Kontent qismiga oʻtish

Barxurdor ibn Mahmud

Vikiiqtibosdan olingan
Barxurdor ibn Mahmud
Vikipediyadagi maqola

Barxurdor ibn Mahmud (toʻliq ismi: Barxurdor ibn Mahmud Turkman Farohiy; XVII-XVIII asrlar) – shoir, „Mahbub ul-qulub“ (Koʻngillarning sevgani) asari muallifi.



Iqtiboslar

[tahrirlash]
  • Agar bir dilni ogʻritsang, seni ham ogʻritar kimdir,
    Ki bitta soʻzni tigʻi yuzta shamshirdan erur oʻtkir[1].
  • Agar kishi ehtirom va eʼtibor gavharini qidiruvchilardan boʻlsa, gavhar kabi yashirin boʻlsin, toki uni izlovchilar orzu gʻavvosi bilan qoʻlga kiritsinlar. Agar, aksincha, eʼtibor tamgʻasini nafs itining boʻynidan olib, gadolar kabi, qoʻlini ochib, oʻtkinchilarga tamaʼ koʻzi bilan boqadigan boʻlsa, tegarmondek sargardon aylanib, qorin toʻydirish payida boʻlsa, yaxshisi obroʻ tilashni bir chekkaga yigishtirib, tilanchilik qilgani maʼqul[1].
  • Agar odam ilm va hunar tahsili bilan ulugʻ kishilarning hunarini oʻrgansa, vujud matosining qadri hayot doʻkonida aʼlo darajaga yetib, topish-tutishi ham koʻproq boʻladi[1].
  • Agar odam uchun hunar daraxtining mevasiga ehtiyoj boʻlmasa ham, biroq bir kuni hunar uning hayotini saqlab qolishda asosiy vosita boʻlib qolishi mumkin. Shuning uchun ham otalar oʻz farzandlarining isteʼdod uyini qobiliyat mulki bilan bezashga bor kuchlari bilan harakat qilsinlar[1].
  • Agar ona yangi tugʻilgan bolaga sut berishda uzrli boʻlmasa, oʻzi sut bergani maʼqul. Chunki onaning suti boshqalarning sutiga nisbatan hazmliroq boʻladi. Sut berganda ham har ikki koʻkrakdan sut berish lozim. Biri non oʻrnida boʻlsa, biri suv oʻrnida boʻladi. Agar ona sut berishda uzrli boʻlsa, doya qabul qilmoq kerak. Ammo xunuk, tentak va aybli doyalardan saqlanmoq kerak, yaʼni sut beruvchi doya har qanday nuqsonlardan xoli boʻlsin. Chunki sut bolaga katta taʼsir koʻrsatadi. Bolani emizish muddati ikki yil boʻladi. Ammo yigirma bir oyni ham joiz topganlar. Bolani yetti yoshgacha erkin qoʻyiladi. Yetti yoshdan esa ilmu odob va oliy fanlarni oʻrganishga targʻib qilmoq lozim. Bolalarni yomon, bilimsiz kishilar bilan hamsuhbat boʻlishlariga yoʻl qoʻymaslik darkor. Chunki ular nimani koʻrsalar va kimga ergashsalar, oʻsha narsalarga tezda koʻnikib qolishadi. Agar shu hol roʻy bersa, undan soʻng Luqmon va Aflotunning mingta pandu-nasihati bilan ham ularning koʻnglidan oʻrgangan narsalarni chiqarib boʻlmaydi[1].
 * Ahboblar bilan oʻzaro shafqatda boʻlish va doʻstlar bilan muvofiqlik va madoro yoʻlini tutish yaxshilikni keltirib chiqaruvchi sababdir va bu bilan doʻstlar muhabbati kundan-kunga ziyoda boʻladi va xusumat gʻubori dushmanlarning xotira oynasidan mahv boʻladi. Gʻofil kishi biror dilni jarohalash uchun qasd xanjarini koʻtarsa, omonlik jigari intiqomning anvoi oʻqiga nishon boʻladi. Har qanday noahil kishi xalal va nuqson tikanini yalangoyoq kishilarning oyogʻi ostiga tashlasa, iqbolining tarovatli oynasi chilparchin boʻladi[1].
