rahbar – ishla! Vatan uchun ishla, xalq uchun ishla! Qanchalik ogʻir boʻlmasin, bu Surxondaryoga taalluqli. Bu masalada Surxondaryo chirib ketgan. Shuning uchun ham bu yerga birorta biznesmen kelmagan. Bulardan qoʻrqib kelmagan. Keldimi, darrov qamardi. „Bu Falonchining odami, bu Pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami“, deb. Sen kimsan? Pul bermaydiganmiding sen, Gʻulomov degan iflosing, sotqining? Poraning boshida oʻzi oʻtirardi-ku hammasi[5]. Uchta muovinni ishdan olib tashladim MXXning muovinlarini. Kecha mana ikkitasiga qo‘l qo‘ydim. Sizlarda ham bittasi ishlagan Toshpo‘latov degan, u ham it o‘g‘ri. Bilasizlarmi, men halol xalqqa xizmat qilishga kelganman. Bu yerda men noinsoflarni bilaman. Yerga qarab yurganlarning qanday o‘g‘riligini. Hali hammasi joy-joyiga tushadi, shuni bilinglar. Hokimni to‘rtta vakili, mening vakilim. Qo‘rqmang hech qaysing. U zamon tugadi endi. Bularga ota-buvasidan qolgan vakolat yo‘q. Hech kimmas bular. Bularni g‘o‘dayishlari bizning davlatga juda og‘ir tushdi. Sizlarda ishlab ketgan bitta noinsof vatan hiyonatchisi bo‘lib mana butun umr qamoqqa tushdi. G‘ulomov degan bir noinsof. O‘shaning ildizlari bor bu yerda, haliyam bor. Shuning uchun bularning ildizlarini Toshkentda o‘rganib kelib, hammasini ishdan oldim. Mana men bugun Boysun Milliy xavfsizlik idorasining kattasi mayor Eshquvvatov Sunnatillo Ravshanovich degan g‘o‘daygan itni ishdan oldirdim. Nimaga desangiz Milliy xavfsizlik o‘zini joyini bilsin, o‘zini ishi bilan shug‘ullansin. Milliy xavfsizlik butun Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikkita-uchta sotqinlar, davlat sotqinlari bu yerda ishlab hamma yerni o‘ldirgan. Shuning uchun men hammasidan o‘zim xabardorman. Mana qaror qabul qildim. Angor tuman MXX rahbari Abdumo‘minov Bahromni ishdan olish haqida. Adliya kapitani, tergov bo‘limi boshlig‘i Berdimuhammedovni ishdan oldim. Hammasi bular Surxondaryoni bir paytlar ot o‘yin qilib tashlagan. Hamma tizimga arlashgan. Moy zavodi ularniki edi, o‘zimam bilardim buni. Don kombinati va boshqa butun tirik tashkilotlarni bu noinsoflar kirib harom qilib tashlagan, ana shu oldingi sotqinlar. Bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi ertaga borib uni ham ishdan olaman. Shuning uchun mana polkovnik Haydarov. Bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari. VMSGP deb yozadi, aslida bularni hammasi sotqin. Mana, men bugun hammasini ishdan oldim. Sizlar boshqa hayotda yashaysizlar, oyog‘ing yerdan uzilgan. Hammang majlisga kelib o‘tirasan. Tuman majlisi bo‘lsa ham bir yerini pisib majlisga kelib o‘tirsin. Bo‘lmasa tarqatib yuboraman sizlarni, yopib tashlayman. Menga bunday xizmat kerak emas. Hammang poraxo‘rlik qilib hamma yerni sharmanda qilib yuribsan. Ponyatno Yusupov. Gospodin? Milliy xavfsizlik bizga kerak, adolatli halol pok odamlar kerak bizga. Bizga hokimni va boshqa davlat organlarini orqasidan poylaydigan xizmat kerak emas. Bo‘ldi u zamon tugadi! Qo‘ldan kelmasa vallomatini ham ishdan olaman. Mana shuni bilinglar hammalaring. Davlat davlatchiligini qiladi. Hamma o‘z ishi bilan shug‘ullansin. Ularga bunday huquqni bergan bo‘lsa oldingi rahbarlar, endi unaqa rahbarlar yo‘q. Pogonni kim bergan bu noinsoflarga? Xalq bergan![6].

