Alvido bolalik
Qiyofa
| Alvido bolalik | |
|---|---|
| Qardosh loyihalar | |
Alvido bolalik — yozuvchi Tohir Malikning oila misolida bolalarni tarbiyalash borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar qanday ogʻir oqibatlarga olib kelayotganini, hech kim jinoyatchi boʻlib tugʻilmasligi, bolani atrof-muhit, jamiyatdagi turli illatlar jinoyatchiga aylantirishi oʻziga xos tarzda ochib bergan asari.
Iqtiboslar
[tahrirlash]- Jamiyat uchun jinoyatchidan koʻra loqayd odam xavfliroq! Jinoyatchi jabrini tortadi, balki toʻgʻri yoʻlini topib oladi. Loqayd odam esa yangi-yangi jinoyatlarni koʻrganida ham koʻz yumib ketaveradi. Buning uchun uni hech kim ayblamaydi. Loqaydlik degan dard boʻlmaganida qanchadan qancha odam jinoyat jari yoqasida toʻxtatib qolinardi.
- Qilayotgan ishingizga oʻzingiz toʻgʻri baho bera olgan oningizdan boshlab bolaligingiz bilan vidolashasiz. Ha, ha, aynan vidolashasiz. Bolalik sizning xotirangizga koʻchadi. Vaqti kelib, bu xotira vijdon azobiga soladi, vaqti kelib nimalarnidir qoʻmsashga majbur qiladi. Xullas, sizni har koʻyga soladi. U bilan vidolashishga oshiqmang. Bolalik — hayotning asal pallasi, undan koʻproq bahramand boʻlishga intiling. Asaldan keyin turli achchiqliklarga duch kelasiz.
- Amal qoʻldan ketsa, keyinroq yana topish mumkin, ammo vijdon odamga bir donagina berilgan. U qoʻldan ketsa, qaytarib boʻlmaydi.
- Bilasanmi, odam jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Uni atrof-muhit jinoyatchi qilib tarbiyalaydi.
- Bolaning yomon yoʻlga kirishi uchun yana qanday sharoit kerak? Bolalar xilma-xil, oilalar xilma-xil, jinoyatlar xilma-xil... Oilasi nochor boʻlganidan bola jinoyatga kirdi, desang, oʻziga toʻq oilalarning bolalari "mana men" deb turibdi. Amaldorning bolasi desang, ishchining bolasi... Bular barchasi koʻrinmas ip bilan bogʻlangan. Bularni oʻtmish sarqiti, desang, avlod oʻzgardi. Qolaversa, bugungi jinoyatlar oʻtmish zamonlar davrida boʻlmagan. Gʻarbning taʼsiri desang, gʻarbning yaxshi ishlari ham bor. Yaxshi ishlari turib, yomonlarini qabul qilishga sabab nima?Jinoyatchilar, ayniqsa, bolalar, adolatga ishonishmaydi. Insonga ishonch berishdan koʻra undagi ishonchni quvib chiqarish oson. Ishonchni quvib chiqarishga gʻarbdagilar hissa qoʻshayotgan ekan, xoʻsh, ishonchni kim beradi? Ota-onami, maktabmi, atrofdagi odamlarmi?..
- Atomdan bomba yasab, portlatib, hammayoqni vayron qilish yoki elektr quvvati olib, atrofni charogʻon qilish mumkin.
- Daraxt qushni tanlamaydi,qush daraxtni tanlaydi. Shunga koʻra taqdir kishini tanlamaydi, kishi taqdirini tanlaydi. Odam bolasi Xudoni tanishi uchun avval oʻzini tanishi kerak.
- Jisman nobud boʻlgan bola tufayli bir oila aziyat chekadi, vaqt oʻtgach, gʻam-alam asta unutiladi. Ruhan nobud qilingan oʻsmirdan esa jamiyat aziyat chekadi va buning gʻam-alamlari darrov unutilmaydi. Tergovchining tigʻi — aql va til, tigʻ uriladigan joy esa oʻsmirning qalbi va ongidir. Buni unutmaslik shart.