  • „Ahyo“ va „Kimyo“ kitoblarida farzand haqida quyidagi gaplar bitilgan: „Farzand ota-ona qoʻlidagi omonatdir, uning dili esa nafis gavharga oʻxshaydi. Gavharga har xil naqshlar solish mumkin boʻlgani kabi, bola diliga ham turli fikrlar naqshini solish mumkin. Bola toza yer kabidir, unga qanday urugʻ sepsang, oʻsha urugʻ unadi. Shuning uchun ota-ona va muallim bu ishda oʻzaro hamkor boʻlib; uning diliga yaxshilik urugʻinigina sepmoqlari lozim“[1].
  • Aqlli kishi shunday kishiki, pokizalik va sadoqat anhorining suvi bilan egrilik va qingʻirlik olovini oʻchiradi. Chunki xato yoʻl tutuvchi va egri oʻylovchi kishilar kattakichikning eʼtiboridan va yoshu qarining nazaridan qoladi. Obroʻyining ogʻzi dillardagi muhabbat neʼmatining lazzatidan bebahra, labi esa maqsad hamda hayot shodligining zilol suviga tashna boʻladi[1].
  • Aql va fahm xonining sohibalari va axloq dastur-xonining lazzatshunoslari shunday aytadilarki, agar ikki rafiq xon yoki dasturxon ustida sherik boʻlsalar, odamiyat va insoniyat odobining taqozosiga koʻra, ovqatga bir-birovidan avval qoʻl uzatishga shoshilmasligi va bir-biriga taklif va iltifot yuzasidan yoʻl tutsinlar. Monandi it va toʻngʻiz hamda boshqa hayvonlar kabi oʻzini ovqatga otmasliklari kerak. Kimki yosh jihatidan kichik boʻlsa, yoshi kattarogʻi ovqatga qoʻl uzatmaguncha sabr qilmogi lozimki, bu zarur axloq qoidalaridan hisoblanadi[1].
  • Aql va hushyorlik qabilasining sarkardasi, ravnaq va najot mayxonasining sof mayidan ichuvchisi shunday kishiki, mehr-u muhabbat asali bilan umumxalqning rohat ogʻzini shirin qiladi[1].
  • Arjumandlik bayrogʻini koʻtaruvchilar va sarbalandlik nogʻorasini chaluvchilar shunday kishilarki, ular xalqning tinchligini va osoyishtaligini oʻylaydilar va kecha-kunduz shu haqda fikr qiladilar, barcha kishilarni oʻz aka-ukalaridek koʻradilar, birovning dil shishasini gʻazab toshi bilan sindirmaydilar, adovat va jafo tikanini bechoralik sahrosida yurgan yalangoyoqlar oyogʻi ostiga tashlamaydilar[1].
  • Asorat aylagay zeru-zabar tinchlik asosini,
    Vale bechoralar ohi zulmni qilgusi barbod![1]
  • Axloq neʼmatining lazzatidan bahrador boʻlgan kishilar aytadilarki, chaqirmagan joyga qorin toʻydirish maqsadida bormoq, shunday qudratli seldirki, bu sel obroʻ va izzat asosini va tomirini butunlay qoʻporib tashlaydi. Yoki u shunday bir shuʼladirki, uning zavol qiluvchi yashini izzat va hurmat xirmonini yondirib yuboradi[1].
  • Donishmandlar soʻzni javohirga, odamni esa konga tashbih qiladilar[1].
  • Ey aziz farzand, bilginki, kishi oʻz tiliga doimo ehtiyot boʻlmogʻi, har bir gapni oʻylab, soʻng gapirmogʻi lozim. Kishi qayerda boʻlmasin va qachon boʻlmasin tilini yomon soʻzdan asrasa, oʻylab, mulohaza bilan gapirsa, doimo foyda topadi. Aytilgan soʻz otilgan oʻq, uni qaytarib boʻlmaydi. Koʻp soʻzda koʻp xato boʻladi, deydilar. Koʻp kishi tili tufayli oʻzini balo domiga mubtalo qiladi. Siynaga qadalgan nayzani chiqarib olsa boʻladi, ammo dilga qadalgan soʻz zahrini chiqarib boʻlmaydi. Soʻzni oʻylab gapirmoq va tilni yomon soʻzdan asramoq haqida hikoyatlar koʻpdir[1].
  • Ey farzand, dunyoda omon boʻlay desang, sergap boʻlma, zarurat tugʻilsa gapir, boʻlmasa jimlikni ixtiyor qil. Eng yoqimli xislat va chiroyli sanʼat tilni saqlay bilishdir[1].
  • Ey oʻgʻil, sen harvaqt gapirmoqchi boʻlsang, avvalo gapingni yaxshilab oʻyla, soʻng gapir. Zarurat paydo boʻlgandagina gapirishga odatlan. Boʻlmasa jim oʻtir! Koʻp oʻylab, oz soʻzlashda hikmat katta[1].
  • Egri uchun davlat sari yoʻl yoʻqdir,
    Egri oʻq ham borib tegmas nishonga![1]
  • Farzand boʻlsa agar noahil, badkor,
    Hosilsiz daraxtlar besamar, bebor![1]
  • Farzand erur davlat bogʻiga nihol,
    Undan kulib boqar baxt ila iqbol.
    Qoldirsa agar u yaxshi degan nom,
    El ichra obroʻyi oshar batamom.
    Farzand boʻlsa hamki xurshidi tobon,
    Bezori boʻlsa u, yuz bur oʻsha on.
    Odamlik yoʻlidan yursa gar uzoq,
    Mehru muhabbatga loyiqmas mutloq.
    Xato yoʻldan yurib, qilmay oriyat,
    Avlod-ajdodingga keltirar uyat.
    Noqobil farzanddan ota qalbi zor,
    Undan begonalar yaxshidir zinhor![1]
  • Farzandlar ota-onaga itoat etib, har bir fursatni ularning rizoligisiz oʻtkazmasliklari lozimdir. Har bir saodatli va aziz farzand ota-ona kayfiyatini rozilik belgisi bilan xandon qiladi, ota-ona xursandchiligini oʻziga keladigan yaxshilikning debochasi deb biladi. Najot eshigining kaliti va saodat gulzorining nasimi ota-ona tufayli hosil boʻladi. Farzand oʻstirishdan muddao shulki, ular imkoni boricha ota-ona xizmatini qilsinlar va hech qachon ularga uyat va sharmandalik keltirmasinlarki, uyat va sharmandalik ota-onaning farzandga boʻlgan mehr-u muhabbat oynasini xiralashtiradi. Bunday yomon farzanddan begona yaxshiroq deb hisoblaydilar[1].
  • Hakimlar behunar kishini, „qanotsiz qush“ deb ataganlar. Yaʼni qushning parvozi uchun qanot boʻlishi shart. Hunar ham barcha ishlarda kishi uchun zarurdir. Qudratli podsholar va shon-shavkatli ulugʻ kishilar ham, mol-u neʼmatlari yer kurrasini qoplaydigan darajada koʻp boʻlsa ham, oʻz farzandlarini kasb-u kamol va qobiliyatga targʻib qiladilar. Demak, oddiy xalq hunar oʻrganishi oʻz farovonligining va maishatining asosiy sharti, deb bilishlari zarur[1].
  • Haqiqatan ham, hunar mehribon doʻst, shafqatli yer va fayz yetkazuvchi bir chopogʻon otdirki, u oʻz chavandozini tezgina rohat va eʼtibor manziliga yetkizadi va shunday himoyachidirki, oʻz sohibini tamaʼ olovidan qutqarib, omonda saqlaydi[1].
  • Haqiqiy farzand har bir sohada oʻz otasining hukmiga tobe boʻladi[1].
  • Har bir aql egasi sharm-u hayo yoʻlida mustahkam turishni oʻz hayoti ravnaqining sababi qilib olsa, zamonaning kattakichigi uning huzuriga va suhbatiga xaridor boʻladilar, odamlarning muhabbati unga nisbatan kundan-kunga oshaveradi, hurmat niholi esa doʻstlar bahorining tarbiyasi bilan maqbullik bogʻida nashʼu namo topaveradi. Ehtirom bogʻining gullari hamisha koʻz shamolining zararidan tanazzulga yuz tutmaydi[1].
  • Har kim xiyonat va egrilik urugʻini hayo dalasiga eksa, undan omonlik hosili chiqmasligi muqarrardir[1].
  • Hayo sohiblari izzatda boʻlgay doimo xurram,
    Hayosiz boʻlsa har kim kuni qolgay nadomatga![1]
  • Hikmat arboblarining aytishlaricha, kishining vujud guli odob rangi va hididan xoli boʻlsa, u kishi odamlar nazarida tikandek xor-u beqadr boʻladi, xalq koʻngli u bilan suhbatlashishdan qoladi hamda begona-oshnolar undan yuz oʻgiradilar. Uning ahvoli sahifasiga nafrat qalami bilan uzoqlik va begonalik belgisini qoʻyadilar. Shuning uchun besharm va odobsiz kishilar davronning dakkisi va tanbihidan oʻzlarining ozodlik qanotlarini singan holda koʻradilar va ularning mehr-u muhabbati hech kimning diliga hech qachon oʻtirmaydi[1].
  • Hirs va tamaʼ — dunyoga boʻlgan muhabbat va nafs-u niyatning mahsuli hamda egrilik va xiyonatning mulozimi[1].
  • Hunar bilan hayot nahlin egallaganlarga,
    Saodat xazinasi kaliti muyassardir[1].
  • Hunar sahifasiga raqam chekuvchilar hujasta siyratli har bir yurt-mamlakatdan qizil tilla singari moʻtabar shirin soʻzli katta va kichikning rahmatiga muyassar boʻladilar. Agar kishining qoʻl ostida qobiliyatning toza oltinidan bir diram boʻlsa ogarchilik paytlarida ham uning koʻzi tamaʼ changi bilan bulgʻanmaydi va roʻzgor sandigʻi boylikning kumush-oltinidan xoli boʻlmaydi[1].
  • Insoniyatning yetkazadigan foydalaridan va odamiylik dastgohini zebu ziynat bilan bezatib turadigan yoqimli sifatlaridan biri bu ziyofat va doʻst-u birodarlarga mehribonlik koʻrsatishdir[1].
  • Insoniyat odobining va odamiylik asosining ulugʻ qasri ustunlaridan biri soʻzlash va nutqning qimmatbaho gavharini muloyimlik va odob parmasi bilan teshmoqdir. Axloq arkining yuqorisida oʻtiruvchilarning aytishicha, insonning kamoloti va bilimning baland martabalaridan biri chiroyli gapirish va chiroyli soʻzlash boʻlib, bu bogʻning guli aql bahoristonining nasimi bilan ochyladi va saodatning yerqin javohir dasturxonini aql savdogarigina yoza oladi. Yoqimli va qimmatbaho soʻzlari donolik va iqbol arbobining toji boʻlgan yunon hakimlarining aytishlaricha, til har bir aql sohibi fazilati xazinasining kalitidir va har kimsaning bilimi miqdori uning soʻzlari orqali maʼlum boʻladi:
    Har kishi gapirmay turgani zamon,
    Ayb ila hunari boʻladi nihon![1]
  • Kishining boshiga nima kelsa, tilidan keladi.
    Toʻti saqlayolsa edi tilini,
    Qafas xijil qilmas edi dilini![1]
  • Maqsad varagʻiga soʻz sherozadir,
    Undan hollar maʼlum va ovozadir.
    Soʻz agar boʻlmasa bizga hamogʻush,
    Aql tili doim boʻlardi xomush![1]
  • Mevalarni yeyishdan avval yuvish kerak. Chunki koʻp jonivorlar mevalarning ustiga oʻtirgan boʻladi. Ayniqsa uzumni shunday qilish koʻproq taʼkidlanadi. Yuvib yemaslik baʼzida oʻlimgacha olib keladi. Ovqatdan keyin qoʻl va panjalarni yuvib tozalamoq zarurdir. Ogʻizni va qoʻlni ashnon bilan yuvilsa, uni xushboʻy va muloyim qiladi va panjalarda quvvat paydo qiladi. Uy egasining qoidasi shundayki, u ovqatdan avval qoʻlini yuvib, ovqatdan soʻng eng oxirda yuvadi. Oʻtirishlarda qoʻl yuvishni choʻzmaslik va boshqalarni muntazir qilib qoʻymaslik zarur. Suvdan tezda qoʻl tortmoqlik kerak, toki boshqalarga navbat tezroq yetadi. Qoʻlni libosga artmaslik kerak. Bu tamizsizlik alomatidir. Agar dastroʻmol boʻlmasa, qoʻlni yuzga yoki soqolga surtmoqlik kerak[1].
  • Maxfiy qolmasinkim, parhezgarlik varaqalarini ushlab turuvchi sherozaning tayanchi bu uylanish va pokiza ayollarga sovchi qoʻyishdir. Uylanish va pokiza ayollarga muhabbat qoʻyish odamning koʻngil chirogʻini ravshan boʻlishiga va kishilarning hayotdan bahra topishiga, tanosil aʼzolarining salomatligiga sabab boʻladi![1]
  • Odamlar odob tutiyosini tashqi va ichki dunyo axloq koʻzining ravshanligini oshiruvchi sabab, deb bilganlar va bu qimmatli oq yoʻlning otligʻi boʻlmay turib izzat va hurmat martabasining idrok kaʼbasiga etmaganlar[1].
  • Odamning barakali va badavlat boʻlishi uchun kasb-u hunardan qimmatroq mato yoʻq va ulugʻlik hamda saodat osmoni uchun esa qobiliyatdan yorqinroq yulduz yoʻqdir. Hunar suvi bilan sugʻorilmagan kishi goʻyoki meva va soyasi yoʻq quruq daraxtga oʻxshaydi. Yoki hid va rangdan xoli gulga monanddir. Darhaqiqat, bu firdavsmonand gulshanning rayhonlari hididan dimogʻini muattar qilgan kishi xilma-xil kamyob lazzatli neʼmatlardan bahramand boʻladi. Bu neʼmatning yoqimli mayidan bir jurʼa totmagan kishi doimo baxtsizlik va ojizlik bilan ogʻrib, xumor boʻlib yuradi. Koʻp azob va uqubatlar yukini yelkasida koʻtarib yurishga majbur boʻladi. Bilim va haqiqat bogʻining bogʻbonlari kasb-u hunarsiz kishilarni jamiyatning razil va pastkash kishilari, deb hisoblaganlar. Kasb-u kamolsiz kishining muhabbati hech bir dildan joy topmaydi va hech kim kasb-u hunarsiz kishiga yordam qoʻlini choʻzmaydi[1].
  • Odob bir bulutki, uning bir tomchi yomgʻiri yaxshi kishilarning amal ekinzoriga yogʻsa, umid polizini abadiy koʻkalamzorga aylantiradi va yaxshi nom hosilidan foyda xirmonini barpo qiladi[1].
  • Odob debochadur inson uchun izzat kitobiga, Boʻlar, har kim odobsizdur, nishon tiri malomatga[1].
  • Odob – ulugʻlik va yuksaklik qasrining narvoni, bu narvon orqali barcha maqsad va manzilga yetish mumkin. Sharm gulzoridan esa barcha muddao gulini dastalash mumkin. Latif sirlarning haqiqatini anglovchilar va har qanday ramz maʼnosini tadqiq qiluvchilar aytadilarki, odamiylik risolasining darslarini oʻqishga azm qilib, baxtiyorlik koʻchasiga qadam qoʻyuvchi har bir insonga, avvalo, sharm-u odob qoidasini yod qilmoq shartdir. Toki baxt muallimining yoʻllanmasi bilan hayot qonunining ilmini idrok qilishda bilimli va usta boʻla olsinki, haqiqatan ham, insoniyat uchun odob ajoyib toj va odamiylik bezagi uchun qimmatbaho gavhardir[1].
  • Odob shunday tojki – poku begʻubor,
    Boshingga qoʻyginu qayga borsang bor![1].
  • Odob shunday uzukki, agar u har kimsaning tasarruf barmogʻiga muvofiq kelsa, uning ulugʻlikoti hamma maʼrakalarda javlon qiladi[1].
  • Ogohlik va shuur neʼmatining lazzatshunoslaridan ushbu soʻz qolganki, nutq va bayn, xayol va tabiat dengizi gavharining gʻavvosi boʻlib, har bir sohibi hunar hamda behunarning holi u bilan tadqiq qilinadi. Oqil kishilar aqlni amirga, farosatni vazirga va nutqni sipohga oʻxshatadilar. Chunki har nimaiki aql xotirasiga kelsa farosat uni tasdiq qiladi. Nutq esa uni ijro qilishga kirishadi. Agar soʻzdek xabarchi boʻlmaganda, dilxasta oshiqlarning yuragidagi rozini maʼshuq qulogiga nima yetkazgan boʻlardi?![1]
  • Oliy niyatli kishi shunday boʻladiki, rostlik va doʻstlik qoidasini haqiqatparastlikning birinchi bobi deb bilib, to imkoni boricha shu yoʻldan yurishga harakat qiladi va har bir ishda sadoqat va doʻstlikni hamda vijdonni saodat xazinasining kaliti, deb biladi[1].
  • Otalarning oʻz farzandlariga nisbatan boʻlgan muhabbat kasri asoslaridan biri – butun kuch va quvvatlarini farzandlarini farosat, kamolot bilan bezatib, ularning vujudini kasb-u hunar libosi bilan kiyintirmoqlaridan iboratdir[1].
  • Ota-onaga itoat etish bilan birga ularga chin dildan ishonish va barcha sohada sirdosh, deb fahmlash ham lozim. Chunki bolalarga nisbatan ota-ona koʻpni koʻrgan, aql va tajriba hosil qilgan va yaxshi-yomon yoʻlni bilgan boʻladi. Shuning uchun ota-ona bolalarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib, nasihat va maslahatlar berishi, bolalar esa unga amal qilishlari kerak[1]. Ota-onaning soʻzlariga ishonmagan, ulardan oʻzini aqlli va ishbilarmon deb hisoblagan bolalar koʻpgina qiyinchiliklar va har xil ofatlarga duchor boʻladilar. Chunki ishonchsizlik odamda aldov va yolgʻonchilikni tugʻdiradi, yolgʻonchilik esa barcha qabihlikni yuzaga chiqaradi. Birovga yolgʻon gapirish eng buyuk ayb boʻlishi bilan birga ota-onani aldash eng yaramas odatdir. Ota-onani gʻaflatda qoldirish, har bir ishning haqiqatidan bexabarlik ota-ona uchun zoʻr uqubat va haqoratdir. Bolalar qiyin ahvol va ogʻir kulfatga duchor boʻlganlarida oʻz ota-onalarini bundan ogoh qilsalar, ota-ona oʻzining aqli, tajribasi bilan bu qiyin holatdan chiqish yoʻlini koʻrsatib beradilar. Hayotda xoh kichik boʻlsin, xoh katta boʻlsin, biror bolaga qarab: „Buni ota-onangdan yashir, ularga aytma“ desa, u doʻst emas, balki dushmandir. Bunday odamni koʻrgan bola dushman sifatida undan qochib ketishni oʻylashi kerak. Soʻzning qisqasi shuki, har bir farzand ota-onasini oʻz ahvolidan, qilayotgan gapidan voqif qilish bilan birga ularning pand-u nasihatlariga quloq solishi va amal qilishi zarur. Ularning yaxshi ishlaridan ibrat olishi, tajribalaridan hayotda foydalanishi kerak. Har bir bola biror tasodif tufayli xatoga yoʻl qoʻysa, darhol bu xatoni toʻgʻrilashga kirishishi, butun kuch-qudratini ishga solib, oʻzini oqlashga, ikkinchi marta bunday ishga qoʻl urmaslik uchun jon-jahdi bilan kurashishi lozim. Farzand ota-onaning baxti va quvonchi boʻlishiga qaramay, agar u ota-ona rizoligidan tashqari ish tutsa, unday berahm farzanddan aqlli begona yaxshidir[1].
  • Qadr va ulugʻlik choʻqqisining arzanda gavharini qidiruvchilar, eʼtibor va rohatning yoqimli maʼshugʻi visolini izlovchilar uchun lozim, balki zarurki, faqat maqsad manzili tomon yeta oladigan yoʻldan yursinlar va xotir boʻstoniga shunday daraxt eksinlarki, to uning mevasidan va soyasidan bemalol foydalana olsinlar![1]
  • Quyosh kabi chehrasi tulib tobon boʻlsa ham,
    Egrilikdan hilolning qadri doim past erur![1]
  • Parhezgarlik boʻstonining gullari hididan farosat burni bilan hidlay oladigan har bir kishi tugʻyon va yomonlik manzillarining eng avvali boʻlgan hirs va tamaʼning tikonzor dalasiga azm etishni aslo ixtiyor qilmasin! Oʻz uyining maʼmur va molining serob boʻlishi uchun iblis firibiga uchib, birovlarning maishat qasrini xarob etishga urinmasin![1]
  • Saodatmand aql egalari farzandlarni xuddi kishi aʼzosiga oʻxshatadilar. Har bir aʼzo oʻz egasiga qanchalik ish beradigan boʻlsa, oʻsha aʼzoni boshqalariga nisbatan koʻproq eʼzozlaydilar. Farzand qanchalik aziz va mukarram boʻlmasin, agar u odob ziynatidan benasib boʻlsa, koʻrish quvvatidan xoli koʻzga oʻxshaydi[1].
  • Saodat mulkining yoʻlida doim bexatar yurgay,
    Odobning hassasi boʻlsa kishining qoʻlida har dam![1]
  • Shirin soʻzning nasimi maqsad kemasini murod sohiliga yetkazadi. Notoʻgʻri, qoʻpol soʻzning chaqmogʻi esa bir onda soʻzlovchining farovonlik xirmonini yondiradi[1].
  • Sofdillik, xushxulqlik boʻlar hammasi.
    Bilginki, odobning bergan mevasi![1]
  • Soʻzlash yoʻli notekis va xavfli boʻlib, koʻp xatarlarga ega va oʻdlamay, fikr qilmay labni hech bir soʻzni izhor qilishga ochmaslik kerakki, oʻylamay aytilgan soʻz koʻp boshlarni fano chavgonining goʻyiga aylantirgan, jon xazinasini zavollik va nuqson qimoriga yutqazgan. Soʻzlashda bir necha qoida boʻlib, ularning har biriga rioya qilmoq lozim. Birinchisi shuki, besabab va bemavridlik kaliti bilan takallum qulfini ochmaslik lozimki, soʻz gavhari toʻgʻri va aniq boʻlsa-da, bevaqt va bemahal aytilsa, idrok bozorining gavharshunoslari va qoida biluvchilari nazarida eʼtibordan chetda qoladi va hech kim uni eshitishga ragʻbat qilmaydi[1].
  • Rostlik shunday zarki, u oʻzining mukammalligi va benuqsonligi bilan kishining ulugʻlik va eʼtibor bozorining ravnaq topishiga sabab boʻladi. Agar har kimsaning tasarruf chuntagida undan bir dinorgina boʻlsa, obroʻyi va mustahkamligi silsilasining sherozasi hech qanday nuqsonning taʼsiridan parchalanmaydi. Qadri va ehtirosining bahoristoni hech qanday uyat va hijolatlikning sariq xazonidan zavolga yuz tutmaydi![1]
  • Toʻgʻri boʻlib, el koʻngliga yoqa olsang agarda,
    Egri boʻlib nazarlardan qolib ketmoq ne uchun?!
  • Yaxshiga qoʻshilgan kishilar yaxshilik tomonga yuradilar, shuning uchun sen olim, fozil, dono va bilimdon kishilar bilan hamsuhbat boʻl, ularning suhbati kishining dil oynasidan hirs, tamaʼ va baxillik gʻuborini supurib tashlaydi[1].
  • Yaxshi hayot va uzoq yashash uchun xalqning duosi va shodligidan koʻra yaxshiroq posbon va qoʻriqlovchi yoʻq[1].
  • Yaxshi ishlar dengizining gʻavvoslari shunday kishilar boʻladiki, yaxshi ishlar javohirini husn-u xulq rishtasiga terib, shirinzabonlik shakarini kattakichik oshnolaridan darigʻ tutmaydi va xuddi obi-hayot kabi barcha mijozlariga tinchlik va halovat baxsh etadi. Qoʻpollik va tundlik nishi bilan hech kimning rohat siynasini majruh qilmaydi![1]
  • Yeb-ichish qoidalaridan biri shuki, xon yoki dasturxon atrofiga oʻtirishdan avval, qoʻlni yuvmoq kerak.
  • Yigitni balogʻat yoshiga yetishi bilan uylantirib qoʻymoq zarur. Shunda u zino qilish payiga tushmaydi, odamlarning nomusli qiz-juvonlariga yomon nazar bilan qaramaydi[1].
  • Shirinsoʻzlik va muloyimlik baloni qaytarishga qodir[1].
  • Shunday odamlar borki, muhabbat boʻstonini oralab, uylanishga qadam qoʻymaydilar va bu fayz bogʻining gulzoridan gullar termaydilar, doimo gʻam uyida oʻzlari yakka-yu tanho oʻtiradilar. Baʼzi bir kaltabin va aqlsiz kishilar esa pul kam, deb yoki ayolni eplab boqish gʻamidan qoʻrqib zebo va baxtiyor ayollar visolidan yuz oʻgiradilar. Ammo maʼlumki, uylanish yoʻlida va uning sarf-u xarji yoʻlida, qancha narsa ishlatmasinlar, boʻlarning bari keyinchalik oʻz oʻrniga tushib ketadi. Ammo bu yoʻlni bosib oʻtishda quyidagilarga amal qilmoq kerak: shunday qizga sovchi qoʻymoq kerakki, bu qizning chehrasi ochiq, yuzidan olijanoblik va iffat namoyon boʻlsin, poklik va pokizalik pardasi orqasida tarbiyalangan va chiroyli ish va odatlarga oʻrgangan boʻlsin! Bunday qiz eng yaxshi hadya boʻlib, yoshlik va hayot dasturxonining lazzatini ziyoda boʻlishiga olib keladi[1].
  • Shuni anglamoq kerakki, ota uchun farzanddan koʻra yaqinroq kimsa yoʻq va otaning farzandga boʻlgan muhabbatining qanchalik yuksakligini bayon qilish qiyin! Lekin shunga qaramay, farzand otaga nisbatan ozgina beodoblik qilsa, farzand muhabbati ota nazarida pastlaydi va unga jazo va tanbeh berishga kirishadi. Agar ota bilan farzand oʻrtasidagi ahvol shu ekan, bir-biriga aloqasi va yaqinligi boʻlmagan kishilar orasida beadablik yuz bersa, qanday noxushlik boʻladi[1].

Manbalar

[tahrirlash]