12-yanvar[tahrirlash]

Men mudofaa vazirining tavsiyasiga binoan, vazirning ikkita oʻrinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbari va Chirchiq harbiy bilim yurti boshligʻini lavozimidan ozod qildim. Hozirgacha harbiy okrug qoʻshin qoʻmondoni vazifasini vaqtincha bajarib kelayotganlardan biri bu lavozimga tasdiqlanmadi. Ayni paytda, qoʻyilgan talablarga javob bermayotgan va qoʻshinlar bilan faol ishlashdan oʻzini chetga olgan qirqqa yaqin harbiy xizmatchi mudofaa vaziri tomonidan ishdan boʻshatilgani, 36 nafarining lavozimi pasaytirilgani nimadan dalolat beradi? Bu birinchi navbatda, sohada harbiy kadrlar faoliyatini aniq baholashning reyting tizimi mavjud emasligini, oqibatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishlari qoniqarsiz ekanini koʻrsatadi. Mana shu va boshqa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tizimda barcha ishlarni zamon talablari darajasida tashkil etish, harbiy sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida men Bosh shtab boshligʻi hamda barcha harbiy okrug qoʻmondonlarini yangitdan tayinladim. Bu vazirimizning tavsiyasi bilan boʻldi. Nega desangiz, ular bilan vazir ishlaydi. Abdusalom Azizovni Ichki ishlar vazirligidan Mudofaa vazirligiga qoʻyganim bejiz emas. Bu Mudofaa vazirligidagi muhitni mutlaqo oʻzgartirish kerak. Shu munosabat bilan barchangizni ogohlantirib aytmoqchiman: 2018-yil sizlar uchun katta sinov yili boʻladi. Nega deganda, har qaysi okrug oldida turgan vazifalar, mavjud tahdid va xavf-xatarlar bir-biriga oʻxshamaydi. Buni har qaysi rahbar chuqur bilishi va oʻz faoliyati uchun zarur xulosa chiqarib olishi darkor[7].

26-iyun[tahrirlash]

„27 yilda Fargʻonada bitta yangi korxona paydo boʻlgani yoʻq. Oʻsha eski FNPZni shunday tagi bilan metallolomga tashlasak, bizga foyda boʻladi. Bunda chiqayotgan mahsulot bir tiyinga qimmat. Agar bu zoʻr ishlaganda… bu mahsulotni oʻsha oldingi bu yerdagi, kechirasizlaru qoʻpol boʻlsayam, kalamushlar egallab olmaganda edi… Bu zavodni dabdala qilib ketgan oʻsha fargʻonalik kelinlar. Qoʻpol boʻlsayam. Hammalaring tushunyapsizlar kim toʻgʻrisida aytganimni. Men oʻzimga soʻz berganman, bir ogʻiz ham buyuk insonlarga nom keltirmaslikka. Nimaga desangiz, Sharof Rashidovichning hayoti men uchun juda katta oʻrnak boʻlgan. Oʻzimizni oʻzimiz koʻmganmiz bir paytlar. Men bundan yiroqman, hech qachon bu narsa boʻlmaydi. Lekin u kalamushlar qilgan Fargʻonani. Egallagan, hamma narsani dabdala qilgan. Buyam haqiqat! Shu Fargʻona FNPZni ham ular egallagan edi. Men Bosh vazir boʻlib aralashmaganman. Aralashganimda bu yerda oʻtira olmasdim. Xiyonat qilgan xalqqa nisbatan ular hammasi bir boʻlib. Toʻda boʻlib, toʻda boʻlib xiyonat qilgan. Bironta deputat ham, bironta… aytolmasdik. Nimaga desangiz, aytish mumkin emasdi. Uniyam bugun aytishim kerak. Birovga yoqadimi, yoqmaydimi vijdonimning oldida tozaman. Toʻda oʻgʻirlagan Fargʻona viloyatini. Kim toʻgʻrisida aytganimni men hammalaring bilasizlar. U zamon tugadi endi“.[8]

4-avgust[tahrirlash]

