Muhammad Jabalrudiy
Qiyofa
Muhammad Jabalrudiy | |
Vikipediyadagi maqola |
Muhammad Jabalrudiy – fors donishmandi.
A B D E F G H I J K L M N O P Q R S T U V X Y Z Oʻ Gʻ Sh Ch Ng |
Iqtiboslar
[tahrirlash]A
[tahrirlash]- Aqlli kishi dunyoning gʻam-alami va bor-yoʻgʻiga qaygʻurmaydi, ortiqcha mol topishga intilmaydi. Mol va pul uchun faqat johil kishilargina intiladilar. Takabburlik bilan tumshuqlarini koʻtarib, izzat va obroʻ topish ketidan quvadilar[1].
- Aql va farosat shunday bir gavharki, uning madadi bilan kishilarning soʻzi va feʼl-u harakatiga qarab, ularning aqli doirasini, kasbini, yaxshi xislatli yoki qabih illatli ekanini bilib olish mumkin[1].
- Aziz xalqingga doimo yaxshilik qil, qilgan yaxshiliging ulardan senga qaytadi. Hech kimsaga qasddan yomonlik qilma, kimki yomonlik qilsa, qilgan yomonligi, shubhasiz, oʻziga qaytadi[1].
B
[tahrirlash]- Bilgilki, sabrda xosiyat va manfaat koʻp. Sabr shundayki, musibat va balo ayyomida dod-faryod qilinmaydi, qovoq solinmaydi, yuz oʻzgartirilmaydi. Uning yana bir koʻrinishi shundayki, odamlar orasida bechoralikdan shikoyat qilinmaydi, toqat va chidam qoʻlini tutadi[1].
- Bir doʻstki, hech kimga bermagan azob,
Uzoq sinab koʻrdim, bilsang u kitob.
Sirni yashirmaydi oʻquvchisidan,
Xabar berar senga yozuvchisidan.
Xilvatda sen bilan boʻlib u ulfat,
Jimgina quradi yoqimli suhbat.
Hech kimdan qolishmas bilimli ahbob,
Undan soʻramasang bermaydi javob[1].
D
[tahrirlash]- Darmon qabul qilmas illatdir hasad,
Hasadchining doim gʻamidir behad![1] - Donolardan biri aytadi:
— Yomon kishilar bilan ulfat boʻlishdan qochgin. Odamning tabiati oʻgʻridir. U yaxshi kishilar bilan suhbatdosh boʻlganda yaxshi xislatlardan bahramand boʻlgani kabi, yomonlar bilan ulfat boʻlganda ham ulardan ozgina boʻlsa-da yomon xislat oʻgʻirlab oladi[1]. - Dunyoda faqat halol ye, halol ishla, haromdan topilgan mol hech kimga vafo qilmaydi[1].
- Dushman bilmasin va eshitmasin deb, yashirib yurgan siring boʻlsa, bu sirni har kimga aytma. Odam va olam bir xil turmaydi, doʻst, deb yurganing bir kuni dushmanga aylanib qolishi mumkin. Bundan tashqari qoʻlingdan kelmagan ishni qilaman, deb birovga vaʼda berma. Xayrli ishni amalga oshirishga shoshil![1]
E
[tahrirlash]- Ey aziz, arablar orasida „Baxillik olovdir“ degan maqol bor. Chunki baxillik oʻz sohibini gʻam oʻtida yondiradi[1].
- Ey aziz! Bilginki, haqiqiy suhbat odamning qalbiga qarab boʻladi, yaʼni odamning dilidan birovning diliga yoʻl ochilmaguncha ikki kishining orasida haqiqiy suhbat, muhabbat va payvandlik hosil boʻlmaydi. Shuning uchun donolar: „Dildan dilga yoʻl bor“ degan maqol toʻqishgan. Dil dilni topgandagina ular bir-birining ahvoliga tushunadi, shundagina haqiqiy suhbat, sof doʻstlik paydo boʻladi[1].
- Ey aziz, bilgilki, odamzod dunyoda qoʻlida boriga qanoat qilishi lozim. Shundagina u odamlarga tama qoʻlini choʻzmaydi. Kimki ortiqcha narsa qidirsa, mehnatlar domiga tushadi, odamlarning nazaridan qoladi. Natijada unday kishi nadomat turiga va malomat oʻqiga duchor boʻladi. Bilgilki, tama barcha balolarni keltirguvchi va jumla ofatlarni qoʻzgʻatuvchidir. Agar qushlar odamlar qoʻygan donga tama koʻzi bilan boqmaganlarida, don halqasi ularning boʻyniga tushmagan boʻlur edi. Agar inson tama kamarini beliga bogʻlamasa, xorlikning botqogʻiga botmaydi[1].
