Kontent qismiga oʻtish

Graf Monte Kristo

Vikiiqtibosdan olingan
Graf Monte Kristo

Qardosh loyihalar

Graf Monte Kristo (fransuzcha: Le comte de Monte Cristo) — Alexandre Dumasning sarguzasht romani, 1844-1845 yillarda yozilgan, fransuz adabiyotining klassik asari.

Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Siyosatda odamlar emas, gʻoyalar nazarda tutiladi, hissiyotlar emas, manfaatlar toʻqnashadi. Siyosatda odamlarni oʻldirmaydilar.
  • Biroq zamonamizning burnidan naridagini koʻrishga noqobil zodagonlarida jasorat degan narsa yoʻq, ular buyruq berishadi-da, ammo shu buyruqni eshitgan quloqlardan oʻlgudek qoʻrqishadi, hatti-harakatlarini koʻrib turgan koʻzlarni koʻrganda, oʻtakalari yoriladi.
  • Inson boshiga musibat tushsa Xudoga iltijo qilishi kerak, lekin u hech kimdan, hech qayerdan najot topolmagachgina Xudoga murojaat qiladi.
  • Oddiy va yoʻl qoʻyilgan ishlarda tabiiy tuygʻularimiz bizni toʻgʻri yoʻldan boshlab boraveradi. Qon toʻkish uchun yaratilgan sher uchun oʻldirish kasb, burch, u oʻlja yaqinligini his etsa boʻldi – unga shunisi yetarli. Shu zahoti otilib boradi-da, qoʻliga tushgan jonivorlarni burdalab tashlaydi. Uning odati shu, shunga boʻysunishga majbur. Inson esa qondan hazar qiladi. Jamiyat qonunlari emas, tabiat qonunlari bizga qon toʻkishni, odam oʻldirishni taqiqlab qoʻygan.
  • Faqat baxtsizlik kishi aqlining yashirinib yotgan boyliklarini ochib tashlaydi, harakatga solib yuboradi.
  • Mudhish niyatlar buzuq xulqdan kelib chiqadi, boshqa vaqtlarda inson jinoyatdan oʻzini chetga tortadi. Biroq sivilizatsiya insonda yaxshilik tuygʻularini boʻgʻib yomonlikka olib boradigan sunʼiy talab, illat va istak borligini oshkora etib tashladi. Bundan shunday qoida kelib chiqadiki: jinoyatchini topmoqchi boʻlsang qilinadigan jinoyatdan naf koʻradigan kishini axtar!
  • Tartibot — barcha jumboqlarning kaliti.
  • Oʻrganish — bilib olish, degan gap emas, albatta. Biladiganlar bor, olimlar bor, birinchilari – yod oluvchilar, ikkinchilari – faylasuflar.
  • Xudoyim oʻzi yaratgan insonga hayot va yashashga cheksiz muhabbatni ham ato etgan ekan, inson ana shu hayotni saqlash uchun qoʻlidan kelgan hamma choralarini koʻrmogʻi kerak, bu Xudoning amri.
  • Eng xavfli narsa harakatsizlik, hafsalasizlik. Tinmay mashq qilib kuchingizga kuch qoʻshib, oʻzingizni oʻzingiz chiniqtirmasangiz, qochayotganda halok boʻlishingiz hech gap emas.
  • Aslo! Bu maxluqlar kabi gʻarib, jaholatda hayot kechirgandan koʻra, bu dunyo bilan xayrlashgan ming karra yaxshi!
  • Yurak shunday bir narsaki, u orzu-umidlarning ilk shabadasi esishi bilan darhol ortiq shishib, kengayib ketadi, voqelikning sovuq shamoli esgudek boʻlsa, birdan siqilib kichrayib qoladi.
  • Savdo-sotiq ishlarida doʻst boʻlmaydi, faqat gumashtalar boʻladi.
  • Kishi duchor boʻladigan xavfni bilganda emas, aksincha bilmaganda koʻproq vahimaga tushadi.
  • Ayniqsa meni himoya qilmaydigan, pand beradigan vaqtdagina meni esga oladigan jamiyatga hech qachon jon kuydirmayman. Jamiyatni ham, yaqin kishilarimni ham izzat-hurmat qilishdan voz kechib, ularga nisbatan faqat betaraflik pozitsiyasida turarkanman, ular shunisiga ham shukr deb, minnatdor boʻlib oʻtiraversinlar.
  • Darhaqiqat, joningni ayamay harakat qilishga ahd qilsang, boshqalarga oʻxshamay qolasan yoki boshqacha qilib aytganda, boshqalar senga oʻxshamay qoladi, kimki shunga ahd qilsa, u kuchiga kuch qoʻshilayotganini va ufq doirasi kengayib borayotganini shu zahotiyoq sezadi.
  • Har qanday balodan qutilish uchun ikkita dori bor — vaqt-u sukut.
  • Axir sudya faqat qonunni juda boplab ijro qilibgina qolmay, qonun boblarini uddaburonlik bilan izohlabgina qolmay, kishi yuragini, dilini tekshiradigan mohir psixolog boʻlishi kerak emasmi?
  • Ishtaha ovqat mahalida ochiladi.
  • Fikr — endigina tugʻilgan oʻy-hayol, reja esa amalga oshiriladigan narsa.
  • Yurakdagi jarohat koʻzga koʻrinmaydi, lekin u tinimsiz azob beradi, hammasidan yomoni shundaki, uni hech qanday muolaja bilan davolab boʻlmaydi.
  • ...axir oʻlim hamma intiladigan, hamma orzu qiladigan mangu osoyishtalik emasmi?
  • Maslahat berish yordam berishdan koʻra ogʻirroq.
  • Odatda kamsuxan yoki behudaga gap sotavermaydigan kishilarning soʻzlarini odamlar berilib tinglashadi.
  • Afsuski, bu foniy dunyoda har bir kimsaning boshqalar nuqtayi nazarini koʻrishga xalaqit beradigan oʻz nuqtayi nazari boʻladi.
  • Gʻazabga mingan olomon koʻziga yomon koʻringanni toshboʻron qilib oʻldirish mumkin, biroq oʻlim hukmi eʼlon qilinganda, u har qanday zoʻr jinoyatchi boʻlmasin, unga haqorat toshi otganlar kamdan-kam boʻladi.
  • Dunyoda shunday fojialar yuz beradiki, ularni odamlar faqat his etadilar, ammo aqlga sigʻdira olmaydilar, ana shunda ogʻzidan eng samimiy, eng ehtirosli hayqiriq otilib chiqqan zotni ulugʻ shoir, desa boʻladi.
  • Birov Vatanga isteʼdodini hadya etadi, birov mehnatini, boshqa birov esa tinimsiz tunlarini bagʻishlaydi, yana birov tan-jonini hadya qiladi.