Dunyoqarashingni oʻzgartirmasang, kech boʻladi. Senga oʻn kun muhlat, qadamlaring baribir yoqmayapti. Bitta oʻzing qolding, hammani ishdan oldim. Men oʻzi prokuror deganni, kechirasizlaru, judayam yomon koʻraman. Buni ochiqcha aytayapman. Tuman hokimi, viloyat hokimi boʻlib ishlaganimda koʻrganman. Bu noinsoflar prokurorcha boʻlib, yurishi oʻzgarib qolishini, odamni mensimay qoʻyishini juda yaxshi bilaman. Juda yaxshi bilaman. Oʻzi birinchi oʻgʻri ular. Yana hammani oʻgʻrilikka daʼvat qiladi. Eng katta oʻgʻri ular. Biz yangi bosh prokuror qoʻyganmiz. 80 foiz odamni oʻzgartirdik. Avvalgi bosh prokurordan qolgan oʻgʻri tizimdan qolganlarning asosiy qismini ishdan oldik. 15-20 foizi yuribdi. Fayziyev ham shulardan. Baribir oxirigacha oʻzgartiramiz. Yoki prokuror halol ishlaydi, yoki prokuraturani butunlay yoʻq qilamiz. Odamlarning boshiga balo bu prokurorlar. Halol ishlamasa, ketadi hammasi. Hamma aravani birdek tortishi kerak. Odamlarni rozi qilish kerak. Prokuror qachon yaxshi yashaydi? Xalq yaxshi yashasa! Lekin bularning uylarini qaranglar! Mashinalarini qaranglar! Nima, ular atom reaktori yaratganmidi? Bir-ikkitasi familiyasini toʻgʻri yoza olmaydi. Lekin prokuror boʻvoladi, keyin gʻoʻddayadi. Shuning uchun yomon koʻraman ularni. Bular izdan chiqib ketgan edi. Mana endi halol ishlashga harakat qilayotgan odamlar bilan ishlayapmiz. Ularga sharoitlar yaratib berayapmiz. Davlat kerak emas unaqalarga. Koʻchada bitta bezori hammani boshqarib yurishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Toshkent viloyatidayam hali bor bir-ikkita. Koʻpini dumini uzdik, yana bir-ikkitasi bor. Tagiga yeta olmayapman hozircha. Man hammasini bilaman, xudoga shukr. Oʻzidan ketganlarni koʻpi qamoqda oʻtiribdi. Bundan keyin ham oʻtiradi. Hozircha arqonni uzun tashlab qoʻyganman. Uzun qilib. Bittada tortvolamiz. Davlat bilan kim hazillashadi? Hech kim hech qachon hazillasha olmaydi. Xalq manfaati birinchi oʻrinda boʻlishi kerak. Prokuror shundan xulosa qilishi kerak. Bu yerda Muhiddinov degani prokuror boʻlgan. Koʻringlar necha yilga kesilib ketdi. Hamma eshitsin: Biz uchun hech kim avtoritet emas. Faqat xalq, faqat xalq va yana bir marta faqat xalq. Mendan boshlab hammamiz xalqqa xizmatkormiz. Menda faqat bitta vakolat bor – xalq bergan ishonch. Shu tufayli tumanlarga borib yuribman. Xalq bergan vakolatim bilan shu ishlarni qilib yuribman. Boshqa vakolatim yoʻq. Manda vakolat yoʻgʻu, sizlarda qanday vakolat boʻladi? Kimsizlar? Noinsoflarni toʻgʻri yoʻlga boshlasak, jamiyatimiz oʻzgaradi. Shunday ishlamasak, tartib boʻlmaydi[9].

2019-yil[tahrirlash]

21-iyun[tahrirlash]

„Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov oʻzgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxoʻr. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim. Prokuraturada korrupsiya boʻlaveradigan boʻlsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan soʻraydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da! Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev boʻladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi“[10]

4-avgust[tahrirlash]

Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri – Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga oʻxshagan noinsoflaringga „tabrik“ joʻnataman. Sen va mening siyosatim toʻgʻrisidagi bugun chiqqan izohlarni oʻqi. Sen noinsof menga doʻst boʻlsang, buzish qoʻlingdan kelmas ekan, nima qilasan u erni buzib? Mana, izohlarni oʻqi. Atrofingda oʻtirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan oʻylab koʻrmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yoʻq? Bularni oʻqib men qanday kabinetimda tinch oʻtira olaman? Qashqadaryoning vallomati bor, Roʻziyev degan, 5 yil qishloq xoʻjaligi vaziri boʻlib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan soʻng chiqqan izohlarni oʻqi. Bitta jinning qarindoshi bilan janjal qilib, mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. Oʻzimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yoʻq, yana Dehqonobodga tirmashasan. Mana, menga qilgan „doʻstliging“. Oʻzbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni taʼminlay, deb kechayu-kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan „doʻstliging“. Qoʻlingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa [nima qilasan]? Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan oʻtirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman. Mana, sening „doʻstliging“, janob Roʻziyev! Oʻzingni oʻsha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qoʻyay! Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi koʻchmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul beryapman, pulni „Obod qishloq“ qilinglar, deb beryapman. Mana, sening menga „doʻstliging“, Gʻaniyev degan vallomat! Mana, odamlar izohlarda yigʻlayapti, sening rasming yoʻq, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga oʻxshab ahmoqlarcha „buza, buz“ deysan. Buzishdan avval sen oʻz boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi? Qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarib, butun Oʻzbekistonni [sharmanda qilyapsizlar]. Bolalar mehnati bor edi, endi u yoʻq boʻldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan toʻlib toshdi. Ey noinsof, Rishton boʻyicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob Gʻaniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Roʻziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qoʻrqadi! Nega desangiz, saviyang yoʻq, biliming yoʻq, kitob ham oʻqimaysan, prezidentning qarorini ham[11].

2020-yil[tahrirlash]

23-sentyabr[tahrirlash]

Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi. Shu yo‘lda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik. Maqsadimiz — har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir. Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. BMTning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi[12].

