Kontent qismiga oʻtish

Mu’iniddin Juvayniy

Vikiiqtibosdan olingan
Mu’iniddin Juvayniy
Vikipediyadagi maqola

Mu’iniddin Juvayniy (? – 1381) – fors-tojik olimi, soʻfi, shoir va adib, „Nigoriston“ va „Ahsanu-l-Qassas“ asarlari muallifi. Uning „Nigoriston“ asarini Ulugʻbek sevib mutola qilgan.



Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Adovatga duchor boʻlmay desang mol-dunyodan qoʻl yuv, muhabbat topay desang, yaxshilik va ehson qil![1]
  • Agar obroʻyim oshsin desang amalga shunday kishini tayinlaki, u hech qachon sotqinlik qilishga jur’at etmasin![1]
  • Aqlli kishi shavkatli va moli koʻp boʻlishiga qaramay, dushman bilan ortiqcha adovat yoʻlini tutishdan parhez qiladi[1].
  • Achchiq soʻz jununlik belgisi, jununlik esa xusumat belgisi, xusumat esa adovat keltirib chiqaruvchidir. Dushmanlik mevasini beruvchi daraxtni ekishdan nima foyda?! Shunday maqol bor: „Taʼna va itob-uqubat va azob belgisi“[1].
  • Bagʻritosh doʻstni dushman hisoblash lozim[2].
  • Bilim daryosining gavhari aql,
    Oz boʻlsa ham undan yetar koʻp foyda![1]
  • Bilim kishilarni ulugʻvor qilar,
    Odamdan ketmaydi to u oʻlguncha.
    Oltin, kumush bilan kerilma zinhor,
    Bu izzat oltin-u kumush turguncha[1].
  • Bir dona dushmandan hazar qil har dam. Mingta boʻlsa agar doʻstlaring ozdir. Dushman bitta boʻlsa, koʻp-u nosozdir![1]
  • Bir hakimdan soʻradilar: „Doʻstlaringdan qaysi biri senga koʻproq yoqadi, qaysi biri esa akalik darajasiga yetib bordi, hammasidan qaysisiga muhabbating balandroq?“ Hakim shunday javob berdi: „Urishib qolsam, yarashadigani va uzr soʻrasam, kechiradigani!“[1]
  • Bir hakimdan soʻradilar: „Qanday safar eng uzoq safar?“. Javob berdi: „Sadoqatli doʻstni qidirish safari!“[1]
  • Bir hakim oʻz oʻgʻliga nasihat qilib derdi: „Har kim bilan suhbatdosh boʻlsang, unga darhol doʻstlik soʻzlarini izhor qilma. Sinalmagan kishiga ishonib boʻlmaydi. Oradan vaqtlar oʻtib, eʼtiboringga loyiq boʻlsa, doʻstlikka arzisa, unga yaqinlash va barcha ishda unga yordam qoʻlini choʻz!“[1]
  • Bir kishi bir ulugʻ odamdan soʻradi: „Aka-uka dilga yaqinmi yoki doʻst?“ U dedi: „Oʻz aka-ukam sadoqat yoʻlini tutgandagina dilimga yaqin“[1].
  • Bir kishi Mus’ab ibn Zabir oldiga kelib, Ahnaf haqida qoʻrqinchli, uydirma gʻiybat gaplarni gapirdi. Mus’ab Ahnafni chaqirtirib keldi. Unga xitoban voqeani bayon qildi. Ahnaf uydirmachi kishining yolgʻonchi va gʻiybatchiligini aytib, oʻzini oqlashga kirishdi. Mus’ab dedi: „Uning aytgan gaplariga adolat yuzasidan qaraganda ishonchga loyiqdir!“ Ahnaf unga dedi: „Agar senda ishonch va adolat boʻlganda edi, gʻiybatchining soʻziga quloq solmagan va uni uyingdan haydab chiqargan boʻlarding!“[1]
  • Bir kishi oldingga kelib, birovni gʻiybat qilsa, uni rost aytayapti deb oʻylama. Balki uni bu feʼldan qaytar. Oʻzing ham bunday soʻz va feʼldan hazar qil![1]
  • Bir ming nafs adovat oldida bir odamcha ham boʻlmas[2].
  • Birov doʻstman desa, ishonma aslo
    Uning yuragini qilmay imtihon.
    Agar doʻstlikka u boʻlsa sazovor,
    Suhbatiga fido ayla hatto jon.
    Faqirliqsa qolsa doʻstlaring agar,
    Bisotingda borin aylagin ehson![1]
  • Birovga yaxshi gap gapirolmasang,
    Zahar ham qoʻshmagil har bir soʻzingga![1]
  • Birovning aybini gapirib kishi,
    Oʻzining aybini qiladi oshkor.
    Birovni yomonlab gapirsa senga,
    Seni ham yomonlab gapirmogʻi bor![1]
  • Bir ulugʻ kishining doʻsti tunda eshik qoqib keldi. Ulugʻ kishi oʻrnidan turdi, bir xalta pul oldi, oʻtkir qilich osdi va kanizagiga sham olib birga yurishni tayinladi. Eshikni ochib doʻstiga dedi: „Sening kelishingni uch narsa taxmin qildim. Birinchi, biror hodisa yuz berib, pulga muhtoj boʻldingmi deb, pul olib chiqdim. Ikkinchi, dushman senga hujum qildimikin deb, qilich koʻtarib chiqdim. Uchinchi, biror muhim ishing chiqdimi deb, kanizagimni olib chiqdim“.
    Doʻsti undan uzr soʻradi va koʻnglida unga nisbatan doʻstlik va ishonchi yana ham oshdi[1].
  • Boyliging rohating boʻlsa ham senga,
    Fano gʻuboridan boʻladi barbod.
    Haqiqiy boylikni kirit qoʻlingga,
    Ikki kunlik narsa uchun boʻlma shod![1]
  • Boylik uchun tuzoq qoʻygan har kimsa.
    Gʻamdan boshqa narsa koʻrmadi hargiz![1]
  • Boylik oʻtkinchi narsadir. Aqlli kishi oʻtkinchi hoyu-havasga berilmaydi[1].
  • Dil boyligi va ruh ozigʻi uch narsadadir: birinchi ilmda, ikkinchi rizoda, uchinchi qanoatda[2][1].
  • Doimo parhezkor boʻlmoq va hamisha kishilar bilan maslahatlashmoq kerak[2][1].
  • Dunyo neʼmatini aylasang havas,
    Ilm, qanoatga intil har qachon.
    Bundan boshqasiga tama nodonlik,
    Boshqasini izlar kim boʻlsa nodon![1]
  • Dunyoning barcha yomonligi qulflangan bir uyga yashiringan. Uning kaliti boylikka boʻlgan hirsdir[1].
  • Dunyoparast xush liboslikning,
    Yuragida gʻamdir ummon.
    Jon rohatin izlasang agar,
    Qanoatda boʻlgandir nihon![1].
  • Dushman bilan hamsuhbat boʻlganingda ham oʻzingni undan baland tutma![2]
  • Dushmandan muruvvat kutmaganday, pastkash doʻstdan nari yurgan maʼqul[2].
  • Dushmanlardan aslo chiqmagay doʻstlik,
    Koʻlmak suvdan obi hayot chiqarmi?![1]
  • Dushmaningga dushman boʻladi doʻsting,
    Dushmaningga ul ham boʻladi agʻyor.
    Dushmaningga doʻstlik aylasa doʻsting,
    Dushmandir u akang boʻlsa ham zinhor![1]
  • Doʻst boʻlmasa yaqinlaring kechgil ulardan,
    Begonalar mehr qilsa, doʻst tut ularni[1].
  • Doʻstlarga yaxshilik yoʻlin unutma,
    Dushmanlarga insof koʻzi bilan boq![1].
  • Doʻsti bor kishilar emasdir gʻarib,
    Uyidan yuz farsang uzoq boʻlsa ham.
    Oʻz shahrida doʻstsiz boʻlganlar gʻarib,
    Boshidan arimas bir zumgina gʻam![1]
  • Doʻstlaring muhtoj boʻlsa pul ila qilgan madad,
    Dushmaning qilsa hujum tigʻ ila jonin sugʻur.
    Har qachon yodingda boʻlsin: har kishi mardman desa,
    Mardligin bilmoqchi boʻlsang mardligin maydonda koʻr[1].
  • Doʻstlarning hojatin chiqargil tezda,
    Kam oʻyla, demagin foyda yo zarar.[1].
  • Doʻstlarning gʻamini yegil doimo,
    Doʻstlar xursand boʻlsa doʻst ham xursanddir.
    Har kimsa doʻst uchun kissa band qilsa,
    Bilginki, oʻzi ham loyiqi banddir![1]
  • Doʻstsiz yashash mumkinmas, ammo hamma ham doʻstlikka arziyvermaydi[2].
  • Doʻst ulki, doimo rostni gapirar,
    Dushman esa aybing tutadi pinhon![1]
  • Doʻst uch xil boʻladi. Birinchisi ovqat kabidir, ulardan hech ajrab boʻlmaydi. Ikkinchisi doriga oʻxshaydi va ularga goh-goh ishing tushadi. Uchinchisi dardga oʻxshaydi va ulardan hech qanday yaxshilik kelmaydi[1].
  • Doʻst shundayki, suhbatingni malol olmaydi, uzoqda yursang unutmaydi, boylik va kambagʻallikda oʻzgarmaydi, hojating boʻlsa amalga oshirish uchun jon-jahdi bilan kirishadi, yaxshiligini minnat qilmaydi, biror hojati boʻlsa sendan yashirmaydi, ahvolini sir tutmaydi, senga qancha koʻp yaxshilik qilsa, uni shuncha kam deb hisoblaydi, sendan ozgina yaxshilik koʻrsa, uni koʻp deydi, barcha ishda oʻzini senga hamnafas deb his qiladi[1].
  • Egri yurmoq boʻlsa odating,
    Dilingdan hech gʻussa ketmaydi.
    Toʻgʻri boʻlgil, egri oʻq hech vaqt,
    Nishonga borib yetmaydi[1].
  • El haqida gʻofil boʻlmagin aslo,
    Chunki el qoʻlida oʻtirgan oʻzing.
    Sendan el nimani koʻrsa bir kuni,
    Qaytarib koʻradi oʻshani koʻzing![1]
  • Erkak uchun eng yaxshi libos – shirinsoʻzlik, xotin uchun eng aʼlo kiyim – ochiq yuzlik[2][1].
  • Eng yaxshi xotin shunday xotinki, u hayoli va oriyatli boʻladi. Eng muhimi, oilada toʻkin-sochinlik va barakaning sababchisi boʻladi[2][1]..
  • Gunohkor gunohin kechishdan avlo,
    Mukofot boʻlmagay jahonda aslo![1]
  • Haddidan oshirma javr-u jafoni,
    Dushmaning boʻlsada zaif, notavon.
    Mol-mulking dushmandan ortiq boʻlsa ham,
    Xorlama ortiqcha uni hech qachon[1].
  • Haqiqiy koʻz egasi shunday kishiki, oʻz feʼl va soʻziga hamisha tanbeh nazari bilan qaraydi. Dono yurak egasi shunday kishiki, dunyo saroyida yaxshi ishlar orqali malomatga qolmaydigan yaxshi nomga ega boʻlib ketadi[1].
  • Har kim dunyo uchun ursa agar chang,
    Balo changi uni aylaydi sarson.
    Har kim elga bersa boyligin agar,
    Barcha balolardan boʻladi sogʻ-omon![1]
  • Har kim gunohkor kishini kechira olsa, bu ulugʻlik nishoni va oliyhimmatlik alomatidir[2][1].
  • Har kimning nafsi aqliga xizmat qilsa, unday kishiga baxt va davlat yuzlanadi. Har kimning aqli nafsiga xizmat qilsa, baxt-u iqbol unday kishidan yuz oʻgiradi[1].
  • Har kimsa boriga qanoat qilsa,
    Ajablanma, tushmas birovga ishi.
    Yuragida kimni tama boʻlmasa,
    Hech kimsadan boʻlmas qoʻrquv, tashvishi![1]
  • Har kimsada boʻlsa Humodek himmat,
    Har illatga undan topilar davo.
    Himmatsizlar erur misoli quzgʻun,
    Undan kelur davo oʻrniga vabo![1]
  • Har kimsada boʻlsa qabih bir odat,
    Bu odatni qilar bir kuni takror.
    Chayonni koʻr toshga uradi nishin,
    Vaholanki toshga oʻtmaydi zinhor![1]
  • Har kimsada serob boʻlsa har xil doʻst.
    Biroq hammasiga ishonmoq xato.
    Yogʻochu choʻp bir xil jinsdan boʻlsa ham,
    Ud-u sandal boʻlmas tol choʻpi aslo![1].
  • Har kimsaga taʼna toshini otma,
    Garchi boʻlsa hamki qaysar yoki shum!
    Aybsiz doʻstlarni topmoq muammo,
    Ayt-chi, xatolardan kim pok-u maʼsum!
    Har kim doʻstlariga xushfeʼl boʻlmasa,
    Doʻstlik izzatidan boʻladi mahrum![1]
  • Har kim tuhmatchilar qatorida oʻtirsa, uning tuhmatchilikda ayblasalar, oʻzidan xafa boʻlsin. Har kim oʻzi sirini yashirmasa, nadomat va pushaymonlik tortadi[1].
  • Hazm qilish quvvating yetmaydigan taomni —
    Yema, jism-u joningga yetar undan koʻp nuqson!
    Gʻazab kelgan paytda oʻylamasdan soʻzlama,
    Soʻngra uzr soʻramoq boʻlmaydi senga oson![1]
  • Hech kimga ozor bera koʻrma – dunyo barchaga barobardir[2].
  • Hisob va sarf muomala uchun, uzr hamda ixlos doʻstlik va muhabbat uchundir[2][1].
  • Jahonda bor narsa – aqlga, aql esa tajribaga muhtojdir[2].
  • Jolinus hakim vafot etgach, uning xonasidan quyidagi yozuvni topibdilar: „Eng ahmoq kishi shunday kishiki, topgan yemishini toʻxtatmay ogʻziga solaveradi. Vaholanki, tabobatda oʻrtacha yeyish salomatlik garovi!“[2]
  • Kamtarlik daraxtin oʻtqazsang agar,
    Muhabbat mevasini yeysan har qachon![1]
  • Kasallikka boshlovchi koʻp moldan yetarli boʻlgan ozi yaxshi[1].
  • Kibrning libosini yechgil ustingdan,
    Bir kun qilmasin zor ila hayron![1]
  • Kimki aybsiz do‘st axtarsa – doʻsti kamayadi. Kimki doʻstini xatosi uchun itobga olsa – dushmani koʻpayadi[2].
  • Kimki oʻzini sultonga yaqin tutishga intilsa, mol-dunyosi talon-taroj xavfi ostida qoladi. Kimki undan oʻzini tortsa, shamshirining tigʻiga mubtalo boʻladi[2].
  • Kishi boʻlsa nafsi koʻyida giryon,
    Daʼvoyi doʻstligi puch ila yolgʻon![1]
  • Kishida boʻlmasa agar isteʼdod,
    Ming hiyla qil taʼlim kor qilmas aslo.
    Gumon qilma, buzoq xudo boʻlmaydi
    Butparast oltin-la bersa ham oro[1].
  • Kishining dilida hikmati boʻlsa,
    Uning oldida mol misoli sopol.
    Donish ahli zarga nazar qilmaydi,
    Beqadr oldida qadr topar mol.
    Qanoatni izla sharaf izlasang,
    Shunday yoʻl tutadir har ahli kamol[1].
  • Kishi saxiy doʻstdan saqlanganidan koʻra xasis doʻstdan asrangani yaxshidir[1].
  • Kishi oʻz yerini agʻyor bilan koʻrgandan koʻra judolik mehnatini tortgani afzal[1].
  • Kichiklar gunohini kechmoq kattalar uchun chiroyli feʼl[1].
  • Koʻrlik nodonlikdan yaxshiroqdir, chunki koʻrlik oʻz egasini chohga qulatsa, biror aʼzosini sindiradi, nodonlik esa oʻz sohibini halokatga mahkum etadi[1].
  • Mansabdor mol toʻplaydi, oqil esa – fazilat[2].
  • Mehrsiz, ginachi dushman dilini
    Toʻldirsang mumkindir sen ehtiromga.
    Ovchini koʻrgil-u ibrat ol undan,
    Don bilan qushlarni tushirar domga![1]
  • Muhabbat va doʻstlik lofini ursa ham, dushmanga ishonmoq xato, jonajonlik lofini haddan oshirsa ham soʻzlariga uchmoq jonga balo! Suv garchi oʻtga yaqinlashib, sovuqligini tashlasa ham, imkonini topsa, oʻtni butunlay oʻchiradi[1].
  • Nafski aqlga boʻysunsa agar,
    Iqbol daraxtidan meva yer kishi.
    Aqldan ziyoda boʻlsa agar nafs,
    Odamning kunba-kun ortar tashvishi[1].
  • Nodonning koʻzi bor, koʻrmaydi ammo,
    Koʻrlar bor, koʻrmaydi, lekin koʻp dono![1]
  • Nokaslarni qilma tarbiyat,
    Yaxshilikka yomonlik qilar.
    Chayonlarni parvarish qilsang,
    Nishi bilan vujuding tilar[1].
  • Obroʻyim ziyoda boʻlsin desang sen,
    Sodiq kishilarga ish buyur har doim!
    Har kimsa ishonsa oʻzbilarmonga,
    El aro sharafi ketib boʻlar kam![1]
  • Odamlarga hurmat koʻzi bilan boqmoq va rahm koʻzi bilan qaramoq aqllilik va donolik belgisidir[2].
  • Odat boʻlsa har kimga gʻiybat,
    Ishonmagin unga hech qachon.
    Yomonlasa birovni senga,
    Yomonlaydi seni ham pinhon.
    Qora koʻngil boʻlgan-chun davot,
    Ikki tili bordir begumon.
    Biri – uning qalami boʻlsa,
    Yozgan xati – ikkinchi zabon![2]
  • Oliyhimmat kishi Humo qushiga oʻxshaydi. Pasthimmat kishi esa quzgʻun kabidir, oʻlaksalar esa uning ulushi boʻladi[1].
  • Oliyhimmat va sohibdavlat shunday kishiki, yaxshi xulq va chiroyli odat bilan katta kanizni oʻz muhabbati domiga ilintiradi, doʻstlik urugʻini koʻngil yeriga ekadi, azizlar va ulugʻlar yoʻliga ibrat koʻzi bilan boqadi, qarindosh-urugʻlar haqini imkoni boricha ado qiladi, doʻstlarini qoʻlidan kelganicha hurmatlaydi, oʻlib ketgan yor-u birodarlari avlodini yaxshilik bilan taqdir etadi[1].
  • Oltin-u kumush jamgʻarishga mayl qoʻyish nafsning nuqsonidir[2].
  • Oqil bilan boʻlsang agar hamsuhbat,
    Har ishda maqsading boʻlgay muyassar[1].
  • Oqilning qoʻrs odam bilan suhbatda boʻlishi johilning aysh-ishratga mukkasidan ketishiga oʻxshaydi[2].
  • Ogʻir kunlarda yoningda turgan odamgina inʼomga sazovordir[2].
  • Ochkoʻz kishini tarbiya qilmoq oʻz obroʻyini toʻkmoqdur. Unday kishi oʻzgalarga yaxshilik qilsa, ochkoʻz yomonlik qilmay qolmaydi[1].
  • Savdogar dilidan mehr izlama,
    Har kim bilan qilar aloqa har on.
    Xush ovoz qushni koʻr, har bir lahzada
    Oʻzga gul oldida kuylar bearmon[1].
  • Sultonning xizmatida boʻlsang ham suhbatidan oʻzingni tiy[2].
  • Soʻzni hakimlardan eshit, suhbatni donolar bilan qil, savolni olimlarga ber! Hakimlar soʻzida maʼrifat jam, donolar suhbatida boylik, olimlar javobi salomatlik yoʻlidir[2].
  • Tanparvarlik boʻlsa doim xayoling,
    Qachon senga kulib boqadi iqbol?
    Gar gadosan, garchi shohning lashkari,
    Nafsing orzusini yoʻqotgil darhol.
    Dunyodan umiding bor ekan tezda,
    Havas qonin toʻkib aylagil behol.
    Qanoatni boylik deb bil oʻzingga,
    Shunda baxting kulib, topasan iqbol![1]
  • Tolei yer bilar doʻstlikni qadrin,
    Muhabbat mehrini taqib joniga![1]
  • Toʻrt narsa oʻlik dilni tiriltiradi: ustod, yaxshi doʻst, muvofiq yer va davlat-u iqbol sababchisi boʻladigan dono aql[1].
  • Umrbod judolik koʻrganim afzal,
    Seni oʻzga bilan koʻrgandan bir on[1].
  • Uch kishini uch joyda tanish mumkin. Muloyim odamni gʻazab kelganda, botir odamni jang maydonida, haqiqiy doʻstni hojat tushganda![1]
  • Uch narsa uch narsada boʻlmaydi: doʻstlik laqmada, shafqat sergʻazabda, halollik ochkoʻzda![1]
  • Uch toifa odamlar borki, ular bilan doʻst tutinishdan ehtiyot boʻlmoq kerak. Birinchisi fisq-u fasodli odamlar boʻlib, ularning himmati nafsi amorasining ostida bekilgan boʻladi. Ikkinchisi ahmoq kishilar boʻlib, boshga tushgan zararni daf qilishda ham, biror foydaga yetishishda ham ularga ishonmaslik lozim. Koʻp hollarda ularning nafi zarar, xayrli ishi esa sharoradan battar boʻlib chiqadi. Uchinchisi yolgʻonchilar boʻlib, ular bilan boʻlgan suhbat jonga azob, ulfatchiligi esa dil uyini xarob qiladi. Begona kishilarga sen haqingda yomon gaplarni yetkazishadi, ular haqida esa senga dahshatli xabarlarni keltirishadi[1].
  • Uch xislatga ega boʻlmoq oliy darajaga yetmoqdir. Birinchi, senga sitam qilgan kishini kechirmoq. Ikkinchi, senga yomonlik qilgan kishini yomonlab yurishdan tiyilmoq. Uchinchi, yomonlik qilganga yaxshilik qila bilmoq[1].
  • Yaxshilik qilishga boʻlmasa imkon,
    Yomonlik qilmagin, qaytar oʻzingga!
    Qoʻpollikni tashla, lutfingni koʻrsat,
    Musibat boqmagay nurli yuzingga![1]
  • Yaxshi nazar bilan qara har kimga,
    Libosi chiroyli yo xunuk dema![1]
  • Yaxshi xislat jahonda oliy martaba va yuksak darajaga yetkazuvchidir. Ammo bunga yetishish vositasi ilm va odob boyligidir[1].
  • Yolgʻondan ichilgan qasamning oxiri xorlikdir. Oʻlim xavfi boʻlsa ham hamisha rost soʻzlamoq kerak[1].
  • Yomondan nari yurish farz, bu qabohatning oldini oladi. Yaxshiga yondoshgan ayni muddao, bu fazilatga yoʻl ochadi[2].
  • Yoshlik onlarimda dadamdan: „Muhabbat daʼvosini qilib, aka-ukalikdan lof oʻrgan kishilarning oʻz soʻzlarida sodiq va qalban mustahkam ekanliklarini qanday bilsa boʻladi?!“ deb soʻradim. Dadam: „Oʻz baxti va hayotini senga taklif qila olishi bilan!“ deb javob berdi[1].
  • Yuragingda muhabbat boʻlsa,
    Achitib gapirma, koʻngil buzilar.
    Aksar vaqt ulangan doʻstlikning ipi,
    Taʼnadan boshlanib, soʻngra uzilar![1]
  • Oʻzing muqarrar toat-ibodat qilmaganingdan keyin boshqadan buni talab etib nima qilasan?[2]
  • Oʻz qadrini bilmagan kishi oʻzgalar qadrini bilmaydi![1]
  • Oʻz qadrini bilmagan kishi,
    Oʻzga qadrin bilmas hech qachon.
    Shakar, hanzal farqin bilmagan,
    Shakar deydi hanzal koʻrgan on!
    Zilol suvni koʻrmagan kishi,
    Maqtab ichar koʻlmakni shodon![1]

Manbalar

[tahrirlash]