- Ey aziz, har kim nafsining ogʻzini tindirsa nafs shundagina uni sargardonlikdan tindiradi. Agar mard boʻlsang nafsing boʻynini uz, yoʻqsa balolar domiga duchor boʻlish rejasini tuz[1].
- Ey azizim, sening bu nafsing yeb tuymaydigan xasisiy narsa. Agar unga yoʻl bersang seni balolar domiga tushiradi. Unga qarshi kurashsang, uni yengishing mumkin. Yoʻqsa seni ofatlar chohiga gʻarq qilishi muqarrardir[1].
- Ey aziz! Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yoʻqdir. Kitob fasohat, balogʻatda, latofatda tengi yoʻq, munofiqlikdan xoli hamrohdir. Yolgʻizlikda va gʻamli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, soʻzlarida yolgʻon va xato boʻlmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik yetmaydi. U oʻz doʻstining dilini ogʻritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan gʻiybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar yetadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Aksincha, aksar odamlar suhbatidan kishiga zarar yetadi. Kitobdek doʻst ichida barcha ilm-u hilm mujassamdirki, u kishilarni oʻtmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi. Shuning uchun ham: „Kitob aql qal’asidir“, deganlar[1].
- Ey aziz, qoʻlingdan ketgan narsaga qaygʻurma, uni qaytarib boʻlmaydi. Mol-dunyoga quvonma, u bir umr sen bilan qolmaydi. Qaysi ishga qoʻl ursang, uning oqibatini oʻyla, boshingga qiyin ishlar tushsa, munosib tadbir qoʻllashni oʻrgan![1]
- Ey aziz, sen doimo olim va fozil kishilar bilan suhbatdosh boʻlishga intil, nodon va badniyat kishilardan qoch, ularning toifasiga qoʻshilma, soʻzlarini eshitma, hatto, kasal boʻlib qolsa ham koʻrishga borma! Sen yaxshi doʻstlar topishga urin, ular seni har doim qoʻllab-quvvatlaydilar[1].
- Ey birodar, bilginki, oʻylamasdan gapirishdan koʻngilga ozor yetadi. Jimlik va xomushlikdan esa hech kimga ozor yetmaydi[1].
- Ey birodar, tama qilmagil, tama —
Odamni xarob-u xor-u zor qilar.
Ikki ogʻiz tingla mendek nosihdan
Seni hayot ichra baxtiyor qilar![1] - Ey farzand, agar sen oʻzgalardan yaxshilik koʻray desang, faqat yaxshilik qil! Bu haqda shunday deyishgan:
Dunyoda topayin desang omonlik,
Birovga zarracha qilma yomonlik!
Demak yaxshiliging xoh katta, xoh kichik boʻlsin, uni birovlardan darigʻ tutma. Arzimagan bir yaxshilikni ham birovga ravo koʻramanmi deb oʻylanib oʻtirma! Dunyoda kim nimani eksa, oʻshani oʻradi[1]. - Ey farzand, bilgilki, munofiq va hasadgoʻy kishilar taʼsiri yaxshi odamlarni yoʻldan chiqaradi. Dono va olimlar suhbati esa kishiga boqiy umr baxsh etadi. Behuda soʻzlar aytilayotgan majlisga tushib qolsang, bunday majlisdan qoch![1]
- Ey farzand, hech qachon badgumon va egri fikrli boʻlma! Badgumonlik seni barcha doʻstlaringdan uzoqlashtiradi va yolgʻizlatib qoʻyadi[1].
- Ey farzand, nafsi ammorang kuyiga kirib, keragidan ortiqcha mol-u mulk topishga intilma, moʻzingni el-u yurt oldida sharmanda qilma![1]
- Ey oqil, baxillikni oʻzingga shior qilib, mol-pul topishning payidan boʻlma. Hasad va baxillik koʻchasidan qoch. Oʻzgalarga doimo madad qoʻlini choʻz. Hasad va rashkdan hech kim foyda koʻrmagan. Aksincha el orasida xor-u zor boʻlib, eʼtibordan chetda qolgan. Mol-mulkingni bekorga saqlama. Uni el foyda koʻradigan narsalarga sarfla. Faqat ahmoq odamlargina yuz mehnat-u alam bilan boylik toʻplaydilar. Undan na oʻzi foyda topadi-yu, na oʻzgalar manfaat koʻradi! Bunday johil kishilar koʻrib bilib turib, koʻrganlardan ibrat olishmaydi. Nafsi ammora kuyiga kirib, ranj va kulfat koʻradilar![1]
- Ey yigit! Yon-atrofingga qara, manman degan zabardast kishilar ajal sharbatini ichmoqdalar. Kuni kelib senga ham bu kosani sipqarish navbati yetadi. Shunday ekan, aziz umringni gʻaflat bilan oʻtkazsang, bundan ham ogʻirroq sharmandalik va nobakorlik boʻlmaydi![1]
- Ey oʻgʻil, bilgilki, hirs-u tama yaramas narsadir. U kishilarga xorlik va rasvolik keltiradi. Shuning uchun ham: „Xorlik tamadan keladi“ deganlar. Bunday yomon sifatdan qochmoq sarafrozlik koʻchasiga kirmoqdir[1].
- Ey oʻgʻil, hunarsiz, dangasa va ishyoqmas kishilar bilan ulfatlik qilma, ularning taʼsiri senga ham uradi, dangasalarning doimiy fikr-u oʻyi ishlamasdan katta yeyish, yaxshi kiyinishdir. Ular behuda soʻzlashni, vaqtni xush oʻtkazishni, tanini semirtirishni oʻylaydilar. Semiz kishining esa dil koʻzi bekilgan boʻladi, doimo orom topishni oʻylaydi, koʻp yeb semirishni oʻylovchi kishilarni donolar „hayvon tabiatli kishilar“ deydilar[1].
- Eng aqlli kishi shunday kishiki, davlat va martabaga erishgan paytda ham doimo kamtarlikni oʻziga shior qilib oladi va taʼzim-tavozeda boʻladi, sabr-qanoatli, parhezgar boʻladi. Badasl kishilar esa bunday kishining tamoman aksidir. Ular davlat va martabaga erishdi degunlaricha kekkaya boshlaydilar va magʻrurlik koʻchasiga kirib, hech kimni mensimay qoʻyadilar![1]
- Eng razil kishilardan biri yolgʻonchilardir. Bunday kishilar yolgʻon narsalarni naqd qilib, odamlar orasiga nifoq soladi. Birov haqida boʻlmagʻur gaplarni senga, senikini esa ularga yetkizadi[1].
H
[tahrirlash]- Har doʻstki, dilida uch xislat boʻlmas,
Kech undan, doʻstlikka aslo arzimas.
Biri vafodorlik, biri sir saqlash,
Biri – molin sendan ayamasa bas![1] - Har kim qaysar nafs kuyiga giriftor boʻlsa, barcha balolar ostida xor boʻladi[1].
- Har kimsaning boʻlsa yomon odati,
Oʻzi bilmas, takrorlanar bu odat.
Chayon toshga urar oʻtkir nishini,
Vaholanki, yetkazolmas hech zahmat![1] - Har kishi aytsa birovning aybini senga qachon,
Sendagi aybni birovga aytajaqdur begumon[1]. - Hasadchi kishi odamlarning shod va xushholligidan doimo gʻam chekadi va alam tortadi! Ha dunyoda hasad va baxillikdan koʻra yomonroq dardu alam yoʻq! Shunday ekan, bunday kishilardan uzoq yur, ularning suhbatidan qoch![1]
K
[tahrirlash]- Kitob olimlar fikrining panohgohi, dono kishilar boʻstonining chamani, oddiy kishilarning tomoshagohidir. U kimsasiz kishilarga dil ochuvchi bogʻ, koʻngli shikastalarga rahnamodir. U barcha yerda barcha bilan oshno, dardli kishilar diliga davodir[1].
- Kishi har ishga chin dilbasta boʻlgʻay,
Tikan ham qoʻlida guldasta boʻlgʻay![1] - Kishilarning oqil yoki johil ekanligi ularning soʻzidan va tutgan ishidan maʼlum boʻladi. Shuning uchun ham donolar: „Qozonda bori choʻmichga chiqadi“, – deb bejiz aytishmagan[1].