2021-yil[tahrirlash]

20-avgust[tahrirlash]

– „Hurmatli Prezident, hozir banklar va rahbarlarga bergan topshiriqlaringizdan oʻzimni voobshe yoʻqotib qoʻydim“

– „Voobshe yoʻqotma oʻzingni! Voobshe[13].

2022-yil[tahrirlash]

13-yanvar[tahrirlash]

Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi. Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz[14].

26-fevral[tahrirlash]

Kechadan buyon mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va blogerlaridan O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti yakunlariga izoh berishimni so‘rab, murojaatlar kelib tushmoqda. Shu munosabat bilan hamkasblarimizga quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman. Ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Rossiya prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada. Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim[15].

2023-yil[tahrirlash]

16-yanvar[tahrirlash]

Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlarining bugungi holatga tayyor emasligini men oʻzim ham koʻrib turibman, xalqimiz ham koʻrib turibdi. 120 ta mahallada elektr va gaz taʼminotida uzilishlar boʻldi. 584 ta mahalladan 120 tasida mana shunday muammolar boʻldi. Birgina 15-yanvar kuni Toshkent shahridagi yettita yuqori va 524 ta past kuchlanishli transformator hamda 87 ta transformator ortiqcha yuklamalarga bardosh berolmay ishdan chiqdi. Nega poytaxtda shunday boʻldi? Nega oldindan tayyorgarlik qilmadik? Shuncha gap gapirganimizga qaramay, Vazirlar Mahkamasi qayerga qaragan degan savol meni qiynayapti. Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxoʻjayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolgʻon hisobot bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyogʻi yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim[16].

22-dekabr[tahrirlash]

Oʻzini „koʻcha“ deb ataydigan jinoiy guruhlar boʻladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar boʻladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan boʻlsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz. Koʻchalarimiz, mahallalarimiz, hayotimiz tom maʼnoda tinch va toza, jinoyatdan holi boʻlishi kerak[17].

Yaqinda poytaxtimizda oʻtkazilgan „Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari“ mavzusidagi konferensiya jahon ilm-fan va madaniy jamoatchiligi oʻrtasida katta qiziqish va eʼtibor uygʻotdi. Bu ishlarni yanada kengaytirish va yangi bosqichga koʻtarish maqsadida prezident qarori qabul qilinadi. Maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor boʻlib xizmat qilishi tabiiy. Bu kimgadir yoqadimi yoki yoʻqmi, xalqimiz jadid bobolarimiz koʻrsatib bergan yoʻldan ogʻishmay borishi kerak. Chunki ularning gʻoya va dasturlari Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʻun va hamohangdir[18]

Manbalar[tahrirlash]

  1. Shavkat Mirziyoyev: Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mustaqil taraqqiyot yo‘lini davom ettirishni o‘z vazifam deb bilaman.
  2. MIRZIYOYEVNING TANQIDIY YIG'ILISHI.
  3. “U ba’zi to‘dalarga qo‘shilgan edi”. Prezident sobiq ichki ishlar vaziri Adham Ahmedboyev nima uchun ishdan olinganini aytdi.
  4. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyev Prezidentning tun soat 3:00 dagi qo‘ng‘irog‘idan so‘ng Payariq tumanida uch soat yurgani haqida.
  5. Shavkat Mirziyoyev MXXning sobiq mulozimini “sotqin” deb atadi (audio).
  6. Mirziyoev MXXning uch generali va o'nlab zobitlarini qamoqqa oldirdi.
  7. Ўзбекистон Мудофаа вазирлигида 36 ҳарбийнинг лавозими пасайтирилди, 40 га яқини ишдан олинди.
  8. Fargʻonalik kelinlar dabdala qilgan zavodda ahvol qanday?
  9. Shavkat Mirziyoev prokurorlarni "eng katta o'g'rilar" deb atadi.
  10. Prezident Otabek Murodov haqida: Men unga ishonch bildirgandim
  11. „Buzishdan avval sen oʻz boshingni buz“. Prezident hokimlarga qanday tanbeh bergandi?
  12. Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
  13. “Shavkat Mirziyoyev tadbirkorga: “Voobshe yo‘qotma o‘zingni! Voobshe” (video).
  14. Shavkat Mirziyoyev Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi.
  15. “O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada” – Sherzod Asadov Ukraina voqealari haqida.
  16. Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olindi.
  17. «Биз бунга ҳеч қачон жим қараб туролмаймиз» — президент жиноятчилик ва коррупцияга қарши кураш тадбирлари ҳақида.
  18. «Жадидлар ғоялари Янги Ўзбекистонни барпо этиш стратегияси билан ҳамоҳанг» — президент.
Wikipedia
Wikipedia
Vikipediyada tegishli maqola bor: