Kontent qismiga oʻtish

Oʻtkir Hoshimov

Vikiiqtibosdan olingan
Oʻtkir Hoshimov

Umumiy maʼlumotlar
Tavalludi 5-avgust 1941
Toshkent va Toshkent
Vafoti 24-may 2013
Toshkent
Qardosh loyihalar

Oʻtkir Hoshimov (1941-yil 5-avgust, Toshkent – 2013-yil 24-may, Toshkent) – Oʻzbekistonlik yozuvchi va jamoat arbobi. Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.

Alifbo tartibi boʻyicha:
A · B · D · E · F · G · H · I · J · K · L · M · N · O · P · Q · R · S · T · U · V · X · Y · Z · · · Sh · Ch · ng · Yana qarang · Havolalar

  • Ayol kishiga avvalo ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi.
  • Ayol kishining joni qirqta boʻladi, desalar ajablanmang. Negaki u bitta jonni oʻziga olib qolib, oʻttiz toʻqqiztasini farzandlariga beradi...
  • Aql bilan mansabga erishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib bo‘lmaydi.[1].
  • Bilmadim. Ehtimol odamzod farishta bo‘lib tug‘ilsa-tug‘ilar. Ammo bir umr farishta bo‘lib yasholmaydi. Hech kim! Hech kim farishta emas. Faqat o‘zini oppoq qilib ko‘rsatgisi keladi. Ming uringani bilan farishta bo‘lolmaydi. Yo‘lidan shunaqangi shaytonlar kesib chiqadiki, gunohga botganini o‘zi ham sezmay qoladi [2].
  • Bir yurtda yashab turib, o'sha xalq tilini bilmaslik: birinchidan-o'sha xalqqa nisbatan hurmatsizlik. Ikkinchidan-o'sha xalqdan o'zini ustun qo'yish. Uchinchidan-g'irt nodonlik.[1].
  • Dili bilan tili mutassil bir koʻchadan yuradigan odamga oson tutmang...
  • Dunyoda mukammal narsa yoʻq. Hatto muhabbat deb atalmish oliy tuygʻuda ham adolatsizlik bor. Kim kuchli sevsa, oʻsha koʻproq iztirob chekadi.
  • Doʻst degani daraxt yaprogʻiga oʻxshaydi. Bahor chogʻi behisob. Kuz kelganda sanoqli. Yoshlik chogʻi behisob. Keksayganda sanoqli.
  • Doʻstni xoʻrlash – gunoh. Umr yoʻldoshini xoʻrlash – yuz hissa gunoh. Ota-onani xoʻrlash – ming hissa gunoh. Goʻdakni xoʻrlash – cheksiz gunoh...
  • Dunyoda mukammal narsa yo‘q. Hatto muhabbat deb atalmish oliy tuyg‘uda ham adolatsizlik bor. Kim qattiqroq sevsa, o‘sha ko‘proq iztirob chekadi. [1].
  • Dunyo o‘tkinchi deymiz. Yo‘q, dunyo emas, biz o‘tkinchimiz. Bahor bir aylanib kelguncha birov tug‘iladi, birov o‘ladi. Birov birovni yaxshi ko‘radi. Birov birovning ko‘ziga cho‘p soladi.[2].
  • Dunyoda senga chin dildan ixlos qo‘ygan, asaringni bag‘riga bosib o‘qiydigan bitta kitobxon bo‘lsa, shu birgina kitobxon uchun ijod qilsang arziydi![3].
  • Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsa-yu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi – baribir farzandlarini maqtab gapirgan boʻlardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha qoladi.
  • Hamisha bir orzu bilan yashayman. Shunaqa kitob yozsangki, uni oʻqigan kitobxon hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni oʻqib boʻlgan kuni kechasi bilan uxlolmay, toʻlgʻonib chiqsa. Oradan yillar oʻtib asarni qoʻliga qayta olganida tagʻin hayajonlansa, yangi maʼnolar topsa. Eng katta orzuyim shu..
  • Haqiqat degani koʻ-oʻ-oʻp yaxshi narsa. Ammo bir „kamchiligi“ bor: hamisha ham shirin boʻlavermaydi. Achchiq haqiqat koʻ-oʻ-oʻp foydali narsa. Ammo uning ham bir „kamchiligi“ bor: hammaga ham yoqavermaydi.
  • Hayot ham goho topishmoqqa oʻxshab qoladi. Tez orada taqdiringiz hal boʻlishini bilasiz-u, ammo nima boʻlishini, qanday boʻlishini topolmaysiz.
  • Hayotingizda sevinchdan ko‘ra o‘kinch ko‘proq bo‘lsa, ajablanmang. Odam bolasi yig‘lab tug’iladi. Kulishni esa ancha keyin o‘rganadi…[3].
  • Ishonch yoʻqolsa, orzu qoladi. Orzu yoʻqolsa, umid qoladi. Umid yoʻqolsa, ilinj qoladi. Ilinj yoʻqolsa, hech narsa qolmaydi.
  • Ish ko’pligi-yu, vaqt yo’qligidan nolimang. Vaqt ko’pligi-yu, ish yo’qligidan qo’rqing. Odamni abgor qiladigan narsa – bekorchilik [1].
  • Insonning bahosi bu dunyoda o‘zi olgani bilan emas, o‘zidan qolgani bilan belgilanadi.[1].
  • Kitobdagi quvonch va istiroblarni oʻquvchi oʻziniki deb qabul qilsagina, oʻsha haqiqiy asardir.
  • Koʻpincha qizlar oʻzining goʻzalligini payqasa, aqlini ishlatmay qoʻyadi.
  • Mabodo qachondir mansabdor boʻlib qolsang, bilib qoʻy: amal kursisida oʻtirganingda kim eng koʻp tovoningni yalasa, kursidan tushganingda oʻsha birinchi boʻlib sendan yuz oʻgiradi!
  • Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki ogʻiz shirin soʻzni tekinga aytmaydi-da, ular oʻlganidan keyin ming-ming pul sarflab, oʻsha soʻzlarni qabrtoshga yozdirib qoʻyadi...
  • Ota mehri ona mehridan kamroq emas faqat „yashirin“roq boʻladi.
  • Odamzotning fe’li shunaqa. Noxush narsani eslagisi kelmaydi. Ammo yomon xotira barmoqqa chiqqan yaraga o‘xshaydi. Qo‘lingni qimirlatishing bilan o‘sha la’nati yara bexosdan bir joyga tegib ketadi-yu, azob beradi. [2].
  • Odamzot o‘zini judayam baxtiyor his etsa, xudbin bo‘lib qolarkan. O‘zgalarning dardini sezmas ekan. [2].
  • Odam qancha ko‘p qiziqsa, shuncha ko‘p o‘qiydi. Qancha ko‘p o‘qisa, shuncha ko‘p biladi. Qancha ko‘p bilsa, yashashi shuncha qiyin bo‘ladi.[3].
  • Pul hukmron boʻlgan joyda insof oʻladi. Bozor qancha qimmatlashsa, odam shuncha arzonlashadi!
  • Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak[4].
    • Variant: Ijodkorda qishloqning qalbi, shaharning aqli bo'lishi kerak[5].
  • Qarindoshlardan koʻra doʻstlar qadrliroq, chunki doʻstlarni oʻzimiz tanlaymiz, qarindoshlarni esa taqdir!!!
  • „Qush boʻlib osmonda uchma, toshbaqa boʻlib yerda sudralma! Daraxt boʻl. Boshing osmonda, ildizing yerda boʻlsin.“
  • Quyosh buloq suviga ham, mag‘zavaga ham baravar nur sochaveradi. Yer chuchmo‘mani ham, chaqirtikanakni ham baravar o‘stiraveradi.[3].
  • Sen birovga yaxshilik qilsang, javobini kutma. Undan qaytmasa, boshqadan qaytadi. Birov senga yomonlik qilsa javob berma. Sendan qaytmasa, boshqadan qaytadi!
  • Telbalarga ta’zim qiling! Yuzta donishmand aytolmagan haqiqatni bitta telba aytadi![3].
  • Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do‘stlik ham shunga o‘xshaydi.[3].
  • Urushda gʻolib va baxtli podshoh, gʻolib va baxtli qoʻshin, gʻolib va baxtli davlat, gʻolib va baxtli tuzum boʻlishi mumkin. Ammo, gʻolib va baxtli odam boʻlmaydi. Negaki, urush odamni odam oʻldirishga majbur qiladi. Odam oʻldirgan odam esa hech qachon baxtli boʻlmaydi!
  • Uncha-buncha narsaga hayron qolmaydigan odamdan Olim chiqadi. Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi![3].
  • Yomonlarni ehtiyot qiling! Yomon yoʻq boʻlsa, yaxshining qadri bilinmay qoladi!
  • Yuzingga bir shapaloq urishsa, san ikki shapoloq ur, yoshim bir joyga yetganda anglab yetgan haqiqatim shu boʻldi.
  • Chin yurakdan yig‘lagan odamning ko‘nglida qahr o‘rnini mehr egallarkan.[2].

Asarlari

[tahrirlash]

Manbalar

[tahrirlash]