- Kishi tirik ekan, nafsi bilan kurashda magʻlub boʻlmasligi kerak. Nafs shunday dushmanki, manmanlik va qaysarlik uning shioridir. Nafs shunday takabburki, kibru havo uning hamrohidir[1].
N
[tahrirlash]- Nafsini tiymasa kishi boʻlur xor,
Nafs uni qiladi koʻcha-kuyda zor[1]. - Nafsingni oʻldirsang gʻamdan ozodsan,
Dushmaning boʻlmaydi, doimo shodsan[1]. - Nodon doʻstdan aqlli dushman yaxshi.
Joningga qasd qilgan dushmaning dono
Boʻlsa, nodon doʻstdan ming karra aʼlo!
Nodon qilgan ishning barchasi zarar,
Foydasi boʻlsa ham erur besamar![1] - „Nodon doʻstdan ziyrak dushman yaxshi“ deb bekorga aytishmagan. Agar sen birov bilan doʻst tutinmoqchi boʻlsang, oʻsha kishining vujudida uchta xislat boʻlmasa, doʻstligingga arzimaydi. Ular mana boʻlardir[1].
O
[tahrirlash]- Ochkoʻzlarning badavlat boʻlganin kim koʻribdi,
Toʻlmaguncha koʻziga tuproq aslo toʻymaydi![1]
R
[tahrirlash]- Ranj-u gʻam yuz bersa, qilma koʻp faryod,
Undan ham battari kelmasin boshga![1]
S
[tahrirlash]- Sabr – bu barcha mehnat va ogʻirlikni yengish va chidamdir. Bechora va nochor boʻlsa-da, oʻzini badavlat kishidek tutish, koʻringan kimsaga ahvoli haqida shikoyat qilavermaslik, gʻamli ayyomda ham oʻzini xandon va ochiq yuzli qilib koʻrsatishdir[1].
- Suhbatdoshning fikri oʻz suhbatdoshiga katta taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun ham donolar:
"Oʻrik oʻrikni koʻrib rang oladi" deb aytganlar[1].
X
[tahrirlash]- Xulosa shulki, nodon va johil, nopok va noasl, qallob va fosiq kishilar suhbatidan mutlaqo qoch! Ulardan uzoqlashish yoʻlini qidir! oʻz toza tabiatingni nopok kishilarning yomon xislatlariga bulgʻama![1]
Y
[tahrirlash]- Yaxshi doʻst attorga oʻxshaydi, u oʻz atiridan sizga bermasa-da, siz uning atirlari hididan bahramand boʻlaverasiz. Yomon ulfat temirchiga oʻxshaydi, uning olovi sizni kuydirmasa-da, biroq qora tuguni sizga taʼsir qilaveradi. Shuning uchun yomon ulfatdan qoching. Ularning doʻstligi ilon zaharidan ham yomonroqdir[1].
- Yaxshilarning suhbatin koʻnglingga sol,
Hech yomonning suhbatin qilma xayol!
Koʻr, qizil gulbogʻ ichin xandon qilur,
Mard kishi nomardni ham inson qilur.
Garchi sen boʻlsang agar marmar kabi,
Yaxshi birla bulgʻasen gavhar kabi![1] - Yaxshilarning suhbati shodon qilur,
Koʻr, qizil gul bogʻ ichin xandon qilur![1] - Yomon otli kishi oʻlik bilan teng,
Yaxshi oʻlsa hamki tirik el aro.
Shunday yashagingki sen oʻlsang agar,
Boshga tuproq sochib cheksinlar navo![1]
Oʻ
[tahrirlash]- Oʻzgalardan tama bilan narsa tilamoq kishini tanballikka olib keladi, izzat va obroʻni ketkizadi, oxiri kishini baxtsizlik koʻchasiga olib keladi, kishini sharmisor qilib, nazardan qoldiradi. Dangasa va pastkash kishilar bilan ulfat boʻlishning natijasi shuldir. Demak, sen qulogʻingga quyib olki, past-himmatli kishilar va xasis tabiatli odamlardan uzoqlashish yoʻlini qidir, ular bilan yaqinlik qilma, ularning taʼsiri senga uradi![1]
Manbalar
[tahrirlash]- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 1,24 1,25 1,26 1,27 1,28 1,29 1,30 1,31 1,32 1,33 1,34 1,35 1,36 1,37 1,38 1,39 1,40 1,41 1,42 1,43 1,44 1,45 1,46 1,47 1,48 1,49 1,50 1